Kutib ol, dunyo...

Sharl de Goll, Uinston Cherchill, Franklin Ruzvelt, Yelizaveta II, Li Kuan Yu... Endi esa Shavkat Mirziyoyev!
Mendan Shavkat Mirziyoyevning bugungacha el-yurtimiz oldidagi eng buyuk xizmati nimadan iborat, deb soʻrashsa, hech ikkilanmay, Oʻzbekiston va xalqimiz shaʼnini, obroʻsini qayta joyiga qoʻyganida, deb ayta olaman. Zotan, kechagacha millatimizning ham, mamlakatimizning ham qimmati qanday boʻlganini biz juda yaxshi bilamiz.
Oʻzbekiston desang, Pokiston, Afgʻoniston va yana boshqa ...istonlar nomini tilga olib, bevosita yoki joʻrttaga talmovsirab turadigan xorijliklar munosabatini koʻp koʻrar va bu bizning shaʼnimizni kamsitardi. Til, milliy tilimizning ahvoli haqida-ku, umuman gapirib oʻtirmasa ham boʻlardi. “Biz mustaqil boʻldik”, “Erkinlikni qoʻlga kiritdik”, deb doʻppimizni osmonga irgʻitgan, shoirlar tilida aytganda, istiqlolning oʻtgan chorak asrlik davrida ham madaniy jihatdan toʻliq mustaqil boʻldik, deb ayta olmaymiz. Masalan, milliy kodning eng asosiy unsuri boʻlgan til borasidagi siyosatimiz eski zamonlarnikidan koʻp farq qilgan emas.
Toʻgʻri, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berildi, amalda esa uning maqomi va funksiyasi xuddi mustabidlik zamonlaridagidek, ifodali qilib aytganda, roʻzgʻor tili darajasida qolib ketaverdi. Oʻsha ijodkorlarimiz romantizmga berilgan zamonlarda Davlat tili, deb eʼtirof etiladigan oʻzbek tili na ilm-fan, na-da siyosat tiliga aylandi. Hatto, bu tilni jiddiy masalalar munozarasida ishlatib boʻlmaydi, deganday chetroqqa surib qoʻyib, xalqaro munosabatlarda ham, rasmiy doiralarda ham anʼanaviy, “millatlararo vosita” lisonidan keng foydalanishga ustunlik berildi...
Mayli, oʻtgan kunlardan malomat qilish bizning vazifamizga kirmaydi. Aytayotgan mulohazalarimizdan esa muddao oʻzga. Yaʼni har neniki sifati ziddi orqali maʼlum boʻladi. Qolaversa, buyuk yozuvchimiz aytganidek, tarixga qarab ish tutish xayrlidir. Shu maʼnoda, gapiradigan boʻlsak, bugungi Oʻzbekiston, xalqimiz turish-turmushi, mamlakatning xalqaro nufuzini kecha yashagan kunlarimiz yorqinroq koʻrsatadi, bizga.
Bir oʻylab koʻring, kechagina milliy til masalasini koʻtargan ziyoli kim, deb atalardi? Katta ehtimol bilan millatchi yoki kamida jamiyatda ayirmachilik qoʻzgʻovchi buzmakor. Va eng ogʻriqli tomoni, kolonial mafkura tomonidan oʻylab topilgan ushbu tamgʻa koʻpchilikni ajablantirmas, odamlar bunga oʻrganib ham ketgandi.
Xoʻsh, ayni madaniy stereotiplarni sindirish uchun qancha vaqt va jurʼat kerak boʻladi, deb oʻylaysiz. Toʻgʻri, koʻpchiligimizning “Biz hali bunday siyosiy-madaniy islohotlarga tayyor emasmiz”, “Davlat tili, yaʼni milliy tilga eʼtiborni koʻtarsak, jamiyatda nosogʻlom muhit paydo boʻlishi mumkin. Bu darajaga yetish uchun hali ancha qovun pishigʻi bor”, deganga oʻxshash siyosiy uydirmalarni eshitaverib, qulogʻimiz qotib qolgan. Ammo masala mutlaqo bunday chigal emas ekan. Uzoq yillar kamsitilgan, nechanchidir darajalarga tushirib koʻrsatilgan tilimizning maqomini koʻtarish uchun faqat siyosiy lider yuragi shu xalqqa, Vatanga boʻlgan kuchli muhabbat bilan urib tursa yetarli ekan.
Barchamiz yaxshi eslaymizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev zamonaviy Oʻzbekiston tarixida ilk bor 2020-yili BMT minbaridan turib oʻzbek tilida nutq qildi. Bundan tashqari, davlatimiz rahbari bu masalada xalqaro protokol tartib-qoidalarini “buzish”ga ham oʻzida jurʼat topa oldi. Masalan, Prezidentimiz 2021-yilda Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan oʻtkazgan rasmiy uchrashuvida anʼanaviy qonun-qoidani cheklab, oʻzbek tilida muzokaralar olib bordi.
Bemalol “tarixiy” deb aytish mumkin boʻlgan ayni madaniy islohot maqomidagi qadamlar oʻzbek tilining obroʻsini yuksaklarga koʻtardi. Buyuk ajdodlarimiz gaplashgan bu buyuk til baʼzilar uqtirganidek, aslo roʻzgʻor yoki chuchmal seriallar tili emas, balki xalqaro minbarlarda, davralarda jaranglashga qodir, qudratli, oʻlmas va shu bilan birga, “siyosat tili” darajasiga mutlaqo munosib ekanini koʻrsatdi.
Men soʻzim avvalida bekorga millatimiz Liderining oʻz xalqi, Vatani oldidagi eng buyuk xizmati, yurt va millatning qadr-qimmati, shaʼnini koʻtargani, demadim. Zero, u kishining qalbidagi shu elga boʻlgan mehri, xalqiga boʻlgan qaynoq muhabbati bilan shunday rutbaga erishdi, desam, aslo yanglishmagan boʻlaman.
Tabiiyki, har qanday mulohazaning tagida bir sabab boʻladi, albatta. Meni ushbu maqolani yozishga undagan voqea esa Prezidentimizning Fransiyaga tashrifi doirasidagi hodisalar boʻldi. Ha, safar tafsilotlarining men nazarga olmoqchi boʻlayotgan jihatlari chindan-da, hodisa, milliy davlatchiligimiz tarixidagi noyob hodisalar majmuasi desam, yanayam toʻgʻriroq boʻladi.
Hammamiz kuzatdik, oʻqidik, kecha ijtimoiy tarmoqlar ham, milliy OAV ham bir-biridan quvonchli xabarlar va mulohazalar bilan toʻyinganday boʻldi. Yelisey saroyida Prezidentimizni qabul qilgan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron oʻz nutqini oʻzbekcha lutf bilan tugatdi: “Yashasin Oʻzbekiston, yashasin Fransiya! Yashasin Fransiya — Oʻzbekiston doʻstligi!”. Va uning ayni mana shu kalomi ijtimoiy tarmoqlarning oʻzbek segmentida “portlash” effektini yuzaga keltirdi, desam, notoʻgʻri gapirmagan boʻlaman.
Oddiy choʻpondan tortib, akademikkacha, olis togʻ, choʻl ovullari yoki dunyoning narigi burchagida yashayotgan qay bir vatandoshimiz borki, barchasini bu hodisa mutaassir qildi. Millionlab yurtdoshlarimiz ushbu lavha va Makronning ijtimoiy tarmoqlardagi oʻz sahifasida ulashgan oʻzbek tilidagi ayni “posti”ni iftixor ramzi sifatida bir-birlariga ulashishdi.
Endi oʻylang, yuqorida aytganimizdek, kechagina bozor-oʻchar, bola-chaqa bilan munosabat qilishdagina ishlatiladigan til, deb koʻrsatiladigan, uqtiriladigan ONA TILIMIZga nafaqat Yevropa, balki jahonning eng qudratli davlatlaridan birining rahbari hurmat koʻrsatsa, shu tilda tilak bildirsa, bu hodisani milliy tariximizdagi ulkan evrilish, demay yana nima deyish mumkin?!
Axir Oʻzbekiston bundan oldin ham bor edi, ilgarilari ham dunyo davlatlari bilan diplomatik aloqalarimiz yoʻq edi, deyolmaymiz... Ammo bugun jahonning bizga boʻlgan qarashi ham, muomalasi ham oʻzgardi. Bu munosabatlar oʻz-oʻzidan boʻladi, deb oʻylaysizmi? Yoki oʻzbekchilik, deganday toʻrtta patir, novvot-u qand-qurs bilan erishiladi, deb xayol qilasizmi bunday martabaga?!
Men shunday tushunamanki, barchamizning koʻngillarimizni yoritgan, gʻururimizni koʻtargan bu madaniy hodisalar Prezidentimiz ish boshlagan ilk kunlaridanoq qalbiga tukkan ulugʻ gʻoya — millatning qadrini joyiga qoʻyish, uning kimligini dunyoga koʻrsatishdek qatʼiy olingan qarorning davomidir. Aslida barchamizning qalblarimizda iftixor tuygʻulantirgan bu voqealarni bemalol siyosiy iroda gʻalabasi, desak ham toʻgʻri boʻladi. Zotan, YIdagi yagona atom qudratiga, bundan tashqari, insoniyat tamaddunidagi oʻz saltanatchilik (imperiya) tarixiga ega mamlakat Oʻzbekiston bilan siyosiy mulozamatlarsiz munosabatni yoʻlga qoʻydi, desak, masala oydinlashgan boʻlar edi.
Tarixga nazar tashlasak, Vatanimiz bilan ushbu davlat oʻrtasidagi diplomatik aloqalar koʻp qadim zamonlar ilgari yoʻlga qoʻyilganini koʻrishimiz mumkin. Manbalar shuni koʻrsatadiki, buyuk bobomiz sohibqiron Amir Temur oʻz vaqtida Fransiya qiroli Karl VI bilan yozishmalar qilgan, rasmiy aloqa oʻrnatgan. Albatta, tariximizning oʻsha shonli davrlari Vatanimiz qudratiga berilgan baho hozir ham kishi koʻnglini masrur qiladi. Ammo u oʻtmish. Lekin haqiqat shundaki, nafaqat Fransiya, balki u joylashgan butun boshli “Koʻhna qitʼa” Temur davlatini oʻsha zamon qudrati (derjava), oʻzini esa Yevropa xaloskori, deb bilishadi. Xursand boʻladigan jihat esa bunda: davlatchiligimiz, xalqimiz zakosi, milliy madaniyatimiz dunyoning oldi davlatlari tomonidan xuddi Temur zamonlaridagidek bugun yana tan olinmoqda.
Bunday deyishimga, albatta, yetarli asoslarim bor. Birinchidan, tashrif davomida ikki tomonni ham toʻliq qanoatlantiradigan, manfaatlariga mos tushadigan koʻplab hujjatlar, jumladan, ular orasida eng muhimlaridan biri boʻlgan ikki davlat oʻrtasida strategik sheriklik oʻrnatish toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiya qabul qilindi. Ayni hujjat qanday kuchga ega ekanini siyosatga uncha yaqin boʻlmagan odam ham yaxshi tushunadi.
Ikkinchidan, tashrifning biz uchun eng quvonchli boʻlgan voqeasi, oʻsha mashhur Yelisey saroyida Makron tomonidan Prezidentimizning Fransiyaning eng oliy davlat mukofoti — Faxriy legion ordeni (fr. Legion dʼhonneur) bilan mukofotlangani boʻldi. 1802-yil 19-mayda imperator Napoleon Bonapart tomonidan taʼsis etilgan va ayni mukofot bugungacha nafaqat Fransiya, balki dunyodagi eng nufuzli mukofotlardan biri boʻlib qolmoqda. Albatta, uning obroʻsi, martabasini uni olgan tarixiy shaxslar, siyosatchilar, madaniyat va sanʼat arboblari ham belgilaydi.
Oʻz vaqtida Fransiya Prezidenti Sharl de Goll, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Uinston Cherchill, mikrobiologiya asoschisi mashhur olim Lui Paster, fransuz aktyori Jan-Pol Belmondo, yozuvchi, “Uch mushketyor” asari muallifi Aleksandr Dyuma, birinchi fazogir Yuriy Gagarin, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Nelson Mandela, AQSH Prezidenti Franklin Ruzvelt, Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II, Singapur Bosh vaziri Li Kuan Yu....
Qisqagina ushbu roʻyxatga jiddiy nazar solsangiz, safda birorta tasodifiy shaxsni koʻrmaysiz. Barchasi dunyo siyosati, madaniyati, bir soʻz bilan aytganda, insoniyat tamadduniga taʼsir qilgan liderlar, insonlar... Siz ushbu yuksak mukofotni oʻzbekning chiroyli qosh-u koʻziga qarab berdi, deb oʻylaysizmi? Bu martabaga erishish, yuqoridagi jahon xalqlari tan olgan nufuzli roʻyxatdan joy olish uchun juda ulkan mehnat kerak boʻladi, aziz oʻquvchi.
Ushbu mukofot Prezidentimizning nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqamizda amalga oshirayotgan tarixiy oʻzgarishlar jarayoni ijodkori sifatidagi irodali siyosati natijasi, desak, haqiqatni aytgan boʻlamiz. Xususan, shaxsan Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi tufayli bugungi kunga kelib Markaziy Osiyo yagona geosiyosiy subyekt sifatida eʼtirof etila boshlanganini juda koʻp siyosatchilar, tahlilchilar haqli maʼnoda eʼtirof etishmoqda.
Jumladan, mintaqamizdagi bugungi jarayonlar haqida munozara qiladigan siyosatchi-yu analitiklar integratsion jarayonlarning samaradorligi integratsiya subyektlarini oʻz atrofida jipslashtira oladigan salohiyatga ega davlatlarning mavjudligi bilan bogʻliq, deya eʼtirof etishadi. Va ayni vazifani uddalashga qodir boʻlgan mintaqa davlati sifatida Oʻzbekiston nomini keltirishadi. Juda qisqagina ushbu taʼrif ham Prezidentimizga dunyoda yuksak obroʻga ega boʻlgan ushbu mukofot qanday xizmatlari uchun berilganini asoslashga yetadi, menimcha.
Bugun meni yozishga undagan narsa qalbimni yondirgan faxr-iftixor tuygʻulari boʻldi. Ha, bugun meni, sizni, barchamizni quvonishga, bir-birimizni qutlashga qutlugʻ bir sabab bor. Bu, muhtaram Prezidentimizning Yevropa markazida turib, davlatimiz, millatimiz shaʼnini yuksaklarga koʻtargani boʻldi. Shunday ulugʻ eʼtirof, martaba barchamizga muborak boʻlsin!
Fursatdan foydalanib, Prezidentimizni, qolaversa, butun xalqimizni oʻz saflarida yetti million vatandoshimizni birlashtirgan kasaba uyushmalari aʼzolari nomidan qizgʻin qutlamoqchiman:
Yuksak mukofot muborak boʻlsin, muhtaram Prezident!
Yuksak mukofot muborak boʻlsin, aziz vatandoshlar!
Qudratilla RAFIQOV,
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring