“Millionlar oʻyini”ning professori

10:55 15 Fevral 2021 Sport
858 0

U “World Soccer” jurnali oʻtkazgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, oʻtgan asrning eng kuchli futbolchilari roʻyxatida 63-oʻrinni band etgan. Gap Braziliya terma jamoasining 1982 va 1986-yillarda boʻlib oʻtgan jahon chempionatidagi sardori Sokrates haqida bormoqda.

Sokrates soliq agenti va falsafaning muxlisi boʻlgan Raymundoning oilasida tugʻilgan.Ular oilada toʻrt farzand edilar. Qahramonimiz bolaligidanoq futbolga mehr qoʻydi. "Rano de Ouro" klubi uning birinchi jamoasi boʻlgandi.

— Bir kuni men maydon chetida turib futbolchilarning qanday mashgʻulot oʻtkazishlarini kuzatib turgandim, — deya eslagandi keyinchalik Sokrates. — Azbaroyi oʻyinchilar bilan birga shugʻullanish istagi kuchligidan murabbiy oldiga bordim. Men hatto uning ism – sharifini ham bilmasdim. Trener mendan qanday pozitsiyada oʻynashimni soʻradi. “Yarim himoya chizigʻi”da deb javob berdim. Buni qarangki, oʻsha pallada oʻng qanot ampluasida ular bir oʻyinchiga ehtiyoj sezishayotgan ekan. Murabbiy mening 11 yashar ekanimga, katta yoshli futbolchilar bilan oʻynashga tayyor yoki tayyor emasligimga, butsim yoʻqligiga qaramay shu chiziqda oʻynashimni soʻradi. Futboldagi faoliyatim shu tariqa boshlandi. Oradan ikki kun oʻtib klubning tillarang chiziq yuritilgan oppoq futbolkasini oldim. Oʻshandagi hissiyotlarimni soʻz bilan ifodalash mushkul...

Biroq otasi futbol oʻynashni taqiqlab qoʻydi. Chunki u toʻp ortidan yugurishni vaqtni behuda ketkizish deb bilar, bolalarining ilmli kishilar boʻlib yetishishlarini xoxlardi. Natijada Sokrates otasidan yashirincha futbol oʻynab yurdi.

16 yoshga kirganida u bilim olayotgan kollejning treneriga mahalliy klub "Botafogo"da ishlash taklifi tushdi. Murabbiy oʻzining toʻrt futbolchisini shu klubga chaqirib oldi. Ular orasida Sokrates ham bor edi.Klub bilan shartnoma tuzdi. Qizigʻi, bitimda qahramonimizning istagiga koʻra, bitta band kiritildi. Shu bandga muvofiq, klub uning oʻqishiga xalal bermasligi kerak edi. Gap shundaki, Sokrates bolaligidan shifokor boʻlish niyatida edi. Futbolni esa u shunchaki xobbi deb bilardi.

Shu tariqa besh yil davomida ham oʻqidi, ham futbol oʻynadi. Vrachlik diplomini olgach esa uni "Korintians" klubi xarid qildi. Mashhurlik borasida Braziliyadagi ikkinchi klub sanalgan bu jamoaning 2006-yildagi maʼlumotlarga koʻra, 24 million nafar muxlisi bor edi.

Qahramonimiz futbol maydonida yengilmas kurashchini eslatardi. Yaxshi driblingga ega boʻlishidan tashqari, aqlli futbol oʻynashni qoyillatardi. Toʻp bilan ajoyib muomala qilardi. Maydondagi harakatlarini sambo raqqosinikiga qiyoslashardi. Penaltini yugurmay turib tepardi. Sheriklariga toʻpni tovoni bilan pas berib raqib himoyachilarini noqulay vaziyatga tushirib qoʻyardi. 1983-yilda Sokrates Janubiy Amerikaning eng kuchli futbolchisi deb topilgani bejiz emas.

U 24 yoshidayoq maydonda “millionlar oʻyini”ning professoriga aylanib ulgurgandi.

Buning ustiga siyosat maydonida ham oʻzini koʻrsatdi. Braziliyaning oʻsha paytdagi harbiy rejimini oshkora tanqid qilib, demokratiya kurashchisiga aylandi. Bir gal u boshliq futbolchilar uchrashuvga “Gʻalaba qozon yoki yutqazgin, faqat demokratiya bilan” degan soʻzlar yozilgan banner bilan kelishgandi.

"Korintians" safida u 297 ta oʻyin oʻtkazib 172 ta gol kiritdi. Qanot oʻyinchisi uchun bu ajoyib natija. Toʻgʻri, topish-tutishi ham oʻyiniga mos edi. Oyiga 20 ming AQSH dollari ishlab topardi. Oʻsha pallada bu Braziliya futbolidagi eng katta maosh sanalardi.

Sokrates Braziliyaning "Botafogo“, ”Flamengo“, ”Santos“, Italiyaning ”Fiorentina“ klublari sharafini ham himoya qildi. Qayerda toʻp surmasin, muxlislar hurmatini qozondi. ”Futbol bu — sof sanʼat. Oʻyinchilar ijod qilishlari kerak» deb hisoblardi u. Qizigʻi, Sokrates koʻp yugurishni yoqtirmasdi. Yarim hazil, yarim chin qilib, “Pas berish imkoni bor ekan, yugurishning nima hojati bor? Axir, toʻp odamdan tezkorroq-ku” derdi.

1982-yilgi Braziliya terma jamoasi oʻz sardori Sokrates boshchiligida futbolni chinakamiga sanʼatga aylantirishgan edi. Jahon chempionatida ular namoyish etgan oʻyin kaminaning hamon koʻz oʻngida. Guruh bosqichidagi sobiq SSSR terma jamoasiga qarshi oʻyinda Pelening vatandoshlari 1:0 hisobida yutqazishayotgandi.Ana shunday hayajonli pallada aynan Sokrates javob toʻpini yoʻllagan, keyin esa katta sahnaga Eder chiqqan edi.

Toʻgʻri, jahon chempionligi italyanlarga nasib etgandi. Ammo tarkibida Ziko, Sokrates, Falkao, Eder va Serezo kabi yulduzlar boʻlgan braziliyaliklarning takrorlanmas, jozibador oʻyinlari barchani lol qoldirgandi. Ular magʻlubiyatga uchrashganida nafaqat braziliyalik fanatlar, balki butun dunyo futbol muxlislari yigʻlashgandi, desak mubolagʻaga yoʻymang.

Sokrates professional futbol bilan shugʻullana turib, San-Paulu universitetidan vrachlik diplomini ham oldi. Sportdagi faoliyatini tugatganidan soʻng esa filosofiya fanlari doktori ilmiy darajasiga erishdi. Muxlislar unga "Doktor Sokrates" laqabini bejiz berishmagan.

Futbol ortidan ishlab topgan pullarining koʻpini tibbiyot klinikasini ochish, rekonstruksiya qilishga sarfladi. Aytishlaricha, kabineti toʻrida buyuk faylasuf Suqrotning byusti turgan.

2011-yilning avgustida ogʻir xastalikka uchrab shifoxonaga tushdi. Sentyabrda sogʻayib chiqdi. Ammo 3-dekabrga kelib ahvoli yana ogʻirlashdi. Oradan bir kun oʻtib vafot etdi. Oʻshanda u 57 yoshda edi. Sokrates hayotdan koʻz yumganidan bir necha soat oʻtib qadrdon jamoasi "Korintians“ mamlakat chempionatining soʻnggi turida ”Palmeyras" bilan durang oʻynab, beshinchi bor chempion boʻldi. Oʻsha uchrashuv Sokratesning xotirasiga bir daqiqa sukut saqlash bilan boshlangandi.

Qahramonimizning oʻziga kelsak, oʻlimidan sal oldin bergan bir intervyusida “Meni ayollar, papiros va pivo adoyi tamom qildi”, degan edi.

Futbol maydonida oʻz jamoasi bilan manaman degan raqiblarni taslim etgan, klinikadagi faoliyati davomida yuzlab fuqarolarning salomatligini asragan professor buni qarangki, oʻzining salomatligi haqida qaygʻurmadi. Zararli odatlarni yengib oʻtolmadi. Oxir-oqibat ularga magʻlub boʻldi.

Istam IBROHIMOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?