Oyoq ostidagi xazina...

17:48 04 Fevral 2025 Jamiyat
183 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Butun dunyoda chiqindilarni alohida toʻplash – ularni qayta ishlashning eng muhim bosqichlaridan biri sifatida qayd etiladi. Boisi ishlab chiqarish tannarxini arzon qilish, qayta ishlash orqali ikkilamchi mahsulotlar salmogʻini oshirishda maishiy chiqindilar eng arzon xomashyo hisoblanadi.

Yurtimizda ushbu yoʻnalishda keyingi yillarda chiqindilarni alohida yigʻish tizimi bosqichma-bosqich amaliyotga keng joriy etilmoqda. Xususan, bu boradagi qonunchilik meʼyorlariga koʻra, 2024-2028-yillarda mamlakatimizning barcha hududlarida “qayta ishlanadigan”, “qayta ishlanmaydigan”, “organik”, “xavfli maishiy chiqindilar” va boshqa barcha maishiy chiqindilar toifalari boʻyicha mukammal ishlovchi tizimni bosqichma-bosqich amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Statistik maʼlumotlarga qaraganda, bugungi kunda dunyoning rivojlangan mamlakatlarida maishiy va sanoat chiqindilarning 40-60 foizi qayta ishlanadi. Ammo yildan yilga sayyoramizda turli koʻrinishdagi chiqindilar hajmi ortib, ularni qayta ishlash va utilizatsiyasi masalasi tobora dolzarb boʻlib bormoqda.

Ayni jarayonda qattiq maishiy chiqindilar miqdori deyarli barcha davlatlarda aholi jon boshiga har yili 1-1,5 foizga ortib borayotir. Mamlakatimizda jadal rivojlanish hisobiga ushbu koʻrsatkich yillik 7 million tonnaga yetib, yiliga oʻrtacha 1,5-2 foizdan oʻsayotgani barchamizni amaliy saʼy-harakatga undashi zarur.

Xoʻsh, bu borada Fargʻona viloyatida vaziyat qanday? Ayni sohada olib borilayotgan ishlar xotirjam boʻlishimiz uchun yetarlimi? Hamyurtlarimizda bu borada masʼuliyat va daxldorlik tuygʻusini oshirish uchun nimalarga eʼtibor qaratishimiz zarur?

— Bugungi kunda viloyatda chiqindilarni qayta ishlovchi 37 ta tadbirkorlik subyektlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ular tomonidan aholi ehtiyoji uchun kerakli mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda, — deydi Fargʻona viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasining chiqindilarni tartibga solish shoʻbasi boshligʻi Jahongir Meliboyev. — Taʼkidlash joiz, viloyatda qayta ishlanayotgan ushbu maishiy chiqindilarning 80 foizini organik moddalar tashkil etadi. Ularni qayta ishlab, ichki bozor ehtiyoji uchun katta miqdorda keng assortimentdagi mahsulotlar yetkazib berilayotir.

Shu maʼnoda aytganda, maishiy chiqindilar eng arzon xomashyo boʻlib, organik chiqindilardan mineral oʻgʻit ham tayyorlash mumkin. Alyuminiy, temir, shishadan tayyorlangan mahsulotlarni qayta ishlash esa ularni ishlab chiqarishdan koʻra anchagina afzallikka ega. Chunki bu holatda energiya bir necha barobar tejaladi, xomashyo chiqindisi esa deyarli nolga teng boʻladi.

Ayni paytda Fargʻona viloyati hududida 18 ta (“Toza hudud” DUK balansida 15 ta, xususiy sektorlarda 3 ta) maishiy chiqindilarni toʻplash poligonlari faoliyat yuritmoqda.

Prezidentimizning 2024-yil 4-yanvarda qabul qilingan “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonining 5-ilovasiga koʻra, “Toza hudud” DUK hisobida boʻlgan 17 ta poligonlar yangi tashkil etilgan “Poligonlarni boshqarish direksiyasi” davlat muassasasining Fargʻona viloyati boshqarmasi ixtiyoriga topshirildi.

Buning natijasida chiqindi logistikasi toʻgʻri yoʻlga qoʻyilib, chiqindi poligonlari faoliyatini optimallashtirish va investitsiyaviy loyihalar uchun kafolatlangan chiqindi miqdorini taʼminlashga erishiladi. Viloyatda 2023-yil yakuni bilan 901 ming tonna qattiq maishiy chiqindilar hosil boʻlgan boʻlsa, uning 357,8 ming tonnasi chiqindi poligonlariga joylashtirilgan edi. Natijada mazkur chiqindilar saralanib, 27 ta korxonalar tomonidan ikkilamchi xomashyo sifatida qayta ishlangan. Buning samarasi sifatida viloyatda chiqindilarni qayta ishlash darajasi 38 foizdan 41 foizga yetkazildi.

— Bu yerda yiliga 2 ming tonna plastmassa idishlar qayta ishlanib, sport jihozlari, xonadonlar va stadionlar uchun sunʼiy toʻshamalar ishlab chiqariladi, — deydi “Sanfa vaber” MCHJ rahbari Ziyodbek Abdullayev. —Korxonamizda zamonaviy texnologiyalar yordamida kuniga oʻrtacha 15-20 tonna, yiliga 4500 tonna chiqindini qayta ishlash imkoniyati mavjud.

Aytish joiz, bu yil viloyatda chiqindilarni qayta ishlash hajmini 43 foizdan oshirish rejalashtirilgan boʻlib, ushbu koʻrsatkichni yildan yilga yaxshilab borish doimiy ustuvor vazifalar sirasiga kiritilgan .

— Oʻz navbatida, viloyat hududida belgilanmagan joylarga noqonuniy chiqindixonalar tashkil etilishining oldini olish maqsadida 19 ta shahar va tumanda doimiy ravishda nazorat tadbirlari olib borilmoqda, — deydi Fargʻona viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi matbuot kotibi Gulnoza Toʻxtasinova. — Natijada oʻtgan yili 1872 ta holatda belgilanmagan joylarga chiqindilar tashlagan huquqbuzarlarga nisbatan 726 mln. soʻm miqdorida jarimalar qoʻllanildi. Qurilish chiqindilari esa shartnomaga asosan chiqindi poligonlariga joylashtirildi.

Shu bilan birga davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida faoliyat koʻrsatuvchi korxonalari tomonidan sanitar tozalash xizmatlari koʻrsatilayotgan chiqindi toʻplash shoxobchalaridan bir kunda bir marta, yakka tartibdagi turarjoy sektoridan esa «signal« usulida uch kunda bir marta maishiy chiqindilar olib chiqib ketilmoqda.

Ayni maqsadda viloyatdagi umumtaʼlim maktablari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, sogʻliqni saqlash muassasalari kerakli miqdordagi chiqindi konteynerlari bilan taʼminlangan. Hozirda viloyatdagi 28 ta (18 ta xususiy va 10 DXSH) sanitar tozalash korxonalari tomonidan 766 mingdan ziyod isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatilmoqda.

Bugungi dunyo tajribasida maishiy chiqindilarning 85 foizini qayta ishlash mumkinligi isbotlandi. Rivojlangan mamlakatlarda chiqindilarni turlarga ajratib, alohida yigʻish tizimi yoʻlga qoʻyilgani ham bejiz emas. Fargʻona viloyatida ham eskirgan va ishlatishga yaroqsiz avtomashina shinalarini qayta ishlash va ulardan rezina granulalar, sim va kapron pufaklar tayyorlash, ichimliklardan boʻshagan plastik idishlarni yigʻish va ularni ikkilamchi qayta ishlash sexlariga joʻnatish keng yoʻlga qoʻyilgani eʼtiborga loyiq. Bunday harakatlar atrof-muhitning maishiy chiqindilar bilan ifloslanishini imkon qadar kamaytirishga xizmat qiladi, albatta.

Ota-onalarimiz bizga bolalikdan uy-joy, mahalla atrofini supurib-sidirib, ozoda saqlashga oʻrgatgani bejiz emas. “Suvga tuflama”, “non ushogʻini yerga tashlama” degan tanbehlar hali-hamon qulogʻimiz ostida jaranglab turadi. Afsuski, hayotimiz farovonlashib borayotgani sayin tanballashib ketayotganimiz ayni haqiqatdir. Aziz neʼmatlardan qolgan maishiy chiqindilarni toʻgʻri kelgan joyga tashlab ketamiz. Koʻchaga chiqindi tashlab ketayotgan bolakay yoki yoshi katta odamga chiqindini yoʻlga emas, axlat qutisiga tashlash kerakligini aytish xayolimizga ham kelmaydi.

Bir paytlar zilol suvlar oqqan ariqlar, piyodalar yoʻlaklari atrofida yelim xaltalarda tashlab ketilgan chiqindilarga koʻzimiz oʻrganib qoldi. Bunday holatga hech birimiz oʻzimizni masʼul deb bilmaymiz. Shuning uchun chiroyli binolar yonida axlat chiqindilari, gulu gulzorlar, toza yoʻlakchalarda tamaki qoldiqlari, pista poʻchoqlarini koʻrish odatiy holga aylandi.

Avvallari maishiy chiqindilarni tashlash uchun belgilangan maxsus joylar xarob edi, ular doimiy nazoratda boʻlmagani bois, temir qutilarda aralashib, bijgʻib yotardi, badboʻy hidiga chidab boʻlmasdi. Endilikda namunaviy loyihalar asosida chiqindi toʻplash punktlari tashkil qilindi, ularni turiga qarab ajratish uchun alohida-alohida konteynerlar oʻrnatildi. Ularning har biriga oylik maosh toʻlanadigan, nazorat qilib boradigan, boshqaruvchi xodim qoʻyildi. Natijada ijobiy oʻzgarish roʻy berdi. Chiqindixonalar saranjom-sarishta holatga keltirildi.

Hozirgi paytda Milliy gvardiya tizimida ekologik nazorat faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Bunga masʼul xodimlar zimmasiga ekologiya sohasidagi qonunbuzarliklar, jumladan, daraxtlarni ruxsatsiz kesish, brakonyerlik, noqonuniy chiqindilar tashlash kabi holatlarga qarshi profilaktika vazifalari yuklatilgan.

“Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan bir necha marotaba oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishlarida ekologiya bilan bogʻliq muammolarni faqat maʼmuriy yoʻl bilan hal etib boʻlmasligiga alohida urgʻu berildi. “Bunga yosh avlod qalbida ona tabiatga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkin. Mahallada, koʻchalarda chiqindi tashlagan kishini koʻrganda «bu ishingiz notoʻgʻri boʻldi”, deydigan muhitni shakllantirishimiz, odamlarni bunga oʻrgatishimiz kerak. Bu – hammamizning ishimiz va insoniy burchimizdir», – deya taʼkidlaydi davlatimiz rahbari.

Darhaqiqat, bu fikr oʻzini yurt taqdiri va kelajagiga daxldor biluvchi har bir hamyurtimizning qalbidagi gap. Shunday emasmi?!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер