Oʻzingning doning beminnat noning
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Momolarimiz nonni behishtning neʼmati deyishadi. Rivoyat sanasak-da, nonga, hatto tandirga ham ehtiromimiz ulugʻ. Qanchalik yozmaylik yoki rang-barang tasvirlarda suratga olmaylik – nonning taʼmini ifodalashimiz mushkul. Lekin u bilan bogʻliq xotiralar bir umr esdan chiqmaydi. Ishonmasangiz, oʻtgan asrni qaritgan “Shuhrat ” medali sohibasi Hamro momo Muslimovaning xotiralarini eslang! Momo bir yuz ikki bor bugʻdoy pishigʻi bilan yuzlashgan. Ilk tishlam nonidan tortib, qurgʻoqchilik, qahatchilik, qimmatchilik va ocharchilik, qoʻyingchi bari-barisi xuddi kechagidek yodida. Hamqishloqlari yetishtirgan tramoyi bugʻdoy nonini koʻksiga bosgancha olis yillarning non bilan bogʻliq uqubatli kunlarini xotirlaydi.
— Oʻroqdan soʻng, bolalar oʻntagina mashoq terib kelishdi, — deya xotirlaydi Hamro momo. — Esim ketmasa, toʻrvani daraxtga ilib qoʻyamanmi? Izma-iz brigada bilan tabelchi kirib keldi. Qamchini tortib, rayonga olib ketishdi. Kechqurun qayinim xoʻjayinni olib borib men bilan almashtirdi. Oʻsha yoqdan shoʻrlikni Suv ombori qazishga joʻnatishdi. Nogiron boʻlib qaytdi, oʻnglanmadi.
Bugun Qiziltepa dalalarida ham bugʻdoyga oʻroq tushgan. Fermerlar birin-ketin yiqqan donini umumiy xirmonga toʻkmoqda. Bultur kuzdan buyon oʻzaro suhbatlarda berilayotgan “gʻalla qanday” degan savollar oʻrnini endi davralarda samimiy shukronalik va mamnuniyat egallagan. Shu bahona moziyga bot-bot qaytilib, bugungi dorilomon kunlardan dillar yayraydi.
— Oʻtgan asrning oltmish ikki yoki oltmish uchinchi yillari boʻlsa kerak, — deydi Safar bobo Qobilov. — Onam rahmatlik bir piyolagina joʻxorini yoruchoqdan oʻtkazib, opam ikkimizga atala tayyorlab beradi. Toʻymay qolamiz, opam menam bir marta tovoqni yalab qoʻyay, deb janjal qilardi. Ogʻir yillar edi, odamlar kunjara yeb, shishib ketganligi eshitganmiz. Nimasini aytasiz, un tanlab, non yopadigan zamonlarni ham koʻrdik.
Oʻzingning doning beminnat noningga ne yetsin. Lekin mamlakatda gʻalla mustaqilligi oson kechgani yoʻq. Odamlarimizning uyini, mol-mulkini, osoyishtaligini qoʻriqlagan ichki ishlar organlari dalada maysa urgan gʻallazorlarni qoʻriqlashga ham jalb etildi. Gʻallazorlarni chorva mollari payhonidan asrash boʻyicha Respublika Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlari qabul qilinib, qatʼiy choralar qoʻllanildi.
— Maktabdan qaytgach, tengqurlarimiz bilan mol oʻtlatishga chiqardik, — deydi jaloyirlik Odil Oripov. — Mollarni qoʻyib yuborib, oʻzimiz futbol oʻynardik. Bir safar Zariflarning gʻunajini gʻallaga tushgan ekan, koʻp mol ichida bilmay qolibmiz. Gʻalla maydonining ichida soʻyib, goʻshtini ham berishmadi. Shu-shu ota-onalarimiz mol oʻtlatishda toʻp olib ketishga ruxsat bermay qoʻyishdi.
Bugun mamlakatimizda yurt ehtiyojidan bir necha hissa koʻp don yetishtirilib, ortgani eksport qilinmoqda. Birgina Navoiy viloyatini oladigan boʻlsak, gʻalla hosildorligi 2008-yilda gektariga arang 40 sentner tosh bosgan boʻlsa, oʻtgan yili bu koʻrsatkich 81,5 sentnerni tashkil etdi. Mamlakat boʻyicha bundan-da yuqori. Qatʼiy belgilangan narxda, kishi boshiga falon kilogrammdan kabi oʻtmishdan sarqit mezonlar bekor qilinib, un mahsulotlarini birja orqali erkin savdoga chiqarilishi yoʻlga qoʻyildi.
— Shungayam mana, besh-olti yil boʻlib qoldi, — deydi nurotalik mehnat faxriysi Suyun aka Qulmonov. — Odamlarimiz boshida “voy endi non oshib ketadi, tadbirkor bilan fermer bilganini qiladi”, deb vahimaga tushishgan edi. Hammasi oʻrinsiz ekanki, bugun hech kimning xayoliga ham kirib chiqmaydi. Har bir koʻchada novvoyxona qurildi. Nonni qadrlashga oʻrgandik.
Toʻkislikda xislat koʻp. Gʻallasi moʻl elning koʻzi toʻq, rizqi butun, fikri teran, lafzi halol, maqsadlari ezgu boʻladi. Non har doim dasturxonlarimiz koʻrki, toʻkinlik ifodasi boʻlgan. Ajdodlarimiz uni “ushogʻi ham non” – deya qadrlashgan. Donalardan yigʻilgan xirmonlarimiz mustaqilligimizning mustahkam tayanchi hamdir. Ularga sigʻmayotgan donlarimiz erta-indin shahar-u qoʻrgʻonlar, olis-u yaqin qishloqlarimizda taʼlim maskanlari, shifo muassasalari-yu, sport majmualari boʻlib qad rostlaydi. Koʻchalarimiz koʻrkiga koʻrk, hayotimiz mazmuniga mazmun qoʻshadi. Eng muhimi ertangi kunimizga ishonchni mustahkamlaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring