Musibat yetganda oʻqiladigan 2 duo

07:22 30 Mart 2020 Jamiyat
96826 0

Inson hayotini birdek ravon, musibatlarsiz oʻtishini istaydi. Shu sababli, baʼzi insonlar boshiga biror kulfat yetsa tushkunlikka tushadi, noumid boʻlib nima qilishni bilmaydi. Aslida, har bir inson hayoti davomida turli qiyinchilik va musibatlarga duch keladi. Chunki bu hayot sinov va imtihonlardan iborat. Bu haqda Qurʼoni karimda bunday maʼlum qilinadi: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yoʻli bilan sinagaymiz” (Baqara surasi, 155-oyat).

Darhaqiqat, Alloh taolo qiyinchilik va musibatlar orqali bizni iymonimizni sinaydi. Mol-mulkning kasodga uchrashi, bemor boʻlish, kasallik yetishi, oʻqish yoki ishdagi muvaffaqiyatsizlik va h.k. barchasi sinovdir. Ushbu oyat har bir insonga musibat yetishiga dalolat qiladi.

Biror bandaga yetgan musibat Alloh taolo u bandani yomon koʻrganidan emas yoki aksincha bandaga yetgan neʼmat u bandani Alloh yaxshi koʻrganidan emas. Alloh taolo oʻzi xohlagan bandasini goh yaxshilik bilan baʼzan qiyinchilik bilan sinaydi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonga qay bir musibat: charchashmi, bemorlikmi, tashvishmi, xafachilikmi, ozormi, gʻam-gʻussami, hattoki tikan kirishmi yetadigan boʻlsa, albatta, Alloh ular ila uning xatolarini kafforat qilur”, dedilar (Imom Buxoriy, Muslim rivoyati).

Alloh taolo bandalarini yaxshilik bilan ham yomonlik bilan ham imtihon qilishini, har bir ish faqat Uning irodasi bilan boʻlishini bilgan musulmon musibatlarda oʻzini yoʻqotib qoʻymaydi.

Alloh taolo musibat yetganda sabr qilgan va musibatlariga “INNA LILLAHI VA INNA ILAYHI ROJIʼUN” deb aytib, yolgʻiz Oʻziga taslim boʻluvchi bandalarini madh etgan. Ular uchun tayyorlangan ulkan ajru mukofotlarning bashoratini bergan. Bu haqda Qurʼoni karimda bunday marhamat qilinadi: “Sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)! Ularga musibat yetganda: “Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz”, – deydilar. Aynan oʻshalarga Parvardigorlari tomonidan salavot (magʻfirat) va rahmat bordir va aynan ular, hidoyat topuvchilardir” (Baqara surasi, 155-157-oyatlar).

Yunus alayhissalom ham musibatga duchor boʻlganlarida: “LAA ILAHA ILLA ANTA SUBHANAAKA INNIY KUNTU MINAZZOLIMIYN”, deb Alloh taoloni zikr etdilar, yolgʻiz Alloh taolodangina umidvor boʻldilar. Natijada yetgan musibatlaridan forigʻ boʻldilar. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Zunnun (Yunus)ning (oʻz qavmidan) gʻazablangan holda (qishlogʻidan chiqib) ketib, Bizni unga qarshi chiqa olmaydi, deb oʻylagan paytini, soʻng (Biz uni baliq qorniga tashlaganimizdan keyin) qorongʻi zulmatlar ichra: “Sendan oʻzga iloh yoʻqdir. Sen (barcha) nuqsonlardan pokdirsan. Darhaqiqat, men (oʻzimga) zulm qiluvchilardan boʻldim”, – deb nido qilgan (paytini eslang!) Bas, Biz uning (duosini) ijobat qildik va uni gʻamdan qutqardik. Biz moʻminlarga mana shunday najot berurmiz” (Anbiyo surasi, 87-88-oyatlar).

Alloh taolo barcha moʻmin-musulmonlarni musibat, bemorlik va boshqa turli balo-ofatlardan Oʻz panohida saqlasin, ofiyat ato etsin.

Davron NURMUHAMMAD

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?