Navoiyda bayram shodiyonalari

20:02 02 Yanvar 2023 Jamiyat
894 0

Foto: Xalq so‘zi

Yangi yil bayrami archalari Navoiy viloyatining shaharu tumanlarida qad rostlaganiga ikki haftadan oshdi. Turfa rang chiroq va oʻyinchoqlar bilan zeb berilgan bu archalar har kuni jajjilarning xushnud qurshovida. Archadan taralayotgan yogʻdular koʻngillarni ravshan etib, murgʻak qalblarga munavvarlik ato etadi.

Anʼanaga koʻra “Prezident archasi”ning asosiy shodiyonalari bu yil ham muhtasham “Farhod” madaniyat saroyida boʻlib oʻtdi. Bayram tadbiriga shahar va tumanlardan 200 nafar oilaviy bolalar uylari va Muruvvat uyi tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan oʻgʻil-qizlar va Vatanimiz tinchligi, sarhadlarimiz osoyishtaligi yoʻlida qurbon boʻlgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari farzandlari taklif etilib, viloyat hokimi Normat Tursunov ularni kirib kelayotgan 2023-yil bilan qutladi. Davlatimiz rahbarining bolalarga yoʻllagan Yangi yil bayrami tabrigi, shirinliklar, 3 turdagi oʻquv qurollari, elektron kitob, termos va shaxmat kabi jihozlardan iborat “Prezident sovgʻasi”ni topshirdi.

Bolakaylar shiftga qadar boʻy choʻzgan archa atrofida ertaklar sehrli olamiga sayr qildilar. Teatrlashtirilgan tomoshalarda bevosita ishtirok etib, bayramga oʻzlari tayyorlagan dasturlarni namoyish etdi.

Shunday bayram shodiyonasi Zarafshon shahridagi “Oltin vodiy” madaniyat markazida ham boʻlib oʻtdi. Mazkur bayram tadbiriga Zarafshon shahar va Tomdi tumanidan 48 nafar oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari, kam taʼminlangan oila farzandlari taklif etildi. Bayramda Navoiy viloyati hokimi oʻrinbosari Saʼdulla Mirzayev, Zarafshon shahri hokimi Nazirbek Raxmanov, Tomdi tumani hokimi Qayrat Aldaberganov bolajonlarni tabriklab, “Prezident sovgʻasi”ni topshirdi.

Tomoshalar katta konsert dasturi bilan davom etdi.

Temur ESHBOYEV,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?