Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Arxiv surat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar doirasida aholining tinch va osoyishta hayotini taʼminlash hamda jamiyatimizda qonunga itoatkorlik va jamoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Jumladan, jamoat xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishidagi ishlarni “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida tashkil etishning mutlaqo yangi mexanizm va tartiblari joriy etilib, davlat organlarining jamoatchilik tuzilmalari bilan oʻzaro maqsadli hamkorligi yoʻlga qoʻyildi.
Shu bilan birga, jahonda kuchayib borayotgan turli xavf-xatar va ziddiyatlar, el-yurt tinchligi va osoyishtaligiga tahdidlar, pandemiya, tabiiy va texnogen ofatlar masʼul davlat tuzilmalariga oʻz faoliyatini “Barcha saʼy-harakatlar inson qadri uchun” degan ustuvor gʻoya asosida yanada takomillashtirish vazifasini yuklamoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6196-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, mamlakatimizda jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada rivojlantirish hamda ushbu sohadagi davlat siyosatining istiqbolli yoʻnalishlarini belgilash maqsadida:
1. Jamoat xavfsizligini taʼminlashdagi ilgʻor xorijiy va milliy tajribalar asosida ishlab chiqilgan hamda aholini har qanday tahdidlardan kafolatli himoya qilishga qaratilgan:
Oʻzbekiston Respublikasijamoat xavfsizligi konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;
2022-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimini rivojlantirish strategiyasi (keyingi oʻrinlarda – Strategiya) 2-ilovaga muvofiq;
2022-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimini rivojlantirish strategiyasini 2022-yilda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xaritasi”) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Konsepsiya, Strategiya va “Yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlash yuzasidan masʼuliyat jamoat xavfsizligini taʼminlovchi davlat organlarining shaxsan birinchi rahbarlariga yuklatilsin.
2. Konsepsiya va Strategiyani bosqichma-bosqich amalga oshirishning quyidagi tartibi oʻrnatilsin:
Vazirlar Mahkamasi (A.N.Aripov) – 2023-2025-yillarda har yili jamoat xavfsizligini taʼminlashning samarali tizimini joriy qilish boʻyicha aniq mexanizmlarni nazarda tutuvchi manzilli chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin hamda ijrosini qatʼiy nazoratga olsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi (V.V.Maxmudov) – har yarim yilda davlat organlari rahbarlarining “Yoʻl xaritasi” va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan manzilli chora-tadbirlar dasturlari ijrosi, shu jumladan, mazkur dasturlarning hududlar kesimida amalga oshirilishi yuzasidan hisobotlarini eshitish va tanqidiy muhokama qilish amaliyotini yoʻlga qoʻysin.
3. Belgilansinki:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida ommaviy tadbirlarni oʻtkazishda hamda istirohat bogʻlari, xiyobonlar va bozorlarda jamoat tartibini saqlashni tashkil etish bevosita Milliy gvardiya boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi;
2022-2023-yillarda tuman ichki ishlar organlari tarkibidagi konvoy boʻlinmalari bosqichma-bosqich viloyat ichki ishlar organlarining bevosita boʻysunuviga oʻtkazilib, yagona boshqaruv tizimi asosida tumanlararo xizmat oʻtash tamoyiliga muvofiq qayta tashkil etiladi.
Milliy gvardiya (R.M.Joʻrayev):
Adliya vazirligi (R.Q.Davletov) bilan birgalikda bir oy muddatda jamoat tartibini saqlash sohasida sodir etiladigan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolati ichki ishlar organlari bilan bir qatorda Milliy gvardiyaga berilishi boʻyicha qonun loyihasini kiritsin;
bir oy muddatda hududlarning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda jamoat tartibini saqlash faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida 2022-yilda Namangan, Fargʻona, Andijon va Surxondaryo viloyatlaridagi, 2023-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridagi Milliy gvardiyaning harbiy qismlarida muddatli harbiy xizmatni kengaytirish boʻyicha asoslantirilgan takliflar kiritsin.
Ichki ishlar vazirligi (P.R.Bobojonov, B.T.Abdullayev):
Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda hududlarning kriminogen vaziyati va aholi zichligidan kelib chiqqan holda tumanlararo patrul-post xizmati boʻlinmalarini tashkil etish meʼyorlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2022-yil 1-martga qadar tasdiqlangan meʼyorlarga asosan mahalliy byudjet hisobidan kamida bittadan tumanlararo patrul-post xizmati boʻlinmalarini tashkil etish choralarini koʻrsin;
2022-yil 1-mayga qadar byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan ichki ishlar organlari konvoy faoliyatiga konvoy ostidagi shaxslarni elektron brasletlar orqali nazorat qilish tizimini joriy etsin.
4. Ichki ishlar vazirligi tuzilmasida Jamoat xavfsizligi departamenti (keyingi oʻrinlarda – Departament) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Quyidagilar Departamentning asosiy vazifalari etib belgilansin:
ichki ishlar organlari jamoat xavfsizligi boʻlinmalarining faoliyatini muvofiqlashtirish, kompleks tahlil qilish hamda ularga amaliy-uslubiy yordam koʻrsatish;
jamoat tartibini saqlash faoliyatini tashkil etish, jamoat joylarida aholining xavfsizligini taʼminlashda ichki ishlar organlari kuch va vositalarini samarali boshqarish choralarini koʻrish;
ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi faoliyatini taʼminlash, profilaktik hisob va maʼmuriy nazoratdagi shaxslarni ijtimoiy moslashtirish ishlarini tashkil etish;
voyaga yetmaganlar va yoshlar, ayniqsa, ularning uyushmagan qismi bilan manzilli tarbiyaviy va profilaktik chora-tadbirlarni samarali tashkil etish orqali ular orasida huquqbuzarliklarning oldini olish;
yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash faoliyatini tashkil etish, yoʻl-transport hodisalarining barvaqt oldini olish, transport vositasini boshqarishga doir cheklovlarga rioya etilishini nazorat qilish;
ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni ijro etishni taʼminlash, probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvorini nazorat qilish, ijtimoiy moslashtirish va qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish ishlarini tashkil etish.
Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari B.T.Abdullayev zimmasiga jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha yangi joriy etilayotgan boshqaruv tizimini samarali yoʻlga qoʻyish hamda Departamentning asosiy vazifalari oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini tashkil etish boʻyicha shaxsiy javobgarlik yuklansin.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Departament Strategiya, “Yoʻl xaritasi” va Vazirlar Mahkamasi tomonidan har yili tasdiqlanadigan mamlakatda jamoat xavfsizligini taʼminlashga oid chora-tadbirlar dasturlarining amalga oshirilishi doirasida:
muntazam monitoring olib borib, belgilangan chora-tadbirlar sifatli va oʻz vaqtida ijro etilishi boʻyicha taklif va tavsiyalarni tegishli davlat organlariga kiritadi;
jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida erishilgan natijalar va aniq koʻrsatkichlar aks ettirilgan batafsil axborotni doimiy ravishda keng jamoatchilikka yetkazib boradi;
har chorakda umumlashtirilgan hisobotni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi hamda har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi muhokamasiga taqdim qiladi.
6. Belgilansinki:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari majlislarida hududiy ichki ishlar organlari rahbarlarining oʻrinbosarlari – jamoat xavfsizligi xizmati boshliqlari tomonidan har chorakda jamoat xavfsizligi yuzasidan hisobot berish, shuningdek, mazkur yoʻnalishda koʻrilayotgan choralarning natijalarini tanqidiy muhokama qilib, ularning samaradorligini oshirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish amaliyoti joriy etiladi;
respublikada jamoat tartibini ommaviy buzish bilan bogʻliq holatlar yuzaga kelganda vakolatli idoralarning harakatlarini umumiy muvofiqlashtirish vazifasi Departament zimmasiga yuklatiladi hamda uning qoshida yagona idoralararo boshqaruv shtabi tashkil etiladi;
Departament boshligʻi ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladigan jamoat xavfsizligini taʼminlash tadbirlarining yagona muvofiqlashtiruvchisi hisoblanadi;
Departament va uning hududiy boʻlinmalari tarkibiga jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, yoʻl harakati xavfsizligi va probatsiya xizmatlari kiritiladi.
Ichki ishlar vazirligi (P.R.Bobojonov, B.T.Abdullayev):
vakolatli davlat organlari bilan birgalikda ikki oy muddatda alohida sharoitlarda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha mavjud kuch va vositalarni tezkor va yagona idoralararo boshqarish tartibini ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin;
ichki ishlar organlari profilaktika va probatsiya inspektorlari, patrul-post va yoʻl-patrul xizmati xodimlarining faoliyatini baholash tartibini tanqidiy qayta koʻrib chiqsin va samaradorlik indikatorlarini oʻz ichiga oluvchi reyting tizimini joriy etsin.
7. Mahallada jamoat xavfsizligini samarali taʼminlash maqsadida ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar maqbullashtirilsin va ularning yagona roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
profilaktika inspektorlarini ularning vazifa va faoliyat yoʻnalishlari bilan bogʻliq boʻlmagan tadbirlarga jalb qilish hamda faoliyatiga asossiz aralashish taqiqlanadi;
2024-yil 1-sentyabrdan eʼtiboran Toshkent shahar ichki ishlar organlari, 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab qolgan hududiy ichki ishlar organlari profilaktika katta inspektori lavozimlariga faqat oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan xodimlar tayinlanadi;
profilaktika inspektorlari uchun Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi sirtqi taʼlimiga qabul qilinadigan xodimlar umumiy sonining kamida yigirma besh foizi miqdorida qabul kvotasi ajratiladi;
2022/2023 oʻquv yilidan boshlab, faoliyatida yuqori natijalarga erishgan Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar organlaridan ikkitadan, qolgan hududiy ichki ishlar organlaridan bittadan profilaktika inspektori Departament boshligʻi taqdimnomasiga asosan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining sirtqi taʼlimiga imtihonlarsiz qabul qilinadi hamda bepul oʻqitiladi.
Ichki ishlar vazirligi (B.T.Abdullayev, A.I.Ikramov) ikki oy muddatda profilaktika inspektorlarining hududda, xususan shahar va qishloq sharoitida faoliyat olib borishi boʻyicha aniq mexanizmlarni nazarda tutuvchi modellarni amaliyotga joriy etish choralarini koʻrsin va ular boʻyicha oʻqitish tizimini yoʻlga qoʻysin.
8. Belgilansinki:
probatsiya inspektorlarining faoliyati hududiy profilaktika inspektorlari bilan kunlik uzluksiz hamkorlikda tashkil etiladi;
probatsiya inspektorlari zimmasiga profilaktik hisob va maʼmuriy nazoratdagilarning shaxsini oʻrganish va ularni ijtimoiy moslashtirish ishlarida profilaktika inspektorlariga amaliy-uslubiy koʻmaklashish boʻyichaqoʻshimcha vazifalar yuklanadi.
9. Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligining probatsiya tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha quyidagi takliflari maʼqullansin:
probatsiya nazoratidagi shaxslarga oʻrnatiladigan cheklovlar doirasini, cheklovlarga rioya etishni taʼminlash va nazorat qilishning mexanizmlarini aniq belgilash;
probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan yuritiladigan hujjatlarni toʻliq elektron shaklga oʻtkazish, ularga nisbatan ragʻbatlantirish va intizomiy jazochoralarini qoʻllash tartibi va asoslarini belgilash;
probatsiya nazoratidagi shaxslarga ijtimoiy-psixologik yordam berish hamda kasb-hunar oʻrganish va ishga joylashishda koʻmaklashish tadbirlarini, mutasaddi organlarning vazifalarini aniq belgilagan holda, yakka tartibdagi ijtimoiy moslashtirish dasturi asosida amalga oshirish;
probatsiya nazoratidagi shaxslar ijtimoiy-psixologik portretining yagona shaklini, ularni toifalarga ajratish mezonlarini, yangi jinoyat sodir etishning oldini olish tartibini belgilash.
Ichki ishlar vazirligi (P.R.Bobojonov), Bosh prokuratura (N.T.Yoʻldoshev) ikki oy muddatda mazkur farmonni inobatga olgan holda ilgʻor xorijiy tajriba asosida “Probatsiya toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin.
10. Ichki ishlar vazirligi (P.R.Bobojonov), Milliy gvardiya (R.M.Joʻrayev) ikki oy muddatda ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning shaxsiy tarkib va uning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilishga doir barcha qonun va qonunosti hujjatlarning normalarini yagona normativ-huquqiy hujjatda aks ettiruvchi hamda ijtimoiy himoya choralarini qoʻllashning aniq va toʻliq mexanizmlarini belgilovchi Hukumat qarorlari loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
12. Ichki ishlar vazirligi (P.R.Bobojonov) manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
ichki ishlar organlarining hududiy patrul-post xizmati tarkibida oʻz mablagʻlari hisobidan bosqichma-bosqich otliq otryadlarni tashkil etishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
qonunchilikka ushbu farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul etib ichki ishlar vaziri P.R.Bobojonov va Milliy gvardiya qoʻmondoni R.M.Joʻrayev belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, masʼul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi B.D.Islamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2021-yil 29-noyabr
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring