Moʻynoqlik maktab ochgan muallima

19:01 17 Iyun 2025 Jamiyat
246 0

Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Qoraqalpogʻistonning Moʻynoq tumanidagi “Qarajar” qishlogʻida Toshkentbay, Maxsetbay, Yerkinbaydan keyin bir qizaloq dunyoga keladi. Otasi Yeshan bundan xursand boʻlib, elga osh beradi. Onasi Aniypa opa nega oʻgʻillari emas, qiz farzandi tugʻilganida toʻy qilayapsiz, deb soʻrganda otasi uch oʻgʻlim bir toʻbe, bir qiz bir toʻbe yaʼni, uchta oʻgʻlim bir tomon, bitta qizim bir tomon, deb javob beradi. Dovruq bilan dunyoga kelgan oʻsha qizaloq Zulfiya Turdimuratova boʻlib tanilguncha qancha mashaqqatlarni bosib oʻtadi. Birinchi sinf oʻqituvchisi Rahima Jiyamuratovaga havas qilib, muallimlik kasbini tanlaydi.

Qoraqalpoq davlat universitetida qoraqalpoq tili va adabiyoti yoʻnalishida tahsil olgan muallima olim maʼlumotli boʻlib ovuliga qaytadi. Dastlab oʻzi tugʻilib oʻsgan qishloqdagi maktabda yuqori sinf oʻquvchilariga dars beradi. 1998-yil Moʻynoq tumanidan 30 kilometr olisdagi “Jalgʻiz terek” qishlogʻi aholisi boshlangʻich sinf oʻquvchilariga dars berishini iltimos qilishadi. Qishloqda oʻtgan asrlarda qurilgan maktab boʻlib, keyin buzib tashlangan, yangisini qurish uchun oʻquvchilar soni yetarli emas, deb topilgandi. Bu yerlik oʻgʻil-qizlar oʻz qishlogʻidan qariyb toʻqqiz kilometr uzoqlikda joylashgan 9-maktabga borib oʻqishga majbur boʻladilar. Uzoq yoʻl maktab oʻquvchilaridan qoʻshimcha vaqt va kuch talab qilar, ayniqsa, quyi sinf bolalari uchun u yerga borish qiyin edi. Oʻqituvchi Zulfiya Turdimuratova bolalardan xavotirga tushib, hashar yoʻli bilan ixchamgina bir xonali boʻlsa ham maktab qurish harakatiga tushadi. Oldiniga qamishdan maktab qurib, bolalarni oʻqitishni boshlaydi. Maktab bitta xonadan iborat, qamishdan tiklangani uchun na pol, na stol, stul bor edi. Muallima har kuni ertalab linoleumni yuvib, pechkaga oʻtin yoqardi. Tushgacha sinf xonasini isitib, bolalar kelishiga tayyorlardi. Tushdan kechgacha dars oʻtadi. Boshlangʻich sinfdagi 4 ta sinfga bir xonada dars berishga toʻgʻri kelganda ham qiyinchiliklarga boʻyin egmaydi. Bir vaqtning oʻzida 1-sinflarga harf oʻrgatib, 4-sinflarga yozma ish yozdirgan muallimaning kasbiga sadoqati va shijoatini ovuldagilar har doim qadrlagan. Ammo qamishdan qurilgan maktabi uzoqqa bormasdan buzilganida ovuldagi bolalarning taʼlimini oʻylab tunlarni tonglarga ulaydi. Har yakshanba ustozidan xabar olgani kelgan oʻquvchilari ham undan biror imdod kutadi. Ularning oʻqishga boʻlgan chanqoqligi va koʻzidagi ertangi kunga boʻlgan umid Zulfiya opaga yanada kuch bagʻishladi. Qishlogʻida quyi sinf oʻquvchilari uchun sinfxona qurish harakatiga tushdi. Turmush oʻrtogʻi bu gʻoyani qoʻllab-quvvatladi. Er-xotin bor chorvasini sotib, bankdan kredit oladi. Quruvchilarni yollab, maktab binosini qurishni boshladilar.

— Dastlab kredit olish niyatimiz boʻlmagan, oʻz mablagʻimizga qurishga kirishdik, — deydi maʼrifatparvar muallima. — Maktab qurish oson ish emas, binosini bitirguncha ogʻilxonadagi qoʻy-echkilarimizgacha sotdik. Ular ham tugagach, kredit olishga majbur boʻldik. U paytlar kredit olishni ham oʻzi boʻlmasdi, oylik maoshim yetmagani uchun kredit toʻlashga qobiliyati yoʻq, deb topildi. Keyin kafil izlab, koʻp ovora boʻldim. Bir kuni uyimizga mehmonga kelgan Marjon opadan kredit olishimga yordam berishini soʻrab iltimos qildim. U kafil boʻlgach, shu zahotiyoq tuman xalq taʼlimi boʻlimiga bordim. 2011-yilda shu kredit evaziga maktab qurildi. Bolajonlarimiz yana oʻz qishlogʻida boshlangʻich taʼlimni olish imkoniga egaligidan xursand boʻldim.

Yangi maktab qurilgach, Zulfiya opadan boshqa fidoyi oʻqituvchi topilmadi. Bir vaqtning oʻzida boshlangʻich sinflarga 26 soat darsni bitta oʻzi berdi. Maktabda nima yumush boʻlsa — pollarni yuvishmi, sinf xonalarini jihozlash yoki pechkaga oʻtin yoqishmi hammasini qilaverdi. Oilasi ham, farzandlari tarbiyasiga ham, mahalla-kuyning toʻyu maʼrakalariga borishga ham ulgurdi.

— Bugun oʻqituvchilarga yaratilgan shart-sharoitlarga havasim keladi. Ular internet orqali zamonaviy metodik qoʻllanmalar bilan tanishish imkoniyatiga ega, — deydi zahmatkash muallima Zulfiya opa. — Ilgari biron masalaga javob topish uchun bir necha kitoblarni axtarishga toʻgʻri kelgan. Koʻpincha ijtimoiy tarmoqlarda oʻz oʻquvchilari bilan talashgan yoki ulardan ranjigan pedagoglarni koʻraman. Yosh hamkasblarimga ular hali nihol, shirin soʻz bilan koʻngliga yoʻl toping, bilim bering, oʻz ishingiz bilan namuna boʻling, degim keladi.

Zulfiya opa dengiz koʻrgan xalqning qizi. Feʼlida ham moʻynoqliklarga xos boʻron turganda toʻlqinlarni joʻshtiradigan koʻtarilish, shamol tingach sokinlashish odati bor. Otasi unga akalariga oʻrgatgan barcha ishlarni oʻrgatgan.

— Yangi kelin boʻlib tushgan paytlarimda uyimizga mehmon keldi. Oʻn kilometr olisdagi doʻkonga borib kelish kerak boʻldi, — deydi Zulfiya Turdimuratova. — Shunda mototsiklni bir tepib oʻt oldirib, qaynsinglimni orqasiga oʻtqazib haydadim. Bu qishloqdagilar yangi tushgan kelinchaklar bogʻlaydigan roʻmolda mototsikl minib ketayotgan kelinchakni koʻrib hayron boʻlishgan. Keyin bilsam, u qishloqdagilar mototsikl mingan ayol koʻrmagan ekan. Bolaligimdan otamdan mototsikl boshqarish, hatto miltiqdan oʻq otishni ham oʻrganganman.

Moʻynoqlik oddiy muallima maktab qurish uchun olgan kreditini oʻz maoshidan oyma-oy toʻlab bordi. Xalqning bolalarini bilimli qilish uchun oʻz daromadidan voz kechish har kimning ham qoʻlidan kelavermaydi. Bu davlatning ishi deguvchilar koʻp. Ammo Zulfiya opa Vatan menga nima berdimas, men Vatanga nima berdim, deb yashaydi. Shuning uchun ham muallimaning kamtarona mehnati Prezidentimiz tomonidan “Sogʻlom avlod” uchun ikkinchi darajali ordeni bilan taqdirlandi. Hozirda oʻndan ortiq nevaralar koʻrib, farzandlar ardogʻida yashab kelmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер