“Oʻzbekiston moʻʼjizasi”
Ukrainaning “112.ua” axborot agentligi veb-saytida xalqaro munosabatlar boʻyicha siyosatshunos Georgiy Kuxaleyshvilining Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayoni va ularning natijalariga bagʻishlangan tahliliy maqolasi eʼlon qilindi. Eʼtiboringizga ushbu maqoladagi eng muhim jihatlarni sharhlab beramiz.
Yangi davr
Soʻnggi paytlarda Oʻzbekiston xalqaro matbuot va ekspertlar diqqat markazidagi mavzulardan biriga aylandi. 2016-yili ilgari Bosh vazir sifatida faoliyat koʻrsatgan Shavkat Mirziyoyev mamlakat Prezidenti lavozimiga saylangach qisqa vaqt ichida oʻzini samarali menejer va islohotchi sifatida koʻrsata oldi.
2016-yildan soʻng boshlangan oʻzgarishlar tufayli Oʻzbekiston siyosiy tizimi jiddiy evolyutsiyaga yuz tutdi. Mamlakatda bolalar va majburiy mehnatga taqiq belgilandi. Siyosiy sabablar tufayli qamalgan koʻplab shaxslarga ozodlikka chiqarildi. Ochiqlik siyosati boshlanib, mustaqil ekspertlar va ommaviy axborot vositalari paydo boʻldiki, natijada ilgari koʻtarilishi mumkin boʻlmagan koʻplab mavzular keng jamoatchilik orasida muhokama qilina boshlandi. Prezident Mirziyoyev tashabbusi bilan Xalq qabulxonalari tashkil etilib, har qanday fuqaro oʻzining muammolari haqida davlat organlariga xabar berishi va zarur yordam olishi mumkin. Davlat rahbari korrupsiya va uning mamlakat taraqqiyotiga salbiy taʼsiri haqida ochiq gapirib kelmoqda. Uning tashabbusi bilan 2017-yili “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun va tegishli Davlat dasturi qabul qilindi. Davlat organlari faoliyati samaradorligi va shaffofligini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli amaliy chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Yangi iqtisodiy taraqqiyot
Oʻzbekistonda iqtisodiy sohada tom maʼnodagi fundamental oʻzgarishlar yuz bermoqda. Ayniqsa, Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va bevosita rahbarligida xalqaro ekspertlar ishtirokida amalga oshirilgan respublika soliq tizimi islohoti katta ahamiyat kasb etdi. Ushbu islohotlarga qadar Oʻzbekistonda korxonalarga katta soliq yuki mavjud boʻlib, ularni soliqqa tortish murakkab qoidalarga asoslangan edi. Fuqarolar koʻplab soliqlar toʻlashga majbur edilar, masalan: 7,5 dan 22,5 foizgacha boʻlgan va har bir shaxs uchun alohida hisoblanadigan daromad soligʻi, Pensiya jamgʻarmasiga 8 foizlik toʻlovlar, korxona miqyosidan kelib chiqqan holda 15 dan 25 foizgacha yagona ijtimoiy toʻlov singari.
Soliq islohoti natijasida jismoniy shaxslar daromadlari uchun yagona soliq stavkasi joriy qilindi. Yuridik shaxslar oladigan foyda uchun soliq 14 dan 12 foizga, banklar uchun — 22 dan 20 foizga kamaytirildi. Kichik biznes, jumladan, savdo nuqtalari egalari qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilindi. Mutaxassislarning qayd etishicha, amalga oshirilgan soliq islohoti Oʻzbekistonda aholi daromadlari ortishiga xizmat qilishi kutilayotir.
Respublikada biznes yuritish uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholash mumkin. Xususan, mamlakatning turli hududlarida yigirmadan ortiq maxsus iqtisodiy zonalar tashkil etilib, ularda xorijiy investorlarga qator soliq imtiyozlari va preferensiyalar taqdim etilyapti. Eksport bilan shugʻullanadigan korxonalarga savdo hajmidan kelib chiqqan holda soliq stavkasi kamaytirildi. Yangi tashkil etilgan korxonalar yuridik shaxslar mol-mulk soligʻidan ikki yilgacha ozod etilmoqda. Investorlar olib kiriladigan mol-mulk uchun bojxona bojidan ozod qilingan. Elektron tovarlar, qurilish materiallari, yengil va oziq-ovqat sanoati mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga alohida eʼtibor qaratilib, ular investitsiyalar hajmidan kelib chiqqan holda uch yildan yetti yilga qadar soliqlarning bir qismidan ozod qilinadilar.
Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy siyosiy irodasi tufayli Oʻzbekistonda valyuta tizimining erkinlashtirilishi mamlakatning muhim tarixiy yutuqlaridan biri boʻldi. Prezident tashabbusi bilan nafaqat milliy valyutaga nisbatan cheklovlar bartaraf etildi, balki eksport bilan shugʻullanadigan korxonalarning valyutada oladigan daromadini majburiy sotish amaliyoti ham bekor qilindi.
Prezident davlat korxonalarini xususiylashtirishni ustuvor masala sifatida belgilab bergan. Mingdan ortiq davlat korxonalarini xususiy mulkdorlarga sotish rejalashtirilmoqda. 2020-yil yanvar-fevral oylarining oʻzida 148 ta davlat aktivlari 6,8 million dollarga, 37,73 million dollar investitsiya kiritish va mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratish sharti bilan xususiylashtirilgani bu boradagi ishlar katta koʻlamga egaligidan dalolat beradi. 69 ta kompaniyada davlat ulushi kamaytirilmoqda, ular orasida Navoiy va Olmaliq shaharlaridagi togʻ-metallurgiya kombinatlari, “Oʻzbektelekom”, “Oʻztransgaz”, “Oʻzbekneftgaz”, “Oʻzmetkombinat” va boshqalar bor. Prezident qarori bilan “Oʻzagroeksport” kompaniyasining meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishga monopoliyasi bekor qilindi. Natijada har qanday qishloq xoʻjaligi korxonasi oʻz mahsulotini chet elga sotish imkoniyatini qoʻlga kiritdi.
Shavkat Mirziyoyev islohotlari tufayli respublikadagi sarmoyaviy muhit yaxshilandi. 2016 — 2019-yillar mobaynida xorijiy investitsiyalar oqimi 1,7 dan 4,2 milliard dollarga ortdi. Oʻtgan yili uch mingdan ortiq investitsiya loyihalari Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya va boshqa davlatlar investorlari ishtirokida amalga oshirilishi boshlandi.
Geosiyosiy omil
Markaziy Osiyo va Oʻrta Sharqni bogʻlaydigan yoʻllar chorrahasida joylashgan Oʻzbekiston tashqi siyosati Shavkat Mirziyoyev Prezidentligi davrida Rossiya va Gʻarb oʻrtasidagi “tartibsiz harakatlanishlar”dan turli kuch markazlari bilan pragmatik izchil hamkorlikka oʻtdi. Prezident qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarni yoʻlga qoʻydi, Tojikiston bilan Rogʻun gidroelektrostansiyasi tufayli mavjud kelishmovchilikka chek qoʻydi. Islohotlar Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish boʻyicha muzokaralarga zamin yaratdi. Respublika Xitoy tomonidan amalga oshirilayotgan “Bir makon, bir yoʻl” loyihasida ham sherik sifatida ishtirok etmoqda. Koʻplab davlatlar fuqarolarining Oʻzbekistonga kelishlari uchun viza tartibi bekor qilindi.
Xulosa oʻrnida
Amalga oshirilgan islohotlar samarasi oʻlaroq nufuzli “The Economist” Oʻzbekistonni iqtisodiyotni liberallashtirish va siyosiy oʻzgarishlar jihatidan 2019-yilda “Yil mamlakati” sifatida eʼtirof etdi. Islohotlar dinamikasi, milliy taraqqiyot va investitsiyalarni jalb qilish borasida Oʻzbekiston ikkinchi Qatarga aylanmoqda.
Anvar MIRZAYEV
(“Xalq soʻzi”) tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
- Berlinda Navroʻz: Yangi Oʻzbekiston madaniyatining jahon sahnasidagi munosib taqdimoti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring