Obloqul Uzoqov — jasoratli oʻgʻlon
Obloqul Oʻrozboyevich Uzoqov 1922-yili Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Qoratepa qishlogʻida tugʻilgan.
Urush boshlanganda 19 yoshli Obloqul Samarqanddagi Oʻzbekiston davlat universitetining 3-kursini tamomlab, toʻrtinchi kursga oʻtgan edi. 1941-yili u armiya safiga chaqiriladi. 1943-yil avgustidan boshlab esa harakatdagi jangovar armiya tarkibida xizmat qiladi.
Savodli, yosh jangchilarga maʼnaviy mafkuraviy ustoz darajasidagi yosh Obloqul Uzoqov 62-gvardiya kavaleriya polkining 1-eskadroni komandiri boʻladi. U 61-armiya 7-gvardiyachi kavaleriya korpusining 16-gvardiyachi kavaleriya diviziyasi safida Markaziy frontda jang qiladi. Gvardiya serjanti Obloqul Uzoqov Chernigov yerida Dnepr daryosidan oʻtishda jasorat koʻrsatadi.
1943-yil 19-sentyabr kuni Ukrainaning Chernigov viloyatidagi Klochkov qishlogʻi uchun boʻlgan jangda nemislarning avtomatchilari Obloqul Uzoqov boshliq 1-eskadron jangchilari harakatini toʻxtatib qoʻyadi. Shu qishloqdagi “1 May” sovxozi uchun boʻlgan bu jangda jasur jangchi Obloqul Uzoqov fashistlar tinmay otayotgan pulemyotga orqa tomondan yashirinib kelib, bir nechta granata otadi. Jangchilarimizni qirib turgan dushman pulemyotining “ovozi oʻchiriladi”. Shu kunning oʻzida Chernish qishlogʻidagi koʻcha janglarida kavalerist jangchi yana bir jasorat koʻrsatadi. U bostirib kelayotgan nemis askarlarini yaqin kelishga yoʻl qoʻyib, keyin bir yoʻla 35 nafar fashist avtomatchisini yer tishlatadi.
Jasorat ketidan jasorat namunalari davom etar edi. 1943-yil 28-sentyabr kuni kechasi serjant Obloqul Uzoqov Dnepr daryosidan oʻtib, 1-eskadron jangchilarini daryodan oʻtishga yoʻl qoʻymayotgan dushman pulemyotini “tinchitadi”.
Sobiq SSSR Oliy Soveti Prezidiumining 1944-yil 15-yanvardagi farmoni bilan fashist bosqinchilariga qarshi kurashda jangovar topshiriqlarni namunali bajarganligi, koʻrsatgan jasorati va qahramonligi uchun gvardiya serjanti Obloqul Oʻrozboyevich Uzoqov Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni, Lenin ordeni va “Oltin yulduz” medali bilan taqdirlanadi.
Urushdan keyin Obloqul Uzoqov kolxoz raisi lavozimida, partiya-xoʻjalik ishlarida xizmat qildi. Fargʻona viloyati Dangʻara posyolkasidagi koʻchalardan biriga Sovet Ittifoqi Qahramoni Obloqul Uzoqov nomi berilgan. Qahramonimiz uzoq umr koʻrmadi, u 1955-yil 26-iyulda 33 yoshida vafot etdi. Urgut tumanidagi Qoratepa qishlogʻida dafn etilgan.
Abdulaziz Yoʻldoshev,
(Xalq soʻzi)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring