Oʻzbekiston delegatsiyasi Ekspertlar kengashi majlisi va xalqaro forumda ishtirok etdi
Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati
Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi B. Alixanov boshchiligidagi Oʻzbekiston parlament delegatsiyasi oʻtgan haftada Sankt-Peterburgda oʻtkazilgan MDH ishtirokchi davlatlar Parlamentlararo assambleyasi huzuridagi Ekologiya va tabiatdan foydalanish boʻyicha ekspertlar kengashi yigʻilishida va “Togʻli hududlarning barqaror rivojlanishi” xalqaro forumida ishtirok etdi.
Ekspert kengashi majlisida kengash faoliyatining yoʻnalishlari, neft qazib olish va neftni qayta ishlash bilan bogʻliq ekologik muammolar muhokama qilinib, ularni hal etish yoʻllari belgilab olindi. “Radioaktiv chiqindilar bilan ishlash toʻgʻrisida»gi, “Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida»gi namunaviy qonunlar oʻrganildi. Yoshlarga oid ekologik siyosatni rivojlantirish va MDH PA meʼyoriy-huquqiy hujjatlari muhokama qilindi.
Hamdoʻstlik davlatlari parlament aʼzolari, olim va ekspertlar tomonidan atrof-muhitga zarari toʻplangan obyektlarni foydalanishdan chiqarish, ularni bartaraf etish yoʻllari, hududlarning ekologik xavfsizligini taʼminlash masalalari ham muhokama qilindi.
Oliy Majlis Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi B. Alixanov oʻz maʼruzasida milliy qonunchilikni takomillashtirish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berdi. Respublikada bu borada zamonaviy talablarga javob beradigan mustahkam qonunchilik bazasi yaratilganini taʼkidladi. Ayni paytda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalarini tartibga soluvchi 30 dan ortiq qonun va 250 ga yaqin meʼyoriy-huquqiy hujjatlar mavjud.
Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har kim qulay atrof-muhitga, uning holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotga ega boʻlish huquqlari, atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish majburiyatlari, yer, yer osti boyliklari, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslardan oqilona foydalanish zarurligi va ular davlat muhofazasida ekanligi toʻgʻrisidagi normalar kiritilgan.
Uchrashuv ishtirokchilariga Oʻzbekistonda jamiyat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida ham maʼlumot berildi.
Mamlakatimiz parlamenti aʼzolari “Togʻli hududlarning barqaror rivojlanishi” xalqaro forumining ikkita yalpi majlisi va mavzuli davra suhbatlarida ham ishtirok etdi. Ularda davlat siyosatini shakllantirish, togʻli hududlarni boshqarish va barqaror rivojlantirish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish muammolari muhokama qilindi.
Shuningdek, Forumda atrof-muhitdan oqilona foydalanishni taʼminlash, togʻli hududlarning bioxilma-xilligini saqlash, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, togʻlarda tabiiy ofat jarayonlari xavfini kamaytirish va togʻ resurslari va energiya manbalaridan foydalanish bilan bogʻliq ekologik-xoʻjalik munosabatlarni optimallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir ishtirokchilari togʻli hududlarda ekologik muammolarni hal etishning ilmiy-amaliy masalalarini oʻrganishga, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar olib borishga yoshlarni yanada kengroq jalb qilish maqsadida ilmiy ishlarning barcha koʻlamini oʻrganish uchun Xalqaro yoshlar ekologik markazini tashkil etish taklifini bildirdi.
“Fan togʻlar uchun” mavzusida oʻtkazilgan davra suhbatida Markaziy Osiyoda yuzaga kelayotgan muammolarni kompleks hal etish, togʻ ekotizimlarining tabiiy imkoniyatlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish maqsadida senator B. Alixanov qator takliflar bilan chiqdi va ular barcha ishtirokchilar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Xalqaro forum yakunlari boʻyicha yakuniy rezolyutsiya qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- “Insoniyat sivilizatsiyasiga asos boʻlgan yutuqlar shu zamindan kelib chiqqan” — Paragvay Prezidenti
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring