Maʼnaviy poydevor mahsuli
Oʻzbekiston va Pokiston xalqlari oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik rishtalari nafaqat joʻgʻrofiy yaqinlik, balki Buyuk Ipak yoʻli chorrahalarida shakllangan umumiy madaniy qadriyatlar va islom sivilizatsiyasining mushtarak anʼanalariga asoslanadi. Bu aloqalarning maʼnaviy poydevorini buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur va Boburiylar sulolasi tomonidan qoldirilgan beqiyos ilmiy-madaniy meros tashkil etadi.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi diplomatik mahorat va doʻstlik tarixida alohida oʻrin tutgan voqealarga boy misollar talaygina. Xususan, bundan rosa 60-yil avval, 10-yanvar sanasida imzolangan Toshkent deklaratsiyasi mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy aloqalarning tiklanishida muhim debocha boʻlgan edi. Oʻshanda Pokiston Prezidenti Ayub Xon va Hindiston Bosh vaziri Laʼl Bahodir Shastri ishtirokidagi muzokaralar uchun aynan Toshkentning tanlanishi tasodif emas edi. Bu tanlov zamirida Toshkentning asrlar davomida mintaqaviy tinchlik markazi boʻlib kelgani hamda har ikki davlat xalqlari uchun Boburiylar sulolasidan meros qolgan yuksak ehtirom va maʼnaviy yaqinlik tuygʻusi mujassamdir.
Bugungi kunda ushbu maʼnaviy meros zamonaviy taʼlim va ilm-fan sohasida ham izchil davom ettirilmoqda. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida salkam 75-yildan buyon urdu tili, adabiyoti va Pokiston tarixi chuqur oʻrganilib, malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. Hozirda 1500 nafarga yaqin pokistonlik yoshlar Oʻzbekistonning yetakchi oliy oʻquv yurtlarida tibbiyot, muhandislik va gumanitar sohalarda tahsil olmoqda.
2021-yilda Pokistonning Panjob universitetida Bobur merosi markazi, Peshovar universitetida esa Alisher Navoiy nomidagi markaz oʻz faoliyatini boshladi. Bu maskanlar oʻzbek tili va boy madaniyatimizni Pokiston jamiyatida keng ommalashtirishga xizmat qilmoqda.
Davlatlarimiz rahbarlari oʻrtasidagi samimiy va ishonchli muloqot strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqdi. Prezidentimiz 2022-yildagi Pokistonga tarixiy tashrifi va ikki yil oʻtib esa Pokiston Bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharifning Oʻzbekistonga javob tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda “yangi oltin davr” boshlanganidan dalolat beradi.
Bugungi kunda nafaqat madaniy-gumanitar, balki transport-logistika, tranzit va savdo sohalaridagi qoʻshma loyihalar mamlakatlarimizni Janubiy va Markaziy Osiyoni bogʻlovchi mustahkam halqaga aylantirmoqda.
Oʻtgan yilning kuzida pokistonlik yozuvchi Muhammad Abbos Xon “Oʻzbekiston: “Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” kitobini yozdi. Oʻta koʻtarinki ruhda asarning Islomobod va Toshkentda taqdimotlari boʻlib oʻtdi. Darvoqe, kitobga Pokiston Bosh vaziri soʻzboshi yozgan, bu esa Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning gʻoyalari hamda global tashabbuslariga boʻlgan chuqur hurmat va eʼtirofning yorqin ifodasidir.
Pokiston yetakchisi Oʻzbekiston rahbari bilan mintaqalararo aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan yirik qoʻshma transport-kommunikatsiya loyihalarini roʻyobga chiqarish boʻyicha amaliy faoliyatlarning davom etayotganini mamnuniyat bilan taʼkidlaydi.
Mamlakatlar Buyuk ipak yoʻli anʼanalarini qayta tiklabgina qolmay, balki ularga yangicha maʼno va mazmun ham baxsh etishmoqda. Birgalikda tovarlar, gʻoyalar va madaniyatlar ravnaq topgan, insoniylik tamoyillariga asoslangan hamkorlik, ishonch va barqaror taraqqiyot makonini yaratmoqdalar.
“Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston va Oʻzbekiston birgalikda faqat ikki davlat oʻrtasidagina emas, balki global ahamiyatga ega Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mintaqalari orasida ham mustahkam hamkorlik koʻprigini qurayotganini taʼkidladi”, deydi M.Sh.Sharif va hamkasbining barcha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashini qayd etadi.
Oʻtgan hafta “Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti Pokiston nigohida” mavzuidagi boʻlib oʻtgan xalqaro davra suhbatida ham mana shunday keng miqyosdagi hamkorlik davom etayotgani taʼkidlandi.
Tadbirda soʻz olgan Pokiston “Daily ITTEHAD” media guruhi rahbari Tohir Faruk Shavkat Mirziyoyev tarixga tayangan, innovatsiyalar bilan boyitilgan va inklyuziv oʻsishga qaratilgan Uchinchi Renessans islohotlar modelini taklif etganini taʼkidlab, Oʻzbekistonda boy tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash va tiklash, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy markazlarini yaratish, muqaddas qadamjolarni tiklash kabi yoʻnalishlarda olib borilayotgan siyosat aholining oʻzligini anglashi, madaniy va intellektual jihatdan oʻsishi hamda “ziyorat turizmi” salohiyatini oshirish va zamonaviy turizm infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qilayotganini eʼtirof etadi.
Notiq bu boradagi tizimli ishlarning Pokiston jamoatchiligida katta qiziqish uygʻotayotgani aytadi. “Bu kabi saʼy-harakatlar umumiy oʻziga xoslikni mustahkamlaydi, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishga koʻmaklashadi va sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqotni rivojlantiradi. Pokiston bu sohadagi akademik almashinuv, ilmiy hamkorlik hamda madaniy diplomatiya orqali yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor” deydi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi munosabatlar shunchaki diplomatik aloqalar emas, balki mushtarak manfaatlar va strategik sheriklikka asoslangan yangi tarixiy davrni boshidan kechirmoqda. Bu ijobiy oʻzgarishlarni nafaqat siyosatchilar, balki koʻp yillardan buyon ikki xalq oʻrtasida maʼnaviy koʻprik boʻlib kelayotgan jamoat arboblari ham alohida eʼtirof etmoqda.
Qariyb 45-yildan buyon yurtimizda istiqomat qilib, samarali faoliyat yuritayotgan Muhammad Abbos Xonning taʼkidlashicha, Pokiston jamiyatida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan keng koʻlamli islohotlar katta qiziqish va hayrat bilan kuzatilmoqda.
“Bu islohotlar va ularning ijobiy natijalari nafaqat Oʻzbekistonning ravnaqiga xizmat qilmoqda, balki Pokiston jamiyati, qolaversa, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining oʻzaro bogʻliqligini taʼminlashda, global miqyosdagi barqaror taraqqiyotni qaror toptirishda beqiyos ahamiyatga ega”, — deydi Muhammad Abbos Xon.
Global geosiyosiy oʻzgarishlar va iqtisodiy tebranishlar sharoitida Oʻzbekiston va Pokiston hamkorligi oʻziga xos muvaffaqiyat namunasiga aylanmoqda. Mamlakatlarimiz nafaqat siyosiy iroda, balki strategik loyihalar orqali geografik va sunʼiy toʻsiqlarni muvaffaqiyatli yengib oʻtmoqda.
Bu hamkorlikning kelajakdagi ustuvor yoʻnalishlari, xususan, “Termiz — Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar" temir yoʻli loyihasi Markaziy Osiyoni Hind okeani portlari bilan bogʻlovchi eng qisqa yoʻl sifatida mintaqaviy savdo hajmini bir necha barobarga oshirishga xizmat qiladi.
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Oʻzbekistonning 7 ta moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlari AYSESKO roʻyxatiga kiritildi
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- “Real Madrid” magʻlubiyatga uchradi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring