Nonning uvogʻi ham non

17:35 05 Avgust 2025 Jamiyat
490 0

— Zarifa Saidnosirovaning “Oybegim mening” asarini oʻqidim,— deb qoldi yaqinda gʻijduvonlik 80 yoshli otaxon Hakim Rajabov.— Unda yurakni “jiz” ettiradigan lavhalar koʻp. Lekin kitobdagi bir holat tafsilotini aytmasam koʻnglim joyiga tushmaydi.

Bir umr maktabda yoshlarga saboq bergan bu keksa adabiyot muallimining suhbatidan hamisha “nimadir” olasan, kishi. Gaplari maʼnoli. Magʻzi butun.

—Bilasiz, Zarifa opa buyuk yozuvchimiz Musa Toshmuhammad oʻgʻli Oybekning rafiqasi boʻladi,— davom etdi Hakim ota.— Asarda yozilishicha, adib kunlarning birida ijod qilayotib, “Zarifa, qornim och, juda ochiqdim”, deydi. Uy bekasi mushkul ahvolga tushadi. Chunki uyda yegani bir burda non ham yoʻq edi. Shunda Zarifa opa hujradagi xaltalarni titkilab bir hovuch yirik kepak topadi. Shakar qoʻshib qoviradi-da, uni dasturxonga tortadi. Nomi nimaligi nomaʼlum bu taomdan Oybek bir chimdim yeb, rafiqasiga “Sen ham ol”, deydi. Ammo ochiqqaniga qaramay, Zarifa opa taomga qoʻl choʻzmaydi. Uni ertalabga, bolalarning yeyishi uchun qoldirishadi. Non, farovon hayot qadru qimmati haqida bundan ortiq maʼnoli, sermazmun, mahzun hikoya boʻlishi mumkinmi?!

Darhaqiqat, urush borayotgan, qahatchilik avjiga chiqqan davrdagi bu kichik voqea tagida juda katta maʼno bor. Axir, oʻsha mashʼum ocharchilik yillarida ayrim odamlarning ilojsizlikdan kunjara yeb vafot etgani ham ayni haqiqat.

—-Shukr, tinch, farovon zamonda yashayapmiz,— deydi yana bir suhbatdoshimiz, romitanlik mehnat faxriysi Zuhra Qurbonova.— Bozorlarimiz toʻkin. Peshtaxtalardagi shirmoy nonu patirlarni aytmaysizmi? Ammo bu aziz neʼmatning qadriga yetishimiz kerak.

Non qadri haqida toʻxtalishimiz bejiz emas. Afsuski, yurtimiz toʻy- maʼrakalarida oziq-ovqat mahsulotlarini, jumladan, nonni isrof qilish davom etyapti. Ushatilganu ammo qoʻl ham urilmagan, oradan bir-ikki soat oʻtib suvi qochgan non burdalari qopga solinib, chorva mollariga berilayotgan hollar uchramoqda. Yirik shaharlardagi axlat toʻplash maydonchalarining ayrimlaridagi manzara esa yanada achinarli. Ularda qotgan va hatto mogʻorlagan bus-butun nonlarni koʻrib, “dod” deging keladi. Ocharchilik, qahatchilik yillarini boshdan kechirgan Oybegu Abdulla Qahhorlar bu holni koʻrishganida nima deyishgan boʻlardi, deya achchiq oʻyga tolasan kishi.

Taajjubki, oramizda “Ehtiyojdan ortib qolgan non nest-nobud boʻlayotgani yoʻq. Uni qoramollarga berishyapti”, deya eʼtiroz bildirayotganlar ham uchrayapti. Nahotki, ular non bani inson uchun yaratilgan eng bebaho neʼmat ekanini anglashmaydi?! U bejizga shoh neʼmat sanalmaydi. Dasturxon toʻridan joy olgunga qadar unga qanchadan-qancha kishining mehnati singadi. Ming bir mashaqqat bilan yetishtirilgan gʻallaning unga, keyin esa nonga aylanishi uchun juda katta kuch, energiya, mablagʻ sarflangan, axir. Qolaversa, dunyoning qay bir chekkasida, deylik, Gʻazoda yuzlab odamlar, begunoh bolalarning bir burda nonga zorligi, ochlikdan nobud boʻlayotgani achchiq bir saboq emasmi?!

—Koʻp narsa oiladagi muhitga, tarbiyaga bogʻliq,— deydi Z. Qurbonova.—Agar har bir ota-ona farzandlari ongu shuuriga nonning uvogʻi ham non ekanini singdirsa, bu borada oʻzi bolalariga oʻrnak koʻrsatsa ayni muddao boʻlardi. Oʻz navbatida muallimlar, kutubxonachilar ularda Zarifa Saidnosirovaning asariga oʻxshash non, tinchlik, toʻkinchilik qadru qimmatini anglatuvchi kitoblarni oʻqishga ragʻbat uygʻotsa biz yuqorida tilga olgan noxush hollar barham topadi, albatta.

Binobarin, nonning qadriga yetish, uning bir burdasini ham isrof qilmaslik azal-azaldan xalqimiz qadriyatlarining ajralmas bir boʻlagiga aylangan. Bu qadriyatga putur yetkazmaslik barchamizning burchimiz ekanini unutmaylik!

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?