Nosfurushdan olingan jurnal

14:01 06 Avgust 2024 Jamiyat
278 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Olotlik Joʻraqul akani qay bir maʼrakada koʻrmang, davraning toʻriga oʻtqazishadi. Bu bejiz emas. Salkam yetmish yoshli bu inson hayotning pastu balandini koʻp koʻrgan. Dunyoqarashi keng. Fikri teran. Soʻzlaridan koʻp kitob oʻqigani shundoq sezilib turadi. Gazetxonligu jurnalxonlikni hali-hanuz kanda qilmaydi.

— Oʻshanda 1976-yil edi, — deb qoldi Joʻraqul aka bir suhbatida. — Men yuqori sinf oʻquvchisi edim. “Sharq yulduzi” jurnalining 12- sonini pochtalyon negadir uyimizga keltirmadi. Har gal soʻraganimda, meni bola koʻrib, “Jurnalning shu soni kelmadi”, deya gapni qisqa qilardi.Koʻnglimga qil sigʻmay qoldi. Oradan bir hafta oʻtib, pochta idorasiga bordim. Boshliqqa arz qildim. U qoʻlimdagi obuna varagʻiga razm solib, “Uyingga boraver, jurnalni eltib berishadi”, dedi.

Ertasiga kechga yaqin darvoza taqilladi. Chiqsam, velosiped yetaklagan pochtalyon turibdi. Qovogʻidan qor yogʻayapti. Xoʻmraygancha jurnalni uzatdi. “Seni deb tuman markazidagi bozorga borishga majbur boʻldim. Nosfurushdan sotib oldim”, dedi zarda bilan.

Men esa suyumli jurnalimning yetib kelganidan xursand edim. Unda eʼlon qilingan sheʼrlar, qissa va maqolalarni birma-bir oʻqishga tutindim. “Sharq yulduzi”ning ushbu sonini kitob javonimda alohida olib qoʻyibman. U menga bolaligimni, mutolaaga tashna damlarimni yodimga solib turadi. Aytmoqchi, jurnalning oʻsha sonidan taniqli adib va shoir Asqad Muxtorning bir turkum sheʼrlari, Samarqand davlat universitetida faoliyat koʻrsatgan taniqli olim Xudoyberdi Doniyorovning Alisher Navoiy va oʻzbek adabiy tiliga oid maqolasi, hikoya va taqrizlar oʻrin olgan.

Joʻraqul akaning aytishicha, u toʻplagan kitob va jurnallarni farzandlari ham oʻqib chiqishgan. Suhbatdoshimizning nafaqaga chiqquniga qadar qishloq maktabining old muallimlari qatorida turganini, oʻgʻil-qizlari nufuzli oliy oʻquv yurtlarida tahsil olishganini nazarda tutsak, bunda kitobu jurnal va gazetaning oʻrni katta boʻlganini anglash qiyin emas.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?