“Kulgi oʻz haddidin oʻldi yiroq...”
Avvallari qishlogʻimizga toʻy, bayramlar bahonasida mashhur qiziqchilar tez-tez kelib turishardi. Ularning ichakuzdi latifalaridan kulgisevar tinglovchilar bir olam zavq, ilhom, kuch-quvvat olardi. Ayniqsa, gap-gapga ulanib, askiya kechasi boshlanib ketganda, biz – bolalar koʻzdan pana joyga berkinib, hozirjavob soʻz ustalarining samimiy va begʻaraz hazil-mutoyibasini eshitib, zavqlanardik. Kulgi shinavandalari qatorida boʻlganimizni eslasak, hali ham yuragimiz quvonchdan gup-gup urayotgandek boʻladi.
Hozir shular haqida yozyapmizu, odamlar maʼnaviy yaqinligining samarasi sifatida asrlar davomida shakllangan qiziqchilik sanʼatining betakror hajviy janrlari, oʻziga xos anʼanalari sayozlashib borayotganidan tashvishdamiz. Axir, bizdagi askiya boshqa joyda yoʻq. Qiziqchilarning mushohadaga boy mubolagʻalari, oʻxshatishlari hayotning eng qiyin – ham jismoniy, ham maʼnaviy kuchni bir joyga jamlash, irodani boʻshashtirmaslik talab etiladigan mashaqqatli damlarida yordam beradi. Buyuk tibbiyot allomasi Abu Ali Ibn Sino ham oʻzining “Tib qonunlari” kitobida kulgi tufayli qon harakati yaxshilanib, modda almashinuvi izga tushishi, oʻpka yoʻllari ochilib, nafas olish yaxshi rivojlanishi haqida aniq maʼlumot bergan. Endi soatlab, baʼzan butun oqshom davom etadigan kulgi-askiya kechalarining kishi salomatligiga qay darajada foyda keltirishini bir tasavvur qilib koʻring-a...
Hozir ham yurtimizda bu sohada sermazmun ijod qilib kelayotgan usta askiyabozlar bor. Har birining uslubi, feʼl-atvori oʻziga xos. Shunga qaramasdan, oramizda shunday taʼsirchan va jozibali sanʼatni notoʻgʻri tushunib, axloqqa toʻgʻri kelmaydigan bemaza soʻzlarni ishlatib, oʻrinsiz qoʻllash hollari ham uchrab turibdi. Bu uchun askiya sanʼatini ayblash notoʻgʻri. Bunday boʻlayotganiga bu buyuk soʻz sanʼatini mohiyatini teran anglab yetishga ojizlik qilayotgan kimsalar sababchi, deb oʻylaymiz. Ayrim hajvchilar xalqimizning dardi, iztirobi, katta ishlari bir yoqda qolib, hayotning ikir-chikir muammolari bilan ovora boʻlib qolmayaptimi? Eng muhimi, lisonimizda “dard” degan ulugʻ soʻz borligini unutib qoʻymoqda. Baʼzi qiziqchilarning taqlidlari, sheʼriy parodiyalari qanchalik kulgili boʻlmasin, kishiga erish tuyuladi. Negaki, bu ehtiroslar soxta, toʻqilgan, aniqrogʻi, oʻzgalarni chalgʻitish, miyamizning kulgiga boʻlgan tabiiy ehtiyojlarini yengilgina qondirish uchun namoyish etilayotgandek taassurot uygʻotadi. Kishining dilidagini faqat til emas, koʻrinish, yurish-turish va koʻz qarashlar ham ifodalaydi. Kecha birovdan eshitgan ohori toʻkilmagan qiziq voqeani boshqa birovlarga xuddi oʻzining boshidan kechirgandek gapirib berish yoki taqlidchilik – bu qiziqchilik, degani emas.Gohida uzluksiz reklama tufayli diqqat-eʼtiborimizni tortgan kulgi kechasiga tushib, hech qanday zavq ololmaysiz. Qaytanga, behuda sarf boʻlgan qimmatli vaqtingizga achinasiz.
Shu oʻrinda, yozuvchi Said Ahmadning serqirra ijodini eslashimiz va bundan yana bir bor xulosa chiqarishga toʻgʻri keladi.Adibning “Kelinlar qoʻzgʻoloni” asari haligacha adabiy jamoatchilik va tomoshabinlar eʼtiboridan tushmay kelayotir. Negaki, unda shunchaki yumor emas, hayotning ich-ichidan keltirib chiqarilgan, chuqur ijtimoiy maʼno tashiydigan kulgi bor.
Xalqimiz farovon hayotimizning hech bir sohasida kamchiliklar, koʻngilsizliklar boʻlmasligini istaydi. Lekin atrofimizda faqat oʻzining osoyishtaligini oʻylovchi, nafsi hakalak otgan yulgʻich, tekinxoʻrlar ham uchrab turadi. Hajvchilar turmushdagi, odamlardagi kulgili narsalarni ilgʻay bilishi va insonning maʼnaviy kamolotiga xalaqit beruvchi illatlarni qalamga olishi kerak. Nazarimizda, jamiyatimizda satirik asarlarga boʻlgan ehtiyoj shundan tugʻiladi.
Ammo... bugun mazmuni qiziqarli voqealarga asoslangan komediyali chiqishlar haqida biror fikr aytish qiyin. Sahnadagi voqealar dramatik jihatdan puxta yozilmagan. Aksariyat qiziqchilar soddadil odamlar ustidan mazax qilishadi. Yoshlar orasida ularga taqlid qilib, atrofdagilar asabini buzib “askiya” qiladiganlar ham yoʻq emas. Masalan, “Million“chilar har ikki gapining birida oʻz sohasining vakillari ustidan kuladi. Yoki “Bravo” guruhi koʻtarib chiqayotgan muammolarning yechimi nozik yumoristik xarakterda emas, qahramonlar ibrat olishga arzimaydi. Bu bilan bir necha ming yillik xalq sanʼatini yerga uramiz, kimdir masalaning shu jihatini oʻylab koʻrayotganmikan?! Nahotki, ana shunday sanʼatbuzarlar “ijod”ini oʻz vaqtida tahrir, tahlil qilish mumkin boʻlmasa.
Kulgi milliy til va tafakkur bilan ham bogʻliq. Hazrat Navoiy bobomiz askiyani sevib, bu sanʼatda meʼyor boʻlishi kerakligini alohida uqtirgan.“Xamsa” dostonida:
Kulgiki oʻz haddidin oʻldi yiroq,
Yigʻlamoq andin koʻp erur yaxshiroq...
deydi. Oʻylaymizki, hazratning olti yuz yil naridan aytgan fikrlari bugun ham oʻzbek ijodkorlariga, xususan, askiya, qiziqchilik sanʼati ichida yurganlarga birdek taalluqli. Kulgining zamirida, baribir adabiyot, hajviy asarlar turmogʻi zarur.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring