Markaziy Osiyo xavfsizlik va hamkorlik forumi

22:39 13 Iyul 2023 Dunyo
1512 0

Qozogʻiston poytaxti Ostona shahrida birinchi Markaziy Osiyo xavfsizlik va hamkorlik forumi boʻlib oʻtmoqda. Unda AQSH, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Singapur, Turkiya, Belgiya, Ozarbayjon, Moʻgʻuliston va boshqa mamlakatlar, shuningdek, Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan 60 nafardan ortiq xalqaro maʼruzachilar ishtirok etmoqda. Ular orasida yirik tahlil markazlari rahbarlari, xalqaro munosabatlar, davlat boshqaruvi, jahon iqtisodiyoti va xavfsizligi sohasidagi nufuzli ekspertlar, diplomatlar va yirik xalqaro tashkilotlar vakillari bor.

Tadbir oldidan boʻlib oʻtgan brifingda mazkur xalqaro anjumanning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida soʻz bordi.

— Markaziy Osiyo mintaqasi Yevroosiyo makonining Sharq va Gʻarb, Shimol va Janub oʻrtasidagi bogʻlovchi koʻprikka aylanib bormoqda. Bu mintaqa davlatlari oʻrtasida siyosiy va iqtisodiy hamkorlikka keng yoʻl ochmoqda, — dedi Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qozogʻiston Strategik tadqiqotlar instituti direktori Erkin Tukumov. — Oxirgi statistik maʼlumotlar Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti oʻsishi va ularning tashqi savdosi oshib borayotganini koʻrsatmoqda. Mintaqadagi qoʻshni beshta davlat global iqtisodiy munosabatlarga yanada integratsiyalashish, oʻzaro konstruktiv hamkorlikni rivojlantirishga intilmoqda.

Forumning ochilish marosimida Prezident Qosim-Jomart Toqayevning forum ishtirokchilariga murojaati oʻqib eshittirildi. Unda taʼkidlanganidek, Markaziy Osiyo xavfsizlik va hamkorlik forumi mintaqa mamlakatlari barqarorligi, hamjihatligi va taraqqiyotini taʼminlash yoʻlida intellektual kapitalni mustahkamlashga xizmat qiladi.

“Osiyo oʻzgaruvchan dunyoda: kelajak uchun kun tartibi” shiori ostida oʻtkazilayotgan forum global xavfsizlik muammolari yuzasidan muloqot va bu boradagi hamkorlik yoʻllarini izlashga bagʻishlangan yalpi majlisi bilan boshlandi.

Panel muhokamalarida “Osiyo globallashuv va mintaqaviylashuv davrida: kelajak qiyofasi”, “Yevrosiyoning yangi qitʼaviy oʻzaro bogʻliqligi: oʻrta yoʻlak va integratsiya muloqoti”, “Innovatsiyalar va “aqliy fikrlar” uchun global raqobat”: yangi texnologiyalar, sunʼiy intellekt va inson kapitali”, “Osiyoda hamkorlikning yangi normalari, qadriyatlari va tamoyillari” kabi zamonamizning dolzarb mavzularida fikr yuritilyapti, bahs-munozaralar boʻlib oʻtmoqda.

Shu bilan birga, bugun dunyoning geosiyosiy manzarasi shiddat bilan oʻzgarmoqda. Ana shunday murakkab pallada xalqaro jarayonlarning yangi voqeliklariga oʻz vaqtida moslashish ichki va mintaqaviy taraqqiyotga zarur turtki berishi mumkin. Binobarin, turli darajadagi yangi muloqot platformalarini yaratishning ahamiyati oshadi. Bularning barchasi diplomatiya, davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, madaniyat va biznes chorrahasida innovatsion gʻoyalarni keltirib chiqaradigan oʻziga xos munozara maydoniga aylangan Xavfsizlik va hamkorlik boʻyicha birinchi Markaziy Osiyo forumining dolzarbligidan dalolat beradi.

Nurlan USMONOV

(“Xalq soʻzi”).

Ostona, Qozogʻiston

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?