Oʻzbekiston — Slovakiya: parlamentlararo munosabatlar yanada mustahkamlanadi

19:16 17 Aprel 2023 Siyosat
537 0

Ayni kunlarda Slovakiya Milliy kengashi raisi boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistonda boʻlib turibdi.

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilovning Slovakiya Milliy kengashi Spikeri Boris Kollar bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Muloqot avvalida Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov tomonidan Parlament va undagi siyosiy fraksiyalar faoliyati, shuningdek, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar hamda Bosh qomusga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar mazmun-mohiyati haqida batafsil maʼlumot berildi.

Oʻz navbatida, Slovakiya Milliy Kengashi Spikeri B.Kollar mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarni yuqori baholar ekan, mamlakatimizdagi Konstitutsiyaviy islohotlarga ham toʻxtalib oʻtib, yangilanayotgan Konstitutsiyada inson huquq hamda erkinliklarini taʼminlash, soʻz erkinligini himoya qilish va fuqarolik jamiyatini qoʻllab-quvvatlash hamda taʼlim sifatini yaxshilashga qaratilgan normalar aks ettirilayotganiga alohida eʼtibor qaratib, mazkur oʻzgarishlar Oʻzbekiston taraqqiyotiga xizmat qilishini taʼkidladi.

Oʻzbekiston va Slovakiya oʻrtasidagi munosabatlarga toʻxtalar ekan, soʻnggi yillarda ikki davlat oʻrtasida turli sohalarda, jumladan farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi va suv resurslarini boshqarish tarmoqlarida hamda parlamentlararo aloqalar yoʻnalishida oʻzaro hamkorlik mustahkamlanib borayotganiga urgʻu qaratdi.

Oʻzbekiston hamda Slovakiya oʻrtasidagi munosabatlar, xususan siyosiy va taʼlim yoʻnalishlardagi hamkorlik rivojlanishi bilan bir paytda iqtisodiy sohada hamda parlamentlar oʻrtasidagi mavjud salohiyatdan yetarlicha foydalanilmayotgani qayd etildi .

Xususan, ikki davlat oʻrtasidagi parlamentlararo muloqotni faollashtirish, tomonlar qonun ijodkorligi, jumladan, xalqaro parlament tuzilmalari doirasidagi tajribalarni oʻrganish maqsadida muntazam ravishda Parlamentlararo Doʻstlik guruhlari delegatsiyalarning oʻzaro tashriflarini amalga oshirish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish muhim ahamiyatga egaligi taʼkidlandi.

Konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda tomonlar hamkorlik rishtalarini yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер