Olis hududlarda bayram shukuhi

15:07 13 Yanvar 2024 Jamiyat
533 0

Foto: "Xalq soʻzi"

Vatan himoyachilari kuni bayrami shukuhi Navoiy viloyatining olis hududlarida ham yurtdoshlarimiz qalbida faxr va iftixor tuygʻularini uygʻotmoqda. Chunonchi, olis Tomdi tumanining Hayot mahallasiga Mudofaa vazirligiga qarashli Zarafshon shahrida joylashgan harbiy qismga “Vatanparvarlik” karvoni tashrif buyurib, ular tomonidan “Yangi Oʻzbekiston armiyasi mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Tadbirda mustaqillik yillarida mamlakatimizda harbiy-siyosiy sohada amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar natijasida respublikamiz xavfsizligi va tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga qodir, mutlaqo yangi Milliy armiya vujudga kelgani, qoʻshinlarning shayligi, jangovar qobiliyati haqida soʻz yuritildi.

— Ushbu tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad eng chekka hududlarda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz qalbida Vatan himoyasi ishonchli qoʻllarda ekanligini namoyish etishga qaratildi, — deydi harbiy xizmatchi Nodirbek Boboyev. — Shuningdek, yoshlarda vatanparvarlik tuygʻularini kamol toptirish, shu maqsadda ular oldida turgan vazifalar tushuntirib oʻtildi.

Tadbirda faxriy qorovul qoʻshinlarining jangovar saf yurishlari hamda qoʻl jangidan mohirlik va epchillik namoyishi yoshlar qalbida harbiy burchlarini oʻtash hissini uygʻotgan boʻlsa, harbiy orkestr jamoasi ijrosidagi musiqa va qoʻshiqlar yigʻilganlarga xush kayfiyat baxsh etdi.

Bayram munosabati bilan Karmana tumanining “Yangi Oʻzbekiston” massivida” esa 28 nafar harbiy oilasiga yangi uy-joylarning kaliti topshirildi. Shu munosabat bilan uyushtirilgan tantanada soʻz olganlar, Qurolli kuchlarimizni zamonaviy qurol-aslahalar bilan taʼminlash, harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini oshirish barobarida ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ularni uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlashdi.

Turmush oʻrtogʻim yigirma yildan buyon harbiy xizmatda, — deydi Dilrabo Joʻrayeva. — Olti nafar farzandimiz bor. Shu paytga qadar Qashqadaryoda, Buxoroda xizmat paytida ijarada yashab kelgan edik. Bugun mana uch xonali kvartiraning kalitini olishimiz kutilmagan sovgʻa boʻldi.

Bayram tadbirlari viloyatning turli korxona va tashkilotlari, mahallalarida davom etmoqda.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?