Paxta qabul qilishdagi nizoli holatlar adolatli hal etilyaptimi?

15:31 28 Sentyabr 2021 Iqtisodiyot
897 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan 2021-yilda yetishtirilgan paxta hosilini sifatli qabul qilish va topshiruvchi hamda qabul qiluvchilar oʻrtasida yuzaga keladigan nizoli holatlarni adolatli hal etish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xusucan, Hukumatning 2021-yil 30-avgustdagi “Joriy yilgi paxta hosilini uyushqoqlik bilan nes-nobud qilmasdan oʻz vaqtida va sifatli yigʻib-terib olish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan vazifalar toʻgʻrisida”gi 153-sonli yigʻilish bayoni hamda 2021-yil 8-sentyabrdagi 03-/1-140-sonli topshirigʻi ijrosini taʼminlash maqsadida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi paxta toʻqimachilik klasterlariga tegishli 371 ta tayyorlov maskanlarida paxta xom-ashyosini qabul qilishda nizoli holatlarni adolatli hal etish uchun “Oʻzagroinspeksiya”ning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyat boshqarmalari hamda tuman boʻlimlarida “Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mutaxassislarini jalb qilgan holda 13 ta viloyat va 134 ta tumanlarda Arbitraj guruhlari tashkil etildi.

“Oʻzagroinspeksiya”ning Matbuot xizmati xabariga koʻra, joriy yilning 27-sentyabr holatiga koʻra, tayyorlov maskanlarida qabul qilinayotgan paxta xom-ashyosining namligi va iflosligini aniqlash yuzasidan Arbitraj guruhlariga 356 ta murojaat kelib tushgan, shundan 249 ta (69,9 foiz) holat fermer xoʻjaliklari foydasiga, 107 ta (30,1 foiz) holat tayyorlov korxonalari foydasiga hal etilgan.

Jumladan, Namangan viloyatida 115 ta, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida 40-57 tadan, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida 20-21 tadan, Samarqand va Navoiy viloyatlarida 4-17, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo va Andijon viloyatlarida 13-14 tadan nizoli holatlarning barchasini yechimi topilib, hal etilgan.

Tadbirkorlik subyektlarining murojaatlariga asosan Arbitraj guruhlari tomonidan nizoli holatlarni hal etish natijalari boʻyicha dalolatnomalar rasmiylashtirib borilmoqda.

Bu yilgi yetishtirilgan paxta hosilini sifatli qabul qilinishi “Oʻzagroinspeksiya” tomonidan muntazam nazorat etilishi natijasida, joriy yilning 27-sentyabr holatiga respublikada tayyorlangan paxta xom-ashyosining 90,2 foizi 1-navga, 9,7 foizi 2-navga, 0,1 foizi 3-navlarga qabul qilingan.

“Oʻzagroinspeksiya” va uning hududlardagi boshqarma hamda boʻlimlari tomonidan fermer xoʻjaliklari, paxta toʻqimachilik klasterlarida yetishtirilgan paxta xom-ashyosini yuqori navlarga topshirish orqali qoʻshimcha daromad manbaini yaratish hamda paxta xom-ashyosini sifatli qabul qilib va uni qayta ishlash orqali raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish mumkinligi yuzasidan tushuntirishlar va kerakli tavsiyalar berib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?