Muhtojlikdan qoʻziqorin qutqardi
Oʻtgan yilning sentyabri oxirida qoplardagi chigit qipigʻi – sheluxaga urugʻ sepib qoʻziqorin yetishtirishga kirishgan oila oradan toʻrt oycha vaqt oʻtgach salkam 40 million soʻm daromad koʻrdi. Gap Qorovulbozor tumanidagi “Boʻston” mahallasida istiqomat qiluvchi Ulugʻbek Hamidovning xonadoni haqida bormoqda. Vaholanki, oʻtgan yilning boshida ishsiz, daromadi yoʻqligi tufayli u kam taʼminlangan oilalar qatorida turgandi.
Aslida hech qanday moʻjiza yuz bergani yoʻq. Mahalla yettiligi Ulugʻbekda ishlash, nochorlikdan xalos boʻlmoq istagini koʻrib, unga yordam qoʻlini choʻzdi. Mahalladagi hokim yordamchisining tavsiyanomasiga koʻra, oila sohibiga bank tomonidan 33 million soʻm miqdorida kredit ajratildi. U. Hamidov shu sarmoyaning bir qismini qoʻziqorin yetishtirishni yoʻlga qoʻymoqqa sarfladi.

– Qoʻziqorin yetishtirish texnologiyasini obdan oʻrgandim, – deydi Ulugʻbek. – Menga maʼqul bir jihati, u qisqa muddat oraligʻida isteʼmol uchun tayyor boʻladi. Qolaversa, qoʻziqorinni yertoʻla yoki omborxona vazifasini oʻtaydigan joyda ham yetishtirish mumkin. Qopchalardan kuniga 10 – 15 kilogramm atrofida hosil olib, savdo doʻkonlariga yetkazayapmiz. Kilosi 30 ming soʻm atrofida.
Ulugʻbek Hamidovning qoʻziqorindan moʻmay daromad topayotganini koʻrgan mahalladagi ayrim ehtiyojmand oilalar ham “olma pish, ogʻzimga tush” deya yurishdan naf yoʻqligini anglab yetishdi. Axir, hududda yashayotgan 1300 nafarga yaqin aholi ixtiyorida jami 36 gektar tomorqa bor. Undan oqilona foydalanilsa kambagʻallik balosi yaqin ham yoʻlamaydi. Aytmoqchi, halol mehnat ortidan baraka topayotgan U. Hamidov xonadonini endi kambagʻal oilalar roʻyxatida uchratmaysiz.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Toshkent viloyatida Abdulla Oripov uy-muzeyi ochildi
- Senatorlar va Senat devoni xodimlari umumxalq hashari doirasida hududlarni obodonlashtirish ishlariga munosib hissalarini qoʻshdi
- Abdulaziz Komilov Boku forumida Yevroosiyoning yangi transport-logistika xaritasi va mintaqaviy xavfsizlik masalalarini ilgari surdi
- Qatardan oʻzbekistonliklarni evakuatsiya qilish jarayoni yakunlandi
- DXX bir nechta viloyatlarda yirik miqdordagi giyohvand moddalar savdosiga chek qo‘ydi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring