Maʼrifat shami shamolda oʻchmagay

16:56 06 Yanvar 2026 Jamiyat
394 0

Yaratganning betimsol qudrati va inoyati ila koʻkdan yogʻayotgan yomgʻir tomchilari yergacha bir-biriga tegmasdan tushganidek yoki uchqunlayotgan qor parchalarining shaklan bir-birini takrorlamaganidek, har bir inson ham oʻzgacha, qalb, feʼlu atvor, aqlu zakovat, nazaru nigoh, orzu-armon bobida va yana koʻplab jihatlarda bir-birini takrorlamaydi! Bu moʻjizaga teng haqiqat ayni kunlarda biz uchun isbot talab qilmas aksiomaga aylangan albatta.

Shu maʼnoda, odamzod oʻzi bilmagan, yaxshi tanimagan inson toʻgʻrisida ishonchli soʻz aytmogʻi dushvor. Ana shu dushvorlik bois qalam qoʻlda doim ham qitirlamaydi. Soʻzlar daftar betida nurlanmaydi. Bordi-yu, siz soʻz aytmoqni niyat qilgan inson chehrasi, shaklu shamoyili koʻz oʻngingizda oftoblanib tursa, sohir suhbatlaridagi oʻtli fikrlari qulogʻingiz ostida jaranglab tursa, qalbingiz sizdan soʻramasdanoq qalam qidiradi, aytmoqchi boʻlgan soʻzlaringiz shamolsiz ham yuragingiz novdalaridan tutdek toʻkilaveradi.

Men taniqli adabiyotshunos olim, professor, serqirra ijodkor, fidoyi pedagog, bagʻrikeng ustoz, talabchan rahbar — oʻz ilmiga amal qilayotgan zamonamiz allomalaridan biri Nurboy Jabbor haqida ikki ogʻiz soʻz aytmoq imkoni tugʻilganidan quvondim. Boisi men hurmatli, fozil olimimizni ham siyratda, ham suvratda kuzatganman, oʻzimcha oʻrganganman. Bu koʻplab anjumanlar, festivalu uchrashuvlar asnosida birga safarlarga chiqib, hamroh, hamfikr, hamdard boʻlganimiz mahsuli. Ana shu baland-past yoʻllarda sinalgan olim doʻstim, oqil ukam soʻzdan saodat topgan odil inson sifatida dil ehtiromimni qozongan, desam, nokamtarlik boʻlmas.

Nurboy Jabbor haqida oʻylaganimda, shu kabi iliq va sharafli tuygʻular meni qurshab oladi. Aksincha, bir-biriga yelka tutgan xush niyatlar koʻngilda duo yangligʻ yuz ochadi. Bu niyatu duolarimning qoʻri bor. U ham boʻlsa, oʻz kasbu koridan, niyatidan, harakatidan, amalidan baraka topgan insonga boʻlgan samimiy hurmat, eʼzozu ehtirom qoʻri...

Nurboy Jabbor qanchalik katta olim, ilmu fan kishisi boʻlmasin, minbarga tuygʻular toʻfoni bilan chiqadi va ich-ichdan “Bismilloh”i qaynab, sohir ovozi yayrab, soʻz boshlaydi. Bu nutqlar asnosida soʻz ilmining unvoni-yu, aqlning orini, soʻzning latofati-yu, fikrning farogʻatini tuyasiz. Nogahon dilingizdan “Xudo bergan odam-da, baraka topsin”, degan oʻy kechadi.

Professor va notiq Nurboy Jabborni chuqurroq bilganingiz, kashf etganingiz sari bu tuygʻu, bu xulosa qalbingizni mustahkam zabt etaveradi. Bu Alloh ato etgan isteʼdod ifodasi, Yaratganning hammaga ham ato etavermaydigan ilohiy bir nazarini atrofdagilarga koʻngil koʻzi ila koʻrsatilishi boʻlsa, ajab emas.

Shaklan balandparvoz, aslan samimiy va chin gaplarim qalbimga yoʻq yerdan tushib qolgan yoxud boshqa maqsadlarga qaratilgan emas. Bu soʻzlarim Nurboyning lutfida koʻrganim — nur taassuroti; soʻzidagi samimiyat, oʻzidagi oddiylik, kamol kasb etgan kamtarlik fazilati — barchasi unga yarashib turadi. Qaddi tik, oʻziyam Alpomish kelbat olim ukam, bir tomondan, oʻzbek oʻgʻlonlarining boʻy-basti, ovozi, ilmu tafakkuri, odamgarchiligi va mardligi, or-nomusi va shijoati haqida olam ahliga soʻzsiz soʻzlab turadi! Bu koʻksi baland, tilagi toza, niyati, ishi, amali ezgu inson bilan zamondosh ekaningiz, bir millatga mansubligingizdan quvonib ketasiz – ehtimol bu quvonchning nomini faxru iftixor deyishar!

Nurboy Jabborning umr daftariga bir qur nazar tashlasak ham oydin tuygʻular ogʻushida qolamiz. Rasmiy manbalarni titkilaymiz va koʻzimiz ushbularga tushadi: adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori (2004), professor (2011), Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Oʻzbek adabiyoti kafedrasi mudiri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Uyushma qoshidagi Adabiyotshunoslik, adabiy tanqid kengashi raisi.

Bu ilmiy daraja va unvonlar ortida bir umrga teng mashaqqatu zahmatlar, koʻz yoshlar, shodliklar va topishu yoʻqotishlar borligini oʻylaganda, bir necha ming chaqirim yoʻlni qoru yomgʻirda, saratonu boʻronlarda, ustiga-ustak, yayov bosib kelayotgan jafokash odam koʻz oldingizda gavdalanadi. Ulkan universitetning nufuzli kafedrasini boshqarish asnosida olimlarga rahbar boʻlish, kengash raisi sifatida millat adabiyoti taqdiriga tutashib yashash, ishlash, gapirish balki osondir. Lekin...

Aslida Nurboy Jabborning halovatsiz hayoti va tigʻiz faoliyati oʻzini qiynab, oʻz holiga qoʻymaydigan, hamisha bedoru harakatda boʻlgan odamgina bu yangligʻ ulkan natijalarga erishishiga bir isbotdir! Axir “Men talantman! Xudo bergan isteʼdodman!” desangiz-u, yotaversangiz, jonni qiynab, qonni qaynatmasangiz, oʻsha isteʼdod yuzaga chiqadimi?!

Keling, rasmiy maʼlumotni yakunlab qoʻyaylik. Nurboy Jabbor 1966-yil 1-yanvarda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida tugʻilgan. 1990-yil Toshkent Davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) Oʻzbek filologiyasi fakultetini bitirgan. 1990—1993-yillarda H.Sulaymonov nomidagi Qoʻlyozmalar institutida aspirant, kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim lavozimlarida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borgan. 1998-1999-yillarda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti doktoranti. 1999-2016-yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti kafedrasi dotsenti, kafedra mudiri, Oʻzbek filologiyasi fakulteti dekani lavozimlarida faoliyat yuritgan. Shuningdek, “Fidokor” gazetasi boʻlim mudiri, “ Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi boʻlim mudiri, bosh muharrir oʻrinbosari, “Tafakkur” jurnali bosh muharriri oʻrinbosari lavozimlari ham ishlagan.

2016-yildan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti oʻzbek adabiyoti tarixi kafedrasi professori, 2017-yildan mazkur kafedra mudiri lavozimida samarali mehnat qilmoqda.

Bular lavozim, daraja va faoliyat yoʻli.

Ana endi, Nurboyni Nurboy Jabbor qilgan ilmiy va badiiy mahsullarga toʻxtalsak. Zotan, dehqonning ishi ketmonining kattaligi bilan emas, hosili va uning sifati ila oʻlchangay. Shu nuqtayi nazardan olib qaraganda, muhtaram olimimiz gʻoyat sermahsuldir. Binobarin, Mulla Olim Maxdum Hojining “Tarixi Turkiston”, Imom Gʻazzoliyning “Daqoyiq ul-axbor”, Muhammad Rizo Ogahiyning “Zubdat ut-tavorix”, shuningdek, Muqimiy, Furqat kabi oʻnlab klassiklarimizning toʻplamlari-yu, devonlarini qoʻlyozma manbalar asosida soʻzboshi, ilmiy izohlar, lugʻat va koʻrsatkichlar bilan nashr ettirgani ham shijoat, ham jasorat inʼikosidir.

Oʻzining esa, “Maʼrifat nadir” (2010), “Zamon, mezon, sheʼriyat” (2015), “Adabiyot va milliy maʼnaviyat” (2015), “Maoniy ahlining sohibqironi” (2021) singari baquvvat kitoblari nashr etilgan. U oliy oʻquv yurtlari uchun chiqarilgan “Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti” darsligining hammuallifi hamdir.

Nurboy Jabbor bu koʻzni qamashtirar darajotga oʻz-oʻzicha erishib qolmadi. Ulugʻ ustozlar etagidan mahkam tutdi. Ulardan nafaqat saboq oldi, balki hayot maktablaridan, umr ibratlaridan ham bahramand boʻldi, oʻrgandi. Shu maʼnoda, Nurboy haqiqiy ustoz koʻrgan chinakam shogird. Ustozlari haqida soʻz ketsa, dastlab fanimiz dargʻasi, betakror adabiyotshunos olim, akademik Aziz Qayumov nomini tilga oladi. Domla, avvalo, diplom ishi rahbari, qolaversa, otalarcha mehr bilan yosh shogirdining boshini silagan, H.Sulaymonov nomidagi Qoʻlyozmalar institutida aspirant boʻlib qolishga daʼvat etgan kuyunchak bir homiydir. Shuningdek, azizu mukarram ustoz, Oʻzbekiston Qahramoni, betimsol, fidoyi inson, daryodil adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov, ulugʻ jadidshunos, maʼrifatparvar ustoz Begali Qosimov, adabiyotshunos olim Sharif Yusupov yosh ilmi tolib hayot yoʻlida “yoʻlchi yulduz” boʻlganlar.

Qush uyasida koʻrganini qiladi, deganlaridek, Nurboy Jabbor ustozlarining barcha fazilatlari, millatsevarligidan to vatanparvarligi, odamoxunligini oʻzi uchun dasturil amal qilib oldi. Aks holda, uning oʻzi ham donish ustozga aylanib, 8 shogirdi fan doktori, 29 nafar tolibi fan nomzodi va falsafa doktori boʻlib kamolga yetarmidi?!

Farzand orzulariga eshik oʻz oilasi ostonasida ochiladi. Nurboy ana shu ostonada turib, olamga bolalikning begʻubor nigohi ila boqqan. Dehqonobod tumanining Otkamar qishlogʻining qiru adirlarida chillak oʻynab, mol boqib, oʻt oʻrib, xas-hashak yigʻib, ammo oʻzining pokiza tuygʻularini qalbida gʻuborsiz asray olgan. Ana shu olamjahon orzular uni birov tanib, birov tanimagan qishloq – Otkamardan olimlik dunyosiga yetaklab kelgan, desam, toʻgʻri boʻladi.

Ehtimol Nurboy 85-yil umr koʻrgan muhtarama volidasi Mashhura ayaning xizmatlarini oʻzi orzulagandek bajarolmagan, oʻrniga qoʻyolmagandir, ammo 100-yil yashagan, tom maʼnoda umrguzaronlik qilgan padarbuzrukvori Abdulhakim otaning duolarini olish baxtiga muyassar boʻldi. Nurboy yana shuni alohida iftixor bilan taʼkidlaydiki, oʻzi bilgan bobokalonlarining hammasi – deyarli yetti avlodi Qurʼon ilmidan xabardor boʻlgan qoriyu qurrolardan boʻlgan.

Qolaversa, bir asrni qaritgan Abdulhakim otaning yostigʻi ostida Imom Gʻazzoliy, Nosiruddin Rabgʻuziy, Maxtumquli, Soʻfi Olloyor, Hoja Ahmad Yassaviy kabi buyuk mavlonolarimizning kitoblari turgan. Eʼtiborlisi, ana shu kitoblardagi shohbaytlardan yuzlabini u suyukli farzandiga yoddan aytib bergan, shuuriga zilol buloq suvi kabi quygan!

Bu ifodalar Nurboyning koʻngliga koʻchgan. U ham bugun ming-minglab satrlarni yoddan aytadi. Xususan, Nurboy Jabbor bilan, yuqorida keltirganimdek, turfa safarlarda, koʻp anjumanlarda hamroh boʻlganimda, hazrat Navoiy gʻazallaridan oʻqib berishini iltimos qilaman. Nurboy durdonalarni nafaqat shirali ovozda oʻqiydi, balki aruz vazni hijolariga moslab, musiqiy ohangda ijro etadi. Buni har qanday odam huzur qilib tinglaydi! Balki otasi gʻazallarni shunday oʻqib bergandir...

Ammo yaqinda bilganim shu boʻldiki, Nurboy Jabbor yaxshi musiqiy bilim sohibi ham ekan. “Qaro koʻzim” ushshogʻini uncha-buncha hofizdan kam kuylamas ekan. Soʻzim avvalida “serqirrali ijodkor” deganim rostligiga hurmatli oʻquvchilarimiz ham shohid boʻlmoqdalar.

Nurboy Jabbor qadim bobolari, momolarining ezgu anʼana, tutumlarini munosib davomchisiga aylangan farzand. Buning eng yorqini – oila. Nurboy oʻz oilasi misolida ham koʻplab yosh oilalarga namuna boʻlmoqda. Rafiqasi Shahloxon bilan bir kursda tahsil olib, koʻzlar koʻzga tushganda mehr, muhabbat nurlari taralgan. Bu nurlar umr birligiga bolish tutdi. Kursdoshlar turmush qurishdi va bu oila osmonini maʼrifatu muhabbat chirogʻi bir zum tark etmadi. Xudoyim ato etgan ikki oʻgʻil, ikki qiz ham ilmni bayroq qilib koʻtarishmoqda. Shahloxon Hojiyeva ham zavji kabi filologiya fanlari doktori, Oʻzbekiston milliy universiteti professori.

Toʻngʻich oʻgʻli Sirojiddin Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti menejment fakulteti oʻquv ishlari boʻyicha dekan oʻrinbosari, ayni kez iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori. Katta qizi Oybarchin esa Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti universitetining filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, ayni paytda shu oliy oʻquv yurti doktoranti. Ikkinchi oʻgʻli Jaloliddin boʻlsa, Xitoyning nufuzli oliy taʼlim dargohi – Jiyansu universiteti magistranti, oʻzi sharqshunos, xitoyshunos. Kenja qizi Muslimabonu Toshkent davlat tibbiyot universiteti stomatologiya fakulteti bitiruvchisi. Kelinlari ham umr yoʻldoshlari kabi ilm fidoyilari, asta-sekin bu borada ham maqom kasb etmoqda.

Tangri ato etgan shirindan shakar sakkiz nabiraning orzulari bobosi, buvisi, ota-onalariga mosu xos. Koʻz tegmasinki, havas qilsa, arzigulik oilasi ham bor Nurboyning. Halol mehnat, mehru muhabbat, qadru qimmat qaror topgan oila, albatta, saodatli oila boʻlishining bitta isbotidir bu!

“Baxtni Tangridan soʻra, ilmga oʻzing yetish”, deydi allomalar. Nurboy Jabbor shaxsiyati, oilasiga tegishli baxt — bu ilmu hikmatdan kelgan baxt. Tinimsiz mashaqqatning mevasi. Meva totli boʻlsa, boli tilda qoladi. Niyatimiz — Nurboy Jabborning oʻzi, oila aʼzolari tilidan ham, dilidan ham ana shu bol arimasin. Taʼbir joiz boʻlsa, Nurboy yoshlikda muvaffaqiyatga erishgani bois, mana, oltmish ostonasida donishmandlik eshigi zulfini taqillatyapti. U oʻziga yarashtira olgan bu qutlugʻ nazar muborak boʻlsin, bardavom boʻlsin. Ayon haqiqat shuki, maʼrifat shami shamolda oʻchmagay, maʼrifatli inson esa qalbdan qalblarga nur boʻlib oʻtgaydir. Nurboy oʻz ismiga mos – ana shunday muzayyan nur sohibidir.

Umr oqar suvdir, daryosi boʻlak,

Yaxshini el ichra ziyosi boʻlak,

Sizga doʻstu yorni duosi boʻlak,

Sogʻu omon boʻlsin oltin boshingiz,

Doʻstim, qutlugʻ boʻlsin oltmish yoshingiz.

Nabiralar navosiga joʻr boʻlib,

Rafiqangiz vafosiga qoʻr boʻlib,

Yetmish, sakson, toʻqsonda ham zoʻr boʻlib,

Yuzda palov boʻlsin suygan oshingiz,

Doʻstim, qutlugʻ boʻlsin oltmish yoshingiz.

Mahmud TOIR,

Oʻzbekiston xalq shoiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер