Millat alami

Siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Xalq soʻzi” gazetasida eʼlon qilingan “Alamim bor...” nomli maqolasini oʻqib koʻnglimdan oʻtgan oʻylar
Mafkuraviy kurashlar avj olgan bir davrda yashayapmiz. Tarixlar taftish etiladigan kunlarga guvoh boʻlyapmiz. Bunday vaziyatda millatning mafkuraviy immunitetini koʻtarish, oʻtmishdan saboq olish, bugungi kunlarning qadriga yetish, kelajakni belgilash juda muhim.
Men siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Alamim bor...” nomli maqolasini bu boradagi boʻshliqni toʻldirish yoʻlida muhim tadqiqot deb hisoblayman. Bugun bizga aynan mana shunday — millatni birlashtiradigan, beparvolik, loqaydlik illatlariga qarshi kurashadigan maqolalar zarur. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mafkuraviy siyosatining tub mohiyatini ochib beradigan tadqiqotlar, izlanishlar kerak. Ayniqsa, yoshlarimiz qalbida Vatanga muhabbat uygʻotadigan, vorislik hissini beradigan fikrlar, mulohazalar juda zarur.
Oʻtmishdan xulosa chiqarish, tarix haqiqatlarini anglashimiz uchun ham “Alamim bor...” kabi maqolalar yozilishi, chop etilishi, keng ommaga havola qilinishi juda muhim. Maqsad kimnidir ayblash yoki oʻtgan yillarni qoralash emas, haqiqatni bilish, haqiqatni anglashdir. Jahonda yuz berayotgan mafkuraviy kurashlar bizni oʻylashga, mulohaza yuritishga undashi zarur.
Millat qalbidagi alamlarning nima ekanligini, ayniqsa, biz katta avlod vakillari yaxshi bilamiz, chuqur tushunamiz. Chunki oʻsha alamli yillarni biz oʻz koʻzimiz bilan koʻrganmiz, guvohi boʻlganmiz. “Alamim bor...” maqolasida aytilgan fikrlarning naqadar toʻgʻriligiga, muhimligiga iymon keltiramiz.
Qayerdasan, Afshona?
Samarqand davlat universitetining doʻstlari, hamkorlari boʻlgan ikki ulugʻ olimning ibratli ziyorati meni oʻyga toldirgan edi.
AQSHning Shimoliy Karolina universiteti professori, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot sohibi, Nobel mukofoti sovrindori, SamDU faxriy professori Aziz Sanjar Samarqandga tashrifi chogʻida, ulugʻ yoshga yetganiga qaramasdan safar mashaqqatlariga bardosh berib, salomatligi yaxshi boʻlmasa-da, buyuk olim Abu Ali ibn Sino tugʻilgan Buxoroning Afshona qishlogʻiga otlandi. Oʻshanda Amerikadan Samarqandgacha salkam 15 soat samolyotda uchib kelgan Aziz Sanjar Afshonaga borib, Ibn Sino tugʻilgan tuproqni koʻziga surtgandi.
AQSHning Texas universiteti professori, SamDU faxriy professori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi Anvar Zohidov Samarqandga tashrifi davomida Afshonaga borib Ibn Sinoni dunyoga bergan zaminni tavof etgandi.
Men oʻylab qolaman. Oʻzbekistonda tugʻilib, yashab Afshonani koʻrmaganlar qancha? Olimlik rutbasiga erishib, Ibn Sino tugʻilgan zaminni bilmaganlar qancha?
Aziz Sanjar Turkiyada tugʻilgan, butun umri Amerikada oʻtgan. Uning ish stoli oldida Mirzo Ulugʻbekning surati ilinib turar ekan. U Mirzo Ulugʻbek yashagan Samarqandni yaxshi koʻrib qolganini aytib, bu tabarruk tuproqda nafaqat tugʻilish, balki mangu qoʻnim topish ham baxt ekanligini taʼkidlagan edi.
Har ikki ulugʻ yoshdagi olimlarning ziyorati, eʼtirofi meni toʻlqinlantirib yuborgandi. Shu bilan birga, biz buyuk millat ekanligimizni, buyuk mamlakat ekanligimizni his qilishimiz uchun yana qancha vaqt kerakligini alam bilan oʻylagandim...
Sochilgan salohiyat
Dunyoning qudratli, taraqqiy etgan, rivojlangan qaysi bir mamlakatiga bormaylik, uning muzeylarida saqlanayotgan bizning bobolarimizga tegishli boʻlgan qoʻlyozmami, osori-atiqami, hatto bir buyummi olib ketilganiga, saqlanayotganiga guvoh boʻlasiz.
Alam bilan oʻylayman: bu moʻjizalarni biz yaratmaganmiz. Ular ulugʻ ajdodlarimiz mashaqqatli mehnatining mevasidir. Biz buyuk va boy madaniy merosni hatto saqlashning ham uddasidan chiqa olmaganmiz.
Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon 1980-yilda alam bilan yozganidek:
Juda tabarruk edi,
bu kosa.
Balki undan
Bobur bol yalagandir.
Balki undan
Hayyom may simirgandir.
Suv ichayotib sindiribsan-a,
landavur!
Biz dunyo boʻylab sochilib ketgan salohiyatimizni, hatto yigʻib olishga ham yaramadik. Mustaqillikning dastlabki 25-yilini havoga sovurdik. Aksincha, boy madaniy merosimizni oʻgʻirlash, talash, talon-toroj qilish davom etganligini afsus-nadomat bilan tan olishdan boshqa choramiz yoʻq.
Bu oʻrinda men vorislik, egalik haqida toʻxtalmoqchiman. Biz oʻzimizni anglashimiz uchun bir asrdan koʻproq vaqt kerak boʻldi. Baʼzan davrni ayblaymiz, baʼzan hamma narsani pulga taqaymiz. Lekin tan olgimiz kelmaydi: biz vatanparvar millat emasmiz. Agar vatanparvar boʻlganimizda edi, bugungi alam-iztiroblar oʻrnini boshqa tuygʻular egallagan boʻlardi.
Oʻzbekiston xalq shoiri Jamol Kamolning quyidagi esdaliklari yodimga tushdi. U mustabid tuzum davrida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Aleksandr Pushkin nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti institutida ishlagan paytni shunday xotirlaydi.
Ozarbayjonga xizmat safariga borgan shoir mazkur safar guvohnomasini rasmiylashtirish uchun mezbonlarga uzatadi. Shunda bir ozarbayjon yonidagi hamkasbiga: “Qara, Oʻzbek tili va adabiyoti instituti Pushkin nomida ekan”, deydi va davom etadi: “Oʻzbek tili va adabiyoti instituti direktori oʻrinbosari koreys ekan”, deydi. Buni eshitib oʻtirgan ozarbayjon Jamol Kamolga qarab: “Joning bormi, qardosh?” degan ekan.
Menimcha, izohga hojat yoʻq.
Maʼrifat qutqazgan
Tarixning qaysi bir davrini olib qaramang, oʻzbek davlatchiligining eng yuqori choʻqqisi maʼrifat va maʼnaviyat boʻlgan. Qaysi davrda maʼrifat kuchaygan boʻlsa, davlatchiligimiz mustahkamlangan.
Temuriylar hukmronligini tarozining bir pallasiga qoʻyadigan boʻlsak, Mirzo Ulugʻbek maʼrifati tarozining ikkinchi tomonini toʻldirib, tosh bosib turibdi. Bu haqiqatni inkor qilib boʻlmaydi. Millatni tanazzuldan maʼrifat olib chiqadi. Millatni maʼrifat yuksaltiradi. Millatni maʼrifat birlashtiradi.
Qachon nochorlashgan, qachon davlatchiligimiz xavf ostida qolgan boʻlsa, bu ham maʼrifatsizligimiz tufayli yuz bergan. Uzoqqa borish kerak emas. Chor Rossiyasi Turkistonni ishgʻol qilganda ham maʼnaviy-maʼrifiy, mafkuraviy ahvolimiz oʻta nochor edi.
Vatanparvarlik maʼrifat va maʼnaviyat bilan uygʻunlashgandagina haqiqiy vatanparvarlikka aylanadi. Men ilmsiz, maʼnaviyatsiz millatning vatanparvarligiga ishonmayman.
Vatanni, millatni tanish, anglash uchun ham ilm zarur. Ilmsizlik mustaqillikni xavf ostida qoldiradi. Men ilm dunyoviy va diniy ilmga ajratilishiga mutlaqo qarshiman. Bir butun ilm ajralmas, boʻlinmas ilm deb qaralishi kerak.
Har qanday ilm odami qadrlanishi, eʼzozlanishi shart. Olimi xoʻrlangan, ilm ahli oyoqosti qilingan millat hech qachon roʻshnolik koʻrmaydi. Ilmsiz taraqqiyotga ham, tinchlikka ham erishib boʻlmaydi.
Maʼrifatli jamiyat qurish orzusi hamma vaqt boʻlgan. Insoniyat ilmsizlikning nima ekanligini allaqachon tushunib yetgan. Mening nazarimda, vatanparvarlikning oʻzi ham ilm. Ilm boʻlganda ham, ulugʻvor ilm. Hatto mustabid tuzum yillarida ham vatanparvarlar boʻlgan, millatparvarlar boʻlgan. Toʻgʻri, qattol tuzum ularni mahv etgan. Ibrohim Moʻminov, Hamid Sulaymon, Hodi Zarif kabi buyuklarimizni afsus nadomat, alam-iztiroblar bilan eslaymiz. Ular boshida qilich turganiga qaramasdan, millatimizning, Vatanimizning ulugʻvorligini koʻrsatishgan.
Boshingni koʻtar, bolam!
Bosqinchilar, birinchi navbatda, xalqni bilimsiz, savodsiz qilishga intilishgan. Madrasalarni, masjidlarni vayron etgan. Qoʻlyozmalarni yoqqan. Olimlarni, ilm ahlini dorga osgan. Tarixni koʻmgan. Ilmsiz, tarixsiz, kitobsiz, olimsiz qolgan millatni esa boshqarish oson kechgan.
Bosqinchilar hamma vaqt tarixdan qoʻrqqan. Tarixni soxtalashtirishga intilgan. Millat yoshlarini tarixdan nafratlanishga undagan. Bosqinchilarga vatanparvarlar kerak emas edi. Ular oson boshqarish uchun millat tarixini chirkin tasvirlardi. Eng dahshatlisi, butun bir avlodlar yolgʻon mafkura qurboniga aylanishdi. Din-u diyonatdan uzoqlashgan millatning ertasi, hayotda yashashdan maqsadi boʻlmaydi.
Bolalarimizga biz, avvalo, buyuk millat ekanligimizni anglatishimiz, ularning ongidan qullik qarashlarini yoʻqotishga intilishimiz zarur.
Boʻgʻzimda bir nido bor: boshingni koʻtar, bolam! Sening qoningda Imom Buxoriy, Ahmad Fargʻoniy, Zamaxshariy, Xorazmiy, Termiziy, Nasafiy, Moturidiy, Margʻinoniy qoni bor. Sen ularning qonuniy vorisisan, merosxoʻrisan. Qachonki boshingni baland koʻtarsang, bobolaring kabi dunyoni zabt etasan. Ilm olishga intil. Ayniqsa, zamonaviy ilmlarni oʻrgan. Til bil, taraqqiyotga intil. Eng asosiysi, vatanparvar boʻl, millatparvar boʻl.
Kechikkan Nobel mukofoti
Mening doʻstim, Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjar suhbatlarimizdan birida quyidagi fikrni aytgan edi. Nobel mukofoti XX asr boshida taʼsis etilgan. Agar Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Fargʻoniy, Mirzo Ulugʻbek davrida ham shunday mukofot boʻlganida edi, oʻzbek xalqi Nobel mukofoti olganlar roʻyxatida birinchi oʻrinda turardi. Bunga hech qanday shak-shubha yoʻq.
Mening nazarimda, oʻzbek xalqi kabi boy tarixga, boy madaniy merosga, ulugʻ ajdodlarga ega boʻlgan xalqlar dunyoda juda kam. Alam qiladigani biz bir asrdan koʻproq vaqt davomida mana shu ulugʻ xazinadan uzib qoʻyildik. Kimlarning avlodi ekanligimizni unutdik. Qonimizdagi vatanparvarlik, millatparvarlik tuygʻulari majburiy sugʻurib olindi. Qattol tuzum zoʻr berib bizni oʻzligimizdan, ildizlarimizdan, qadriyatlarimizdan uzoqlashtirdi. Qullikning hamma usullarini joriy etdi. Millat muallaq qoldi. Hamma suyanch va tayanch olib tashlandi.
Alamlisi, biz hali-hamon oʻzligimizni topolganimiz yoʻq. Bizda vatanparvarlik, millatparvarlik hissi yetishmaydi.
Oʻzligini izlayotgan millat
Siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Alamim bor...” maqolasida koʻtarilgan gʻoya va fikrlarni aslida millat alami degim keladi. Bu maqola mening vujudimdagi alamlarni, afsus-nadomatlarni yuzaga chiqardi.
Bugun millatning har bir ziyolisi mana shu maqsad yoʻlida birlashishi kerak. Bu alamdan qutulish choralarini izlashimiz, topishimiz zarur.
Bu alam bizning vujudimizda bir asrdan ziyodroq vaqt davomida yashab kelmoqda. Bu alam ajdodlardan avlodlarga meros boʻlib kelmoqda.
Bu alam qalb-qalbimizga botib ketgan, uni uzib tashlash vaqti allaqachon kelgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu yoʻlda barchamizga ibrat. Davlatimiz rahbari mana shu alam-iztiroblarni yoʻqotish yoʻlida tinimsiz kurashmoqda.
Yangi Oʻzbekistonda bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy majmuasi millatning boshini baland koʻtarishi uchun asos, hujjat boʻladi. Millatning tafakkuridan qullikni butunlay bartaraf etadi. Millatni oʻzligiga qaytaradi. Oʻzlikni anglash imkonini beradi.
Siyosatshunos Qudratilla Rafiqov maqolasida taʼkidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev mafkuraviy siyosatining asl oʻzagi ham shu.
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring