Obodlik ko‘ngildan boshlanadi 

14:23 05 Avgust 2023 Jamiyat
1057 0

Samarqand viloyatining Payariq tumanidagi Oqqo‘rg‘on va Sorisuv mahallalarida “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish, hudud infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash va og‘ir hudud toifasidan chiqarish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Payariq tumani Oqqo‘rg‘on mahallasidagi faoliyati ayni shu mezonlar asosida amalga oshirilayapti. Bu "Obodlik xonadondan boshlanadi", "Obodlik ko‘ngildan boshlanadi", degan qadim haqiqatning real hayotimizdagi yana bir isbotidir. 

Prezident Xalq qabulxonasi, vazirliklar, qo‘mitalar va viloyat sektorlari mas’ullarining Oqqo‘rg‘on mahallasidagi o‘rganishlari natijasida umumfoydalanuvdagi Saroyqo‘rg‘on, Langar ko‘chalarining 3 km. qismini asfaltlashga kirishilgan bo‘lsa, Po‘latchi, Qiyot, Balandqo‘rg‘on kabi o‘nga yaqin tuproq ko‘chalar tosh yo‘lga aylantirilyapti. 

Hududdagi 480 ta eskirgan simog‘ochlarni beton ustunlarga almashtirish, 10,2 km. tarmoqni yangilash va uchta qo‘shimcha transformator o‘rnatish belgilab olinib, bu boradagi amaliy ishlarga kirishildi. Yo‘laklar ta’mirlanib, svetafor o‘rnatish, ta’lim va tibbiyot muassasalarini ta’mirlash, avtobekat qurish, mobil aloqa xizmatini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilyapti. 

Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklarda asosan yurak-qon tomir, asab kasalliklari va ortiqcha vazn bilan bog‘liq xastaliklar aniqlangani bois shifokorlar bemorlarni davolash bilan birga, to‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aholiga yetarlicha tushuncha-yu amaliy yordam ham berapti. “Keksalar salomatligi oyligi” doirasida uyma-uy yurilib, nuroniylar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilyapti. Bemorlar bepul dori-darmonlar, nogironligi bor insonlar reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlanyapti. 

Aholini ishli-daromadli qilish uchun ham bor kuch-imkoniyat ishga solinib, ijtimoiy himoyaga muhtoj 30 dan ziyod insonlarga tikuv mashinalari, motokultivator, payvandlash uskunalari olib berildi. Tomorqalardan samarali foydalanish, xonadonlarni obod qilish, uy-ro‘zg‘or madaniyatini rivojlantirish borasida turli targ‘ibot tadbirlari, ko‘rgazmali seminarlar o‘tkazilyapti. Intelektual musobaqalar oqqo‘rg‘onlik yoshlarning bilimini boyitayotgan bo‘lsa, Uch avlod muloqotlari avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy rishtani yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Qisqa muddatda ichki imkoniyatlar hisobidan Payariqning Oqqo‘rg‘on mahallasida ham “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari joriy qilinib, mazkur qishloq har jabhada eng namunaviy, obod, go‘zal hududga aylantiriladi. Bu tajriba keyinchalik viloyatning boshqa hududlarini qamrab oladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?