Koronavirusning navbatdagi nishoni — sport

14:43 04 Mart 2020 Dunyo
1174 0

Bugun butun dunyoga xavf solayotgan korona virus muammosi global muammoga aylanib ulgurdi. U barcha sohalarni qamrab olmoqda, jumladan sportni ham chetlab oʻtmadi. Yevropadagi baʼzi ichki chempionat va kubok bahslari kasallik xavfi sabab qoldirilgan. Ayniqsa, bu holat Osiyo mintaqasida tobora keng tus olib, turli eʼtiroz va noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda.

Osiyo chempionlar ligasi doirasidagi tur oʻyinlari Sharq mintaqasida deyarli toʻxtatilgan va bu klublarning moliyaviy ahvoliga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda. Shuningdek, virus oqimi erkin transferlar huquqiga ham bolta urayotgani achinarli.

Xabarlarga koʻra, yaqinlashib kelayotgan Olimpiya oʻyinlari shu sabablar tufayli maʼlum muddatga kechiktirilishi mumkin. Bu haqida Yaponiya Olimpiya Qoʻmitasi raisi Seyto Hashimoto gapirib oʻtdi: “Biz olib borilayotgan tashkilotchilik ishlariga qarshi emasmiz.

Eng maqbul qarorni aynan, biz chiqarishimiz kerak. Lekin hozirgi paytda insonlar sogʻligi eng muhim hisoblanadi”, — deydi Hoshimoto. Bugungi Parlament bilan boʻlgan majlisda Yaponiyada aynan, ushbu masala koʻtarilgandi. Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi raisi Tomas Bax yuzaga kelayotgan muammolarga qaramay, keng omma oldida barcha sportchilarni qoʻllab-quvvatlab, ortiqcha xavotirga tushmaslikka chaqirdi.

Barcha imkoniyatlarni ishga solishga vaʼda berib, musobaqaning oʻz vaqtida oʻtishi uchun Yaponiyaga kerakli masʼuliyatni yukladi. Xalqaro qoidalar boʻyicha agar jiddiy sabablar yuzaga keladigan boʻlsa, Olimpiya oʻyinlari qoldirilishiga ruxsat bor, unda ham faqat bir kalendar yili ichida. Shu sababli Yaponiya va xalqaro tashkilotlar oʻrtasida qator kelishmovchiliklar paydo boʻlmoqda.

Agar Olimpiada yozdan boshqa mavsumga koʻchirilsa, sharh va translyatsiyalar borasida chalkashliklar boʻlishi tabiiy. Bu qolgan musobaqalarga xalaqit bergani holda shubhasiz ish sifati buzilishiga olib keladi. Eslatib oʻtamiz, mamlakat hududida bugungi kunda kasallikka chalinganlar soni 1000 dan oshib ketgan va bu oʻta xavfli prognoz hisoblanadi. Agar vaziyat shu ketishda davom etadigan boʻlsa, Tokio shahri mezbonlik litsenziyasidan mahrum boʻlishi mumkin.

Yusufbek SAYDALIYEV,
Oʻz JOKU talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?