Oqchangalning “Qovunqoqi bogʻlari”

14:30 31 Oktyabr 2024 Jamiyat
641 0

Ahmadali ShERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Katta Oʻzbek trakti deb nom olgan yoʻlning Xovos tumanidan oʻtgan qismi chetida joylashgan Oqchangal qishlogʻi qovunchilikda dong taratgan. Shu bois bu manzil haqida gap ketganda, uning qovun bozorlari aytilsa, bas, shu yoʻldan oʻtgan borki, tezda xayoliga keltiradi. Eʼtiborlisi, soʻnggi yillarda qovunlari tufayli Oqchangal nomi xorijga ham tarqamoqda.

— Polizchilik mahalladoshlarimiz farovon turmushining asosiy omillardan biri boʻlmoqda, — deydi faxriy dehqon Rustam Yuvoshev. — Boshqacha aytganda, u qishlogʻimiz ahli faoliyatining “drayver” sohasi hisoblanadi.

Oqchangal dehqonlari endilikda qovunning poʻchogʻini ham pul qilishni eplayapti. Gap shundaki, ular qovunlarni bir vaqtlardagidek faqat tilim-tilim qilingan holda tanovul qilish uchungina emas, oziq-ovqat, farmatsevtika sanoatlari va boshqa qayta ishlash korxonalariga xomashyo sifatida ham sotishmoqda. Masalan, qovunqoqi tayyorlashdan soʻng hamda sifatsiz yoki yetilmay qolgan qovunlardan hosil boʻladigan poʻchoqlar quritilib, chorva uchun yemishga aylantirilyapti. Qovun urugʻi esa xorijiy xaridorlarga sotilyapti. Aytishlaricha, undan turli mahsulotlar ishlab chiqarishda zarur boʻladigan noyob yogʻ olishar ekan. Shu maʼnoda qovunning oʻzi bilan birga undan tayyorlanadigan qovun qoqi eksporti ham yil sayin ortib borayotganligini eʼtirof etish oʻrinli, albatta. Bilishimizcha, qovunqoqi oʻzimizning oziq-ovqat sanoatimizda, xususan, qandolatchilikda xomashyo sifatida ham ishlatilmoqda.

Yoʻnalishi Mirza vohasining janubiy hududlari boʻlgan “Bekobod shamoli” Oqchangalda ham esadi. Uni mahalla dehqonlari “Tabiiy hasharchi” deb ataydi. Negaki, ayni shamol tufayli maxsus dorlarga osib qoʻyilgan qovun tilimlarining qurib, qoq holiga kelishi tezlashadi. Darvoqe, qovunqoqi sarxilligini biroz yoʻqotgan va sal yetilmagan, lekin shirasi bor qovunlar etidan tayyorlanadi. Tilim shaklida kesilgan qovun eti poʻchoqdan ayriladi va suvga botirib olingach, dorga osiladi. Yaʼni suvga botirib olinsa, shirasi oqib ketmaydi, oʻzida qoladi. Aslida ham qovunqoqining suyimli yegulikligi ana shu shirasi va oʻziga xos iforidadir.

Dorga ilib chiqilgan tilimlar quyosh tafti yaxshi boʻlsa, uzogʻi bilan bir haftada tayyor boʻladi, ular yigʻishtirib olingach, dorlar yana toʻldiriladi. Qovunqoqi tayyorlashning mazkur birinchi bosqichi bilan dehqon borki, bari shugʻullanadi. Soʻngra hosil boʻlgan mahsulotlarini qadoqlovchi tadbirkorlarga topshiradi.

Hozir Oqchangalda qovunqoqini qadoqlash 10 dan ziyod tadbirkor tomonidan bajarilayotir. Dehqonlardan sotib olingan mahsulotlarga qadoqlovchilar bozorbop va xaridorlar eʼtiborini tortadigan shakl-shamoyil beradi, ular chiroyli qadoqlash vositasiga oʻraladi. Eʼtiborlisi, Oʻzbekistonda tayyorlangani haqidagi yorliqning bir chetida mahalla nomi ham bor.

— Mahallamizdagi oilalarning 70 foizi poliz mahsulotlari yetishtirish bilan shugʻullanadi, — deydi mehnat faxriysi, “El-yurt hurmati” ordeni va ”Shuhrat” medali sohibasi Norposhsha Farmonova. — Eʼtiborli jihati, dehqonlarimizning uzoq yillik faoliyati asnosida qishlogʻimizda qovunchilik boʻyicha xalq seleksiyasi va xalqona dehqonchilik texnologiyalari paydo boʻlgan. Deylik, dehqonlarimiz qovun urugʻini umuman chetdan olmaydi, imkon qadar, har biri kelgusi mavsum uchun urugʻlikni oʻzi tayyorlaydi. Urugʻ eng sara qovunlardan olinadi. Bunda uning shaklidan tortib toʻrlanishining mukammalligigacha – har bir jihati eʼtiborga olinadi.

Shu kunlarda ham Xovosdan Jizzaxu Zomin tomon yoki aksincha yoʻnalishda oʻtib borayotgan kishi borki, Oqchangaldagi xonadonlar hovlisidagi qovunqoqi ilingan dorlar qatorlariga koʻzi tushadi. Bir qarashda ular ishkomlarga oʻxshaydi. Ehtimol shu boisdir, kuzning oʻziga xos bu ajib va ajoyib manzarasini “Qovunqoqi bogʻlari” deb atagimiz keldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?