Xizmatlar — tez samara beradigan soha
Hududlarda xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish boʻyicha joriy yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari koronavirus pandemiyasi tufayli eng katta qiyinchiliklarga toʻqnash kelgan soha bu — iqtisodiyotning xizmatlar sektori boʻlganini taʼkidlar ekan, uning mana shunday murakkab bir davrda ham odamlar dardiga darmon boʻla olishini oʻzining hayotbaxsh fikrlari, tashabbuslari bilan toʻliq asoslab berdi va mutasaddi vazirliklar, idoralar hamda mahalliy hokimiyat vakillari oldiga bir qator dolzarb vazifalarni qoʻydi.
Darhaqiqat, mazkur soha shunchalik keng qamrovliki, u kirib bormagan biror bir jabha yoʻq. Taʼlim, sogʻliqni saqlash, sayohat, dam olish, ovqatlanish, insonlarning oʻzaro muloqoti va hokazo. Buni uzoq davom ettirish mumkin. Shuningdek, nisbatan kam investitsiya evaziga ish oʻrinlarini tez yarata olish imkoniyati ham sohaning muhim jihati hisoblanadi. Yana bir ahamiyatli tomoni, aksariyat ish oʻrinlari katta malaka va bilim talab qilmaydi. Mana shu tomonlama ham kambagʻal aholi qatlami mavjud mamlakatlar uchun ishsizlik va kamdaromadlik muammosini tezroq bartaraf etishda ushbu sohani rivojlantirish katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
Masalaning dolzarbligi nimada?
Hozirgi vaqtda dunyo mamlakatlari ichida xizmatlar sohasini rivojlantirishdan nafaqat kambagʻal yoki nochor davlatlar, balki milliy iqtisodiyotining oʻzagini yirik va zamonaviy sanoat quvvatlari tashkil qilgan AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa koʻplab rivojlangan hamda tez surʼatlarda rivojlanib borayotgan mamlakatlar ham manfaatdorligini kuzatish mumkin. Masalan, 2020-yil yakuni boʻyicha AQSHda xizmatlar sektorining yalpi ichki mahsulot (YAIM)dagi ulushi— 78,9 foizni, sohada band boʻlgan aholi soni esa 79 foizni tashkil qilgan. Bu koʻrsatkichlar mos ravishda Buyuk Britaniyada — 71,0 foiz va 81 foizni, Koreyada — 56 foiz va 70 foizni tashkil qiladi.
Postindustrial davrni kechirayotgan Germaniyada xizmatlar 78 foizdan ortiq boʻlib, uning kattagina qismi (40 foizdan ziyodi) bevosita sanoat ishlab chiqarishi bilan bogʻliq xizmat turlarini tashkil qiladi. Boshqacha aytganda, bugungi Germaniya iqtisodiyoti xizmatlar va ilmga asoslangan iqtisodiyot sohalaridan iborat, desak xato boʻlmaydi. Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, iqtisodiyot qanchalik samarali faoliyat olib borgani sari xizmatlarga boʻlgan talab ham ortib boradi.
MDH davlatlarida esa xizmatlar sohasining rivojlanishi biroz boshqacha xususiyatga ega. Ushbu mamlakatlar ayni paytda raqobatga oʻrin boʻlmagan, “rejali” sotsialistik tuzumning asoratlaridan xolos boʻlish jarayonida xizmatlar sohasining mutlaqo mavjud boʻlmagan yoki oʻta ortda qolib ketgan turlarini rivojlantirish davrini hanuzgacha boshidan kechirib kelmoqda. Misol uchun, xizmatlar sohasining YAIMdagi ulushi bugungi kunda Qozogʻistonda 55,5 foizni, sohada band boʻlganlar soni esa — 64 foizni, Qirgʻizistonda mos ravishda — 50,2 foiz va 55 foizni, Belarusda — 48,8 foiz va 58 foizni tashkil qilmoqda. Koʻrinib turibdiki, deyarli barcha MDH davlatlarida nafaqat ishsizlik va kamdaromadlikni qisqartirish, shuningdek, iqtisodiyotning zamonaviy sohalarini shakllantirish va rivojlantirishda xizmatlar sohasini jadal surʼatlarda oʻsishini taʼminlash muhim ahamiyatga ega.
Oʻzbekistonda ham bu koʻrsatkich koʻngildagidek emas: xizmatlar sohasining YAIMdagi ulushi 36,3 foizga, sohada band boʻlganlar soni esa 50,1 foizga teng. Shundan kelib chiqib kuni kecha boʻlib oʻtgan selektor yigʻilishida Prezidentimiz olgʻa surgan tashabbus, taklif va gʻoyalar negizida Oʻzbekistonning oʻz oldiga qoʻygan strategik maqsadlarga erishishiga qaratilgan bir qancha muhim vazifalar turganligini koʻrishimiz mumkin.
Kamchilikni anglash imkoniyat eshigini ochadi
Selektor yigʻilishida davlat rahbari taʼkidlaganidek, bugungi kunda Oʻzbekiston uchun eng dolzarb masalalardan biri bu — xizmatlar hajmini keskin oshirish evaziga aholining ishsiz qatlamini band qilish va ularga barqaror daromad manbaini yaratib berish.
Ayni paytda ushbu sohada aholi jon boshiga koʻrsatilgan xizmatlar hajmi 6,4 million soʻmni tashkil etmoqda. Bozor xizmatlari tarkibida eng katta ulushni savdo (25,8 foiz), transport (24,6 foiz) va moliyaviy xizmatlar (20,9 foiz) egallaydi. Axborotlashtirish, konsalting, taʼlim, sogʻlomlashtirish, tibbiyot xizmatlari esa ushbu anʼanaviy xizmat turlariga nisbatan ancha ortda qolmoqda.
Bundan tashqari, xizmatlar sohasining rivojlanishida hududiy tabaqalanish yuqoriligicha qolmoqda. Yaʼni koʻrsatilgan bozor xizmatlari umumiy hajmidagi eng katta ulush Toshkent shahri (36,9 foiz), shuningdek, Toshkent (7,5 foiz), Samarqand (6,6 foiz) va Fargʻona (6,1 foiz) viloyatlari hissasiga toʻgʻri keladi. Xizmat koʻrsatish sohasining eng past ulushi Havoiy (2,6 foiz), Jizzax (2,3 foiz) va Sirdaryo (1,5 foiz) viloyatlarida qayd etilmoqda. Aholi jon boshiga xizmatlar hajmida eng yuqori koʻrsatkich Toshkent shahrida (8 308,2 ming soʻm) va eng past koʻrsatkich Qashqadaryo viloyatida (824,9 ming soʻm) kuzatildi.
Bunday hududiy tabaqalanish nafaqat mavjud kamchiliklarni koʻrsatadi, ayni chogʻda, mamlakatimiz hududlarida xizmatlar sohasini rivojlantirishda juda katta imkoniyatlar mavjudligidan darak beradi.
Imtiyozlar samara beryaptimi?
Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasining tadbirkorlik subyektlari, xususan, xizmatlar sohasida faoliyat koʻrsatayotgan subyektlarga boʻlgan taʼsirini kamaytirish maqsadida oʻndan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, ular orqali bir qator imtiyoz va yengilliklar taqdim qilindi. Xususan,
— umumiy ovqatlanish va ijaraga berishga ixtisoslashgan korxonalar aylanmasidan olinadigan soliqni toʻlashdan ozod etildi;
— kichik tadbirkorlik subyektlari, bozorlar, savdo va umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shugʻullanadigan tadbirkorlik subyektlari mol-mulk soligʻi va yer soligʻini toʻlashdan ozod qilindi;
— turoperatorlar, turagentlar va joylashtirish vositalari, havo yoʻllari transporti subyektlari ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada 1 foiz miqdorida toʻlashi belgilandi;
— turoperatorlar, turagentlar, shuningdek, joylashtirish vositalari uchun foyda soligʻi stavkasi belgilangan stavkaga nisbatan 50 foizga kamaytirildi;
— umumiy ovqatlanish korxonalari uchun belgilangan xodimlarning yillik oʻrtacha soni 25 nafardan 50 nafarga oshirildi (kichik tadbirkorlik subyektlari uchun).
Yigʻilishda ushbu sohadagi tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun soliq imtiyozlari, subsidiya va boshqa preferensiyalar taqdim etish orqali 35 trillion soʻmlik koʻmak berilgani taʼkidlandi. Jumladan, 2020-yilda deyarli 12 trillion soʻmlik soliq imtiyozlari berildi, shu bilan birga, 75 mingga yaqin kreditlarning 10 trillion soʻmlik kredit foizlari muddatlari kechiktirildi. Maʼlumot uchun: 2021-yil 1-aprel holatiga koʻra tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan 5,9 trillion soʻmlik bank kreditiga 1,3 trillion soʻmlik kafillik va kompensatsiya mablagʻlari ajratilgan.
Yuqorida keltirilgan choralar koʻrilganiga qaramasdan, xizmatlar sohasini yana-da rivojlantirish uchun qoʻshimcha vazifalar belgilanishi lozimligi taʼkidlandi.
Yangi tashabbus va loyihalar amalga oshiriladi
Yana bir ahamiyatli jihati — hududlarda xizmatlar koʻlamini kengaytirish, yangi xizmat turlarini joriy etish orqali sohada ijobiy muhitni yaratish hamda uning mamlakat iqtisodiyotidagi ulushini keskin oshirish yigʻilishda ustuvor vazifa etib belgilandi. Buning uchun xizmatlar sohasining samaradorligini yana-da oshirish, aholi bandligini taʼminlash boʻyicha maqsad koʻrsatkichlariga erishish uchun tijorat xizmatlarini rivojlantirish, har bir tuman va shaharlarda xizmatlar sohasini drayverga aylantirish boʻyicha mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari oʻz ish rejalarini qayta koʻrib chiqishi kerakligi uqtirildi.
Bundan tashqari, har bir tuman va shaharlarda xizmat koʻrsatishni rivojlantirish va bu borada yangi loyihalarni ishlab chiqish uchun maxsus markazlar tashkil etiladi. Milliy bank qoshida esa har bir hududning oʻziga xos jihatlarini hisobga olgan holda biznes loyihalar ishlab chiqarish boʻyicha maxsus tuzilma tashkil etilishi maʼqullandi.
Joriy yilda transport va logistika xizmatlarini rivojlantirish, chekka hududlarning internet bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish va sifat koʻrsatkichlarini yaxshilash, yoʻl boʻyi xizmat koʻrsatish infratuzilmalarini zamonaviy talablarga moslashtirish, sogʻliqni saqlash tizimida boʻsh turgan bino va yerlardan samarali foydalanish maqsadida ushbu sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish hamda ular faoliyatini kengaytirish asosiy vazifalardan biri etib belgilandi.
Elektron tijorat faoliyatini rivojlantirish, qishloq joylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish va sifatini yaxshilash, maishiy xizmat sohasini faollashtirish, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni roʻyxatga olish hamda norasmiy operatsiyalar hajmini keskin qisqartirishning amaliy choralarini koʻrish har bir hududning muhim vazifalaridan biri boʻlishi qayd etildi.
Joylarda tashkil etilgan klasterlar bilan xizmatlar sohasini bogʻliq holda rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratildi. Paxtachilik va agroklasterlar majmuasiga kiruvchi qishloq xoʻjaligiga servis va boshqa xizmatlarni koʻrsatuvchi sohalarni rivojlantirish, tibbiyot oliygohlariga yaqin hududlarda tibbiyot klasterlarini tashkil etish, oliy taʼlim muassasalariga tutash boʻlgan oʻquv-konsalting markazlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va Davlat statistika qoʻmitasiga xizmatlarni hisobga olishning metodologiyasi va metodikalarini qayta koʻrib chiqish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda byudjet va bank mablagʻlari hisobidan xizmatlar sohasiga oid loyihalarni moliyalashtirish maqsadida ajratiladigan 500 million AQSH dollari yoki 5,5 trillion soʻm mablagʻdan joylarda maqsadli va samarali foydalanish ustidan tegishli nazorat organlari tomonidan tizimli ravishda monitoring olib borilishi aytildi.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalarning joylardagi ijrosi xizmatlar sohasini rivojlantirishda konseptual jihatdan mutlaqo yangi tizimni joriy etish imkonini beradi. Ushbu tizim, eng avvalo, iqtisodiyotda erkinlikni his qilgan tadbirkorlar uchun xizmatlar sohasiga oʻz kapitalini tikishga qaratilgan pozitiv “signallarni” bera boshladi. Bu, oʻz navbatida, joylarda yangi tashabbus va loyihalarni amalga oshirishga turtki beradi. Ijobiy natijalar esa uzoq kuttirmaydi, chunki sohaning xususiyati shunday — kiritilgan sarmoya tez samara beradi.
Sharofiddin NAZAROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi raisi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Toshkent viloyatida Abdulla Oripov uy-muzeyi ochildi
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Fargʻonada Navroʻz: tinch-osoyishta hayot zavqi, dorilamon kunlar shukronasi...
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring