Margʻilon shahridagi 130 ta koʻp qavatli uy isitish tizimi yangilandi
Foto: Xalq so‘zi
Bu yilgi anomal sovuq sharoitida nafaqat viloyatlar, hatto poytaxt tumanlarida ham koʻp qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi issiqlik va issiq suv taʼminotida qator muammolarga duch kelgani sir emas.
Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan Margʻilon shahrida yaqin kunlarda yakuniga yetkazilayotgan loyiha hudud aholisining ayni shu masalada yillar davomida toʻplanib qolgan muammolariga uzil-kesil barham bermoqda.

Loyihaga koʻra, ipakchilar shahridagi “Guliston”, “Zuhro”, “Miltiqsoz”, “Chilonzor”, “Saxovat” mahalla fuqarolar yigʻinlarida mavjud 130 ta (5 ming 711 ta xonadondan iborat) koʻp qavatli uylarning 123 tasida isitish tizimi toʻliq yangilandi, qolgan uylarda tajriba-sinov ishlari yakuniga yetkazilyapti. Eʼtiborlisi, har bir xonadonga zamonaviy issiqlik radiatorlari 3 yil davomida boʻlib toʻlash sharti bilan oʻrnatib berildi.
— Uning anʼanaviy loyihalardan asosiy farqi shundaki, bunda jahon tajribasi asosida innovatsion texnologiyalardan keng foydalanilmoqda, — deydi Fargʻona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi axborot xizmati rahbari Sardorxon Sodiqxonov. — Yaʼni har bir koʻp qavatli uyning yertoʻla qismida zamonaviy issiqlik elevatori (ITP) oʻrnatilgan boʻlib, mazkur qurilma har qanday ob-havo sharoitida ham barcha xonadonlarga bir meʼyorda issiqlik quvvati berilishini taʼminlaydi.
Bunday oʻzgarishlardan esa, tabiiyki, hudud aholisi mamnun.
— Gapning ochigʻi, qish-qirovli kunlar yaqinlashsa, yurak hovuchlab oʻtirar edik, — deydi Margʻilon shahri “Zuhro” MFY A. Yassaviy koʻchasida joylashgan 2-uy, 4-xonadon sohibi Gulbahor Shokirova. — Shu xayrli tashabbus boshlanganida uning toʻliq samara berishiga ishonmaganlar ham boʻldi. Ammo dastlabki sinov kunlarining oʻzida xonadonlarimiz isib, ijobiy oʻzgarish boʻlgach, nihoyat bu boradagi muammolarimiz barham topganidan quvondik.
Zamonaviy, energo tejamkor texnologiyalar oʻrnatilishi natijasida shahardagi ushbu 130 ta koʻp qavatli uyda bir yil mobaynida 15,4 mln. kub metr tabiiy gaz, 29,5 mln. kVt elektr energiyasi iqtisod qilinadi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, buning samarasi sifatida hudud aholisi kommunal toʻlovlardan har yili 14,5 milliard soʻm mablagʻni tejab qolishga erishadi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
- Surxondaryoda 3 ming yillik shahar qoldiqlari topildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring