“Mening Prezidentim”

14:30 11 Iyul 2023 Siyosat
883 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Kuni kecha xalqimiz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida oʻziga munosib rahbarni tanlab oldi. Dastlabki natijalarga koʻra, Shavkat Mirziyoyev yangi muddatga saylovchilarning 87,05 foiz ovozini oldi. Bu Yurtboshimizning olib borayotgan fidokorona faoliyatiga adolatli baho, ertangi kunga yuksak ishonch ifodasidir.

Prezidentimizning oʻtgan davrdagi faoliyatini, xalqning farovon hayotini taʼminlash yoʻlida olib borilayotgan islohotlar mohiyatini “Mening Prezidentim!” asarini oʻqib, teran mushohada qilasiz.

Kitob — taniqli siyosatshunos, koʻp yillardan buyon mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib xizmat qilib kelayotgan millat fidoyilaridan biri, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi Qudratilla Rafiqov qalamiga mansub.

Avvalo, asarning nomi haqida. Qariyb bir yarim asr mobaynida mustamlaka holida yashagan, oʻz milliy davlatchiligidan mahrum etilgan xalq vakili sifatida bugun: “Mening Prezidentim!” deya baralla aytish har bir Oʻzbekiston fuqarosi koʻnglida faxr-iftixor tuygʻusini joʻsh urdiradi.

Davlat rahbari faoliyatiga xalq baho beradi. Shu bois kitobda koʻtarilgan masalalarga muallif xalq nomidan, uning bir vakili sifatida yondashadi. Asarning nomi ham xalq fikrini ifodalaydi.

Kitobdan oʻrin olgan maqolalar, mushohadalar, talqinlar 2017 — 2021-yillar mobaynida yozilgan va oʻz vaqtida matbuotda eʼlon qilingan.

“Mard elga qayishadi” maqolasi 2017-yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi taʼsirida bitilgan. Unda oʻsha paytda siyosatda yangilik boʻlgan Murojaatnoma shaklining mazmuni ochib beriladi. Muallif ushbu yil toʻla maʼnoda inqilobiy yangilanishlar, insonni eʼzozlash, odamlar qalbiga yoʻl topish davri boʻlganini qayd etadi.

“Oʻzbekiston bahori” maqolasida Navroʻz talqinlari fonida Oʻzbekiston hayotida ham chinakam bahor boshlangani eʼtirof qilinadi. Innovatsiya bugungi siyosatning asosiy tamoyillaridan biri sifatida belgilangani taʼkidlanadi, davlat idoralari xalq bilan bevosita muloqotga kirishgani, endi odamlar banklar eshiklarini emas, banklar fuqarolar eshiklarini qoqa boshlagani, turli darajadagi rahbarlar xalq oldiga kelib, ahvol soʻrashni odat qilgani, klasterlar tizimi joriy etilayotgani va hokazo yangiliklar tahlilga tortiladi va ularning ahamiyati koʻrsatiladi.

“Yangilanayotgan Oʻzbekiston: tarixni kuchlilar yaratadi” tahliliy chiqishida avvalboshdan bir muhim masala koʻndalang qoʻyiladi: “...yangilanayotgan Oʻzbekiston dinamikasi oʻtmish xatolarini titkilab obroʻ topishni emas, odamlarning bugungi kunini farovon qilishni nazarda tutishi bilan ham ahamiyatlidir”. Muallif Shavkat Mirziyoyevning: “Odamlar ertaga emas, uzoq kelajakda emas, bugun yaxshi yashashi kerak!” degan aqidani hayotiy prinsipga aylantirganini taʼkidlaydi. Lekin bu — aytishgagina oson gap. Uni amalga oshirish uchun esa buni davlat siyosatining magʻiz-magʻziga singdirish talab etiladi. Shunday qilinyapti ham.

“Ilk va soʻnggi soʻzimiz: Vatan!” essesida milliylik masalasi qalamga olingan. Unda milliy gʻoya va mafkura bugun suv bilan havodek zarurligi uqtiriladi. Buning zamirida esa, tabiiyki, vatanparvarlik yotibdi. Chunki bugun eng qudratli deya eʼtirof etiladigan AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Yaponiya kabi davlatlar siyosati ham bir milliy gʻoya ustiga qurilgan. Shu maʼnoda, muallif bugungi Oʻzbekistonning mavqeyi faqat mamlakatimiz taqdiri bilangina bogʻliq masala emasligini oʻrtaga qoʻyadi. Buning uchun XX asrning taniqli siyosatshunosi Zbignev Bjezinskiyning XX asr 80 yillari oxirida mintaqamiz vaziyatiga baho berib aytgan: “Oʻzbekistonning mustaqilligi Oʻrta Osiyodagi boshqa davlatlarning yashab ketmogʻi uchun juda katta ahamiyatga ega”, degan fikriga tayanadi.

“Markaziy Osiyo: asriy orzular roʻyobi” maqolasida Oʻzbekistonning 2017 —2019-yillarda izolyatsiyadan chiqish siyosatini amalga oshirgani haqida soʻz boradi. Muallif “1991 va 2017-yillar orasida atigi bir kishi oqlangan boʻlsa, keyingi uch yilda 1 ming 705 nafar inson yangi hukumat siymosida adolat quyoshini koʻrganday boʻl”ganini, “2017-yilga qadar oʻtgan 10 yilda yurtimizga 14 million sayyoh kelgan boʻlsa, keyingi uch yilda ular soni 15 milliondan oshiqni tashkil et”ganini yozadi. Bu ochiqlik siyosati nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqamiz aholisi hayotida, qolaversa, dunyo siyosatida muhim yangilanish yasagani bilan gʻoyatda ahamiyatli ekani taʼkidlanadi.

“Mintaqa bahori”da esa “Prezident Shavkat Mirziyoyevning ezgu tashabbuslari Markaziy Osiyo hayotiga koʻklam nafasini olib kirdi” degan qayd bilan berilgan. Maqolada davlatimiz rahbari olib borayotgan yangicha siyosat mohiyati atroflicha tahlil qilinadi. Muallif ikki masalani oʻrtaga qoʻygan. Birinchisi — uzoq yillardan beri behalovat hayot davom etayotgan qoʻshni Afgʻonistonda tinchlik-osoyishtalik va barqarorlik oʻrnatish, ikkinchisi — mamlakatimizda kambagʻallikni kamaytirish siyosatini izchil amalga oshirish.

Bu ikki masala yuzaki qaragandagina bir-biriga aloqasi yoʻqdek tuyulishi mumkin. Amalda esa ular bir-biriga chambarchas bogʻliq. Muallif: “Shu ikki yoʻnalish, oʻylaymanki, nafaqat Oʻzbekistonning milliy manfaatlarini oʻzida aks ettirishi bilan, balki butun bir mintaqa hayotiga doxilligi bilan ham ajralib turadi. Qolaversa, bu “milliy konsepsiya” Oʻzbekistonning tashqi imijiga ham ijobiy taʼsir etadi”, deb yozadi.

Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlarini porloq kelajak kutmoqda. Bu — Janub bilan tigʻiz iqtisodiy-ijtimoiy aloqalarni oʻrnatish orqali amalga oshadigan ezgu gʻoya. Chunki, toʻgʻri taʼkidlanganidek, har qanday davlatning taraqqiy etishi bugun jahon bozoriga qay darajada kirib borishiga bevosita bogʻliq. Bizni Janubda juda katta bozor kutib turibdi. Axir Afgʻoniston, Eron, Pokiston va Hindistonda dunyo aholisining beshdan biri, yaʼni 1,5 milliard kishi istiqomat qiladi. Markaziy Osiyo esa Afgʻonistonni ham qoʻshganimizda 100 million kishilik mintaqa. Shu hududning markazida Oʻzbekistonimiz joylashgan. U amalda mintaqadagi qolgan besh davlatning hammasini oʻzaro bogʻlaydi. Bu bizga juda katta muvofiqlashtirish imkonini beradi. Biroq ana shu katta bozorga kirib borishimiz uchun Afgʻoniston yillar mobaynida oʻtib boʻlmas changalzorday boʻlib yotibdi. Agar shu mamlakatda tinchlik va osoyishtalik oʻrnatilsa, u yerda moʻtadil muhit paydo boʻladi, barqarorlik yuzaga keladi, zamonaviy taraqqiyot boshlanadi.

Qayd etilganidek: “Prezidentimiz boshlagan tinchlik yoʻli esa mintaqa iqtisodiyoti arteriyasini qirq yillik tiqinlardan tozalab, Markaziy Osiyo tomirlarida xuddi bir paytlardagidek “toza qon” oqishini taʼminlaydi. Bu oʻz koʻlami hamda natijadorligiga koʻra juda ulkan ishdir”.

Muallif, albatta, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy-tijoriy tomonlarini nazarda tutgan. Biroq buning ulkan maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyati ham bor. Avvalo, koʻhna tariximiz Afgʻoniston bilan chambarchas kechgan. Kushon davlatini olamizmi, somoniylar yoki Gʻaznaviylar davlatlarini koʻzda tutamizmi, temuriylar, shayboniylar davlatlarini oʻrganamizmi — barchasida oʻzaro tutash taqdirga duch kelaveramiz.

Xususan, temuriylar davrida Hirotni poytaxt qilgan Xuroson davlatining ravnaqini, uning mintaqa maʼnaviy-maʼrifiy hayotida tutgan oʻrnini bir tasavvurimizga keltiraylik. Hirot amalda temuriylar saltanatining Samarqanddan keyingi yirik poytaxti edi. Ehe, bu yerda Xuroson va Movarounnahr xalqlarining qanday-qanday buyuk madaniyatlari shakllandi, ravnaq topdi, olamshumul yodgorliklar bunyod etildi?! Birgina adabiyot olamida Mavlono Lutfiy, Mavlono Abdurahmon Jomiy, Husayniy (Husayn Boyqaro), hazrat Alisher Navoiy, Husayn Voiz Koshifiy, Shayxim Suhayliy, Kamoliddin Binoiy, Atoulloh Husayniy kabi zotlar maydonga chiqdi. Loaqal, buyuk oʻzbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy merosini puxta-pishiq, har taraflama ilmiy oʻrganish, ularda tilga olingan makon bilan bogʻliq nuqtalarni yoritish uchun ham mutaxassislarimiz Hirot koʻchalarida qadam-baqadam yurishi, shu muqaddas tuproq changini yutishi, shu ulugʻ ajdodlarimiz qabrlarini ziyorat qilishi... kerak emasmi?!

Maqolada mamlakatimizda kambagʻallikni kamaytirishga qaratilgan yangicha siyosatning alohida urgʻu berib taʼkidlangani ham bejiz emas. Axir, “kambagʻal” soʻzidan shu qadar qoʻrqdikki, goʻyo buni tan olishni uyat bildik, oʻrniga “kam taʼminlangan” degan sunʼiy, kitobiy bir atama ham yaratib oldik.

Siyosatshunos hatto Yaqin Sharq mamlakatlaridagi terroristik harakatlarda Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolarining ishtirok etishini ham aynan kambagʻallik omili bilan bogʻlaydi. Chunki ishsiz odam arzimagan har qanday chaqa uchun yurtini, eʼtiqodini, millatini sotib, yot gʻoya targʻibotiga qoʻshiladi, qoʻliga qurol ham oladi. Bu — juda yomon koʻrgulik. Axir, tayinli ishi, muntazam va kafolatli daromadi bor, shunga bola-chaqasini boqayotgan, orzu-havasini koʻrib yashayotgan kishini kim ham yoʻldan ura oladi?!

“Koronavirus tahdidi va birdamlik simfoniyasi. Uni birgalikda ijro etishimiz shart” maqolasi oʻz vaqtida, yaʼni mamlakatimizda “tojdor” virus karantini boshlangan birinchi oyda bitilgan. Unda yuzaga kelgan murakkab vaziyat tahlil etilib, davlatning bu boradagi pozitsiyasi batafsil yoritilgan.

“Ezgulik gʻalabasi va tarixiy adolat”da esa mamlakatimizda 9-mayni nishonlash bilan bogʻliq yangi munosabat mohiyati tushuntirilgan. 2020-yil shu kuni poytaxtimizda gʻalaba bogʻi ochildi. Undan oʻzbekistonliklarning janglardagi ishtirokidan lavhalar, front ortidagi hayot aks etgan kompozitsiyalar oʻrin oldi. “Shon-sharaf” davlat muzeyida shonli tariximiz oʻz ifodasini topdi. “Mirziyoyevning fidoyiligi va vatanparvarligi bilan tarixiy adolat tiklanmoqda. Oʻzbek xalqining jasorati qanchalik buyuk ekanini tarix isbotlamoqda”.

“2020 — millatni ulgʻaytirgan yil” maqolasida gap 2020-yilning ogʻir kelganidan boshlanadi: koronavirus pandemiyasi, xalqaro Olimpiada oʻyinlarining qoldirilgani, Buxoroda sodir boʻlgan shiddatli toʻzon, Sardoba toshqini, Soʻx voqealari... Muallif yuragida bor gapni ochiq aytadi: “Prezident Mirziyoyev oʻsha ogʻir damlarda, kulfat va falokat ustimizga yopirilib kelgan damda men bilgan Shavkat Miromonovichdan yuz karra kuchli, matonatli va irodali, xalqi uchun, eli uchun jonini berishga tayyor bir yovqur afsonaviy vatan oʻgʻloniday koʻz oldimda namoyon boʻldi”. Soʻng bu fikrini qator fakt va dalillar bilan isbotlaydi ham.

Muallifning “Assalom, yangi Oʻzbekiston! Buyuk tarixiy hodisa — Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida oʻzbek tilida soʻzlagan nutqini tinglab...” tahliliy chiqishi eʼtiborga molik. Materialda nutqning mazmuni chuqur tahlil etilishi bilan birga, xalqimiz va davlatimiz tarixida yuz bergan muhim bir yangilik — nufuzli jahon minbarida ona tilimiz yangragani ahamiyati koʻrsatib beriladi.

“Vatan va millat qaygʻusi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqidan keyingi oʻylar...” maqolasida mamlakatimizda taʼlim-tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan tub burilishlar haqida soʻz boradi. U kichik-kichik fasllardan tashkil topgan. Ulardan biri “Tarixning izmi shaxslar qoʻlidadir” deb nomlanadi. Aslida, bu — azaliy bahs: tarix shaxslarni yaratadimi yoki shaxslar tarixnimi? Sarlavha esa muallifning “Shaxslar tarixni yaratadi”, degan komil ishonchini tasdiqlaydi. U Shavkat Mirziyoyev siymosida ana shunday shaxsni koʻradi.

“Ezgulik va bunyodkorlik xaritasi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasini oʻqib...” tahliliy chiqishida maʼlum maʼnoda, biz uchun juda murakkab kechgan 2020-yilga baho beriladi. U Toshkentda qattiq zilzila yuz bergan 1966-yilga oʻxshatiladi. Muallif Prezident tashabbusi bilan mamlakatimizda yoʻlga qoʻyilgan “ayollar daftari”, “yoshlar daftari” va “temir daftar” tushunchalarining hayotimizda paydo boʻlishi, singishi, siyosiy leytmotivga aylanishi jarayonlarini ochib beradi. Qisqa fursat, yaʼni atigi toʻrt yilda Oʻzbekiston erishgan eng asosiy yutuqlar bir-bir sanaladi. Jumladan, Oʻzbekiston rahbarining tarixda ilk bor BMT minbarida oʻzbek tilida nutq soʻzlagani, mamlakatimizning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi (hozirgi Turkiy davlatlar tashkiloti)ga toʻlaqonli aʼzo boʻlgani, milliy gʻurur, oʻzlikni tanitish borasida Prezidentimiz siyosati Markaziy Osiyo mintaqasi hayotiga sezilarli taʼsir qilayotgani koʻrsatib beriladi.

“Oʻzlik sari yoʻl”da muallif mustaqillikning dastlabki 30 yilga yaqin davrida jamiyat “siyrati” oʻzgarishi ancha qiyin kechganini aytib, buni, bir tomondan, oʻtish davridagi mahdudlik bilan bogʻlasa, ikkinchi tomondan, davlatning oʻzi jamiyatning milliylashuvidan qoʻrqqanini vaj qilib koʻrsatadi. Muallif mamlakatimizda davlat tilini jamiyatning keng qatlamlarida joriy etish boʻyicha keyingi yillarda amalga oshirilayotgan tub islohotlarni tahlil qiladi.

“Dunyo bilan boʻylashmoq istagi” maqolasi Prezidentimizning jahon tillarini oʻrganishga bagʻishlab oʻtkazgan videoselektor yigʻilishi taʼsirida qogʻozga tushirilgan. Mamlakatimizda bugun kamida 10 ta til oʻqitiladi. Bular — ingliz, rus, nemis, fransuz, xitoy, koreys, yapon, turk, arab va fors tillari. Ammo “...til oʻrganish bugun qanchalik dolzarb ahamiyat kasb etishiga qaramay, milliy jamiyatlar oldiga “global taʼsir”lardan himoyalanish masalasini ham koʻndalang qoʻyayotir. Bu, eng avvalo, etnik xususiyatlar, jumladan, milliy tilni rivojlantirish va parvarishlashni nazarda tutadi”.

“Millatparvar”ni befarq oʻqib boʻlmaydi. Unda avval mustabid tuzum, keyin oʻtish davrining murakkab kechgan yillarida xalqimizning ijtimoiy ahvoli qanday boʻlgani birrov koʻz oldimizda gavdalantiriladi-da, soʻnggi yillarda bu borada amalga oshirilgan islohotlar mohiyati ochib beriladi. Chunki unda muallif mamlakatimizda odamlar turmushini boshqa qutbga keskin burib yuborgan favqulodda islohotlar toʻgʻrisida yozishni maqsad qilgan. Maqolada Oʻzbekiston ijtimoiy-siyosiy tizimida “ohang” — aksent oʻzgargani hayotiy misollar asosida koʻrsatiladi. Shu asosda Prezidentning “Millat lideri” sifatidagi faoliyati yoritiladi.

“Mening Prezidentim!” falsafiy-publitsistik essesi, uzukka koʻz qoʻygandek, kitobning xulosasi yangligʻ oʻqiladi. U 2000-yillarda AQSH Davlat departamenti axborot boʻlimi tomonidan tayyorlangan hisobotdagi mana bu qimmatli fikrlar bilan boshlanadi: “Xalq demokratik davlatning avom raiyati emas, balki fuqarosidir. Qachonki davlat oʻz fuqarolarining huquqlarini himoya qilsa, bunga javoban fuqarolar ham davlatga nisbatan sadoqatli boʻladi...”

Endi mana bu mulohazaga ham eʼtibor qarataylik: “Odamlarning davlat tushunchasidan qoʻrqishi, taysallashi, bir huquqshunos doʻstimiz koʻp takrorlaganidek, xalqning huquqiy savodi pastligida emas, balki xalqning davlat haqidagi tasavvurlari dahshatli xotiralar bilan toʻlib-toshib ketganida edi”. Shavkat Mirziyoyev zimmasida shu tasavvurni oʻzgartirish vazifasi turardi. “Prezident yaxshi tushunar ediki, baxtsizlikka duchor etilgan jamiyat bilan kuchli va qudratli davlat qurib boʻlmaydi. Qolaversa, davlatning asosini tashkil etuvchi xalqsiz “buyuk kelajak” haqida oʻylashning oʻzi mantiqsizlik edi”.

Esse, demak, ushbu kitob ham mana bunday adolatli soʻzlar bilan yakun topadi: “Bu qariyb yuz yil davomida xalq tomonidan davlatga berilayotgan ilk xolis baho, mafkuralashmagan, oddiy va samimiy “Mening Prezidentim!” degan kalomdir!”

Kuni kecha boʻlib oʻtgan saylov natijalari bu yorqin ibora oʻz mazmun-mohiyati bilan odamlarimiz qalbidan chuqur joy olganini yana bir bor isbotladi. Xalqimizning tanlovi zamirida oʻz yoʻlboshchisiga — davlat rahbariga ham ishonch, ham mehr, ham faxr-iftixor tuygʻulari mujassam. Shuning uchun kitob oʻquvchi qalbini yanada yoritib yuboradi, uning hamrohiga, hamroziga aylanadi.

Muslihiddin MUHIDDINOV,

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti professori,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi,
“El-yurt hurmati” ordeni sohibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?