Daraxtlar ID-kartalar bilan belgilanadi 

14:39 11 Mart 2020 Jamiyat
862 0

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasimamlakatimizdagi barcha daraxtlarni xatlovdan oʻtkazish, ularni ID-kartalar bilan belgilash hamda ularga masʼullarni aniqlab berish tashabbusi bilan chiqdi. 
Jarayon murakkab boʻlsa-da, uni amalga oshirish dolzarbdir. Mazkur tadbir uchun Qoʻmita tizimidagi 300 ta inspektorning jalb etilishi hamda unda barcha istak bildirgan OAV vakillari, blogerlar ishtirok etishi mumkin.

Bu haqda yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi Shavkat Abdurazakov OAV vakillari, jamoat tashkilotlari hamda blogerlar bilan uchrashganida aytib oʻtildi.

Qoʻmita raisi joriy yilning 6-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida sohadagi mavjud muammolarga bagʻishlangan yigʻilish boʻyicha axborot berdi. Xususan, davlat rahbarining mavjud muammolarni hal etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilganligini aʼlohida taʼkidlab oʻtdi.

Oʻz navbatida chiqindilar bilan bogʻliq tizim yetarli darajada ishlamayotganligiga urgʻu berildi. Davlat ekologiya qoʻmitasi raisi Sh. Abdurazakov va tegishli mutasaddilar tomonidan joriy yilning 8-mart kuni Ohangaron tumanida joylashgan Toshkent shahar maishiy chiqindi poligonidagi holatni joyiga chiqib oʻrgandilar. Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan maishiy chiqindi poligoni sanitar holat qoniqarsiz ekanligi sababli hududda obodonlashtirish hamda uning atrof-muhitga salbiy taʼsirini oldini olish chora-tadbirlarini belgilandi. Xususan:

– poligondagi chiqindilarning tarkibini hamda atrof-muhitga keltirayotgan taʼsirini oʻrganish ishlarini olib borish;

– chiqindi poligoni hududini xususiy chiqindilarni qayta ishlovchi korxonalarni jalb qilgan holda biriktirib berish va buning natijasida chiqindilarni qayta ishlash orqali poligon kengayishining oldini olish;

– respublika shaharlarida sanitar tozalash xizmatlarini koʻrsatib kelayotgan “Toza hudud” va “Maxsustrans” DUKlarni davlat-xususiy sherikchilik sharti bilan tarbirkorlik subyektlariga biriktirib berish shular jumlasidandir.

Shu bilan birga daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun masʼuliyatni, jarimalar miqdorini oshirish, huquqbuzar shaxslarga nisbatan qatʼiy jazo choralarini belgilash Davlat rahbari tomonidan qoʻyilgan asosiy vazifalardan biri ekanligi taʼkidlandi.

Tashrif buyurganlar sohada yuzaga kelgan muammolar hamda ularni hal etish yuzasidan takliflarni berish imkoniga ega boʻldilar.

Xususan, respublikada ekologik taʼlimni rivojlantirish, ekologik madaniyatni oshirish, jamoat ekologik nazorati inspektorlarining faoliyatini samarali tashkil etish, ularni ragʻbatlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish, kompensatsion toʻlovlardan tushayotgan mablagʻlar sarflanishining shaffofligini taʼminlash, jamoat ekologik ekspertizasini amalga oshirishni taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekistonda AES qurilishi munosabati bilan jamoat eshituvini tashkil etish, daraxtlarning noqonuniy kesilishiga barham berish, javobgarlikni hamda jarimalar miqdorini oshirish boʻyicha takliflar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?