​​Oʻzbekistonda tibbiy sugʻurta tizimi joriy etiladi

10:58 21 Sentyabr 2020 Jamiyat
1265 0

Vazirlar Mahkamasining “Davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini joriy etishga oid tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.

Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tashkil etiladi.

2021-yil 1-iyuldan 2022-yil yakunigacha boʻlgan muddatda Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini tajriba-sinov tariqasida joriy etish nazarda tutilgan. 

Masʼul vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga loyiha konsepsiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasining lozim darajada bajarilishini taʼminlash yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklanadi.

Jamgʻarmaning ijro etuvchi direktoriga:

zarur hollarda, Jamgʻarma ijro etuvchi apparatining vaqtinchalik tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasi doirasida oʻzgartirishlar kiritish;

jamgʻarmaning ijro etuvchi apparati xodimlariga Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi xodimlarini ragʻbatlantirish jamgʻarmasi hisobidan egallab turgan asosiy lavozimlari boʻyicha lavozim maoshlariga ustama va boshqa ragʻbatlantirish toʻlovlarini belgilash huquqi beriladi.

— Davlat tibbiy sugʻurtasini respublikada joriy qilishga qaratilgan hukumat qarori loyihasi xorijiy tajriba va Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ekspertlari tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan boʻlib, dastlabki bosqichda tibbiy muassasalarni axborotlashtirish, tibbiy yordam koʻrsatish yangi modelini va tibbiy muassasalarni moliyalashtirish yangi mexanizmlarini tadbiq etishni oʻz ichiga oladi, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi Majburiy tibbiy sugʻurtani joriy qilish boʻlimi boshligʻi Zoxid Ermatov.

Konsepsiyani amalga oshirish va tajriba-sinov loyihasi natijasida sogʻliqni saqlash tizimidagi samarasiz xarajatlar ulushini bosqichma-bosqich qisqartirish, tibbiyot muassasalarining moliyaviy mustaqilligini oshirish va tibbiyot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish mexanizmlarini kengaytirish, aholiga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam koʻrsatishga xususiy tibbiyot tashkilotlarini jalb qilish hisobiga raqobat muhitini rivojlantirish hamda tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga erishish kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?