Xotira — abadiy, qadr — muqaddas!
Respublikamiz bo‘ylab joylarda Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan “Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi” shiori ostida Ikkinchi jahon urushi va front orti mehnat faxriylari holidan xabar olish va ularga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatish tadbirlari o‘tkazildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu yo‘qlovlarda vazirlik tasarrufidagi harbiy okrug va muassasalar rahbariyati, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari va yoshlar ishtirok etdi.
Mehmonlar faxriylarimizning xonadonida bo‘lib, ular bilan samimiy suhbat qurdi. Urush yillari, o‘sha mash’um davrlar eslandi, o‘zbek xalqining qahramonliklari xotirlandi. Prezidentimizning bayram tabrigi o‘qib eshittirildi.
Ta’kidlash kerakki, Ikkinchi jahon urushiga O‘zbekistondan 2 millionga yaqin inson safarbar etilgan, ulardan 538 ming nafardan ortig‘i jang maydonlarida qahramonlarcha halok bo‘lgan, 158 ming nafardan ortig‘i esa bedarak yo‘qolgan. Urush yillari O‘zbekiston nafaqat front uchun jangchilarni, balki butun mamlakat uchun oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha yetkazib beruvchi muhim markazga aylangan. Jumladan, yurtimizdagi front uchun moslashgan 310 dan ortiq zavodlar, fabrikalar, korxonalarda o‘zbekistonlik xotin-qizlar, bolalar, qariyalar – hamma bir yoqadan bosh chiqarib, ter to‘kkan.
Hozirgi kunda sanoqli bo‘lsa-da, o‘sha olovli frontdan tirik qaytish nasib etgan mard va jasur faxriylarimiz yurtimizning turli burchaklarida umrguzaronlik qilib kelishmoqda. Yo‘qlovlarda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va uning oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslarga, front orti mehnat faxriylariga “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80-yilligi” yubiley medallari, shuningdek, bir martalik pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
Bugun Xotira va Qadrlash kunini yuksak darajada nishonlash, ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining tarixiy qahramonligi, fidokorona mehnatini sharaflash, yoshlarimizni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, bugungi tinch, dorilamon kunlarning qadr-qimmatini chuqur his etmoq barchamizning muqaddas burchimizdir.
Yo‘qlovlar davom etmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring