Kooperativlar faoliyati qonun bilan mustahkamlanmoqda

14:38 03 Mart 2021 Siyosat
847 0

Bugungi kunda qishloq xoʻjaligida kooperatsiya sohasidagi huquqiy-meʼyoriy asoslar sohadagi munosabatlarni bevosita tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning koʻpligi bilan tavsiflanadi. Ushbu holat u yoki bu qonunchilik hujjatlarida mustahkamlangan mavjud normalarni amaliyotda qoʻllash jarayonida koʻp sonli masalalarning kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda. Shu munosabat bilan, qishloq xoʻjaligining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda sohada kooperatsiya munosabatlarni tartibga solishning unifikatsiyalashtirilgan huquqiy asosini yaratish zarurati yuzaga kelgan.

Shundan kelib chiqib, “Qishloq xoʻjaligi kooperatsiyasi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2021-yil 3-mart kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Qonun loyihasi yuzasidan Qishloq xoʻjaligi vaziri J. Xodjayev maʼruza qildi.

Taʼkidlanganidek, qonun loyihasi 9 ta bob va 48 ta moddadan iborat. Loyihada Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi kooperatsiyasini tashkil etish hamda faoliyat yuritishining huquqiy va iqtisodiy asoslari belgilab berilgan. Qonun loyihasida yirik kooperatsiyalarni tashkil etish, ular faoliyatini muvofiqlashtirish, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, moliyalashtirish boʻyicha ragʻbatlantiruvchi chora-tadbirlarni qoʻllash masalalari oʻz aksini topgan.

Shuningdek, loyihada qishloq xoʻjaligi kooperatsiyalari faoliyati shaklining asosiy tamoyillari mustahkamlanmoqda, kooperativni tashkil etish mexanizmlari belgilanmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi qishloq xoʻjaligida kooperatsiya munosabatlarni shakllantirishning huquqiy asosini yaratish, kooperativlar faoliyatini rivojlantirish hamda xoʻjalik subyektlari uchun munosabatlarni mufassal huquqiy tartibga solishga yordam beradi. Shuningdek, qishloq xoʻjaligida kooperatsiya munosabatlarini tartibga soluvchi normalarni yagona hujjatda unifikatsiya qilishga va tizimlashtirishga, sohadagi munosabatlarni kompleks huquqiy tartibga solishga hamda qonun hujjatlaridagi ziddiyatlar va boʻshliqlar bartaraf etilishiga erishiladi.

Kun tartibidagi qolgan masalalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining ertaga boʻlib oʻtadigan majlisida koʻrib chiqiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?