Xitoy Falastin bilan strategik hamkorlik oʻrnatdi
Xitoy chorshanba kuni Falastin Prezidenti Mahmud Abbosning Pekinga tashrifi chogʻida Falastin maʼmuriyati bilan strategik hamkorlik oʻrnatilganini maʼlum qildi. Bu AQSH bilan raqobatlashayotgan Pekinning Yaqin Sharqda siyosiy va iqtisodiy taʼsirga ega boʻlish yoʻlidagi yana bir qadami boʻldi. Xitoy oʻzining harbiy va tijoriy mahsulotlari eksporti uchun yangi energiya manbalari va bozorlarni qidirmoqda.
Pekin anchadan beri Falastin maʼmuriyati bilan diplomatik aloqalarga ega; Isroil va Falastin rasmiylari bilan uchrashish uchun maxsus vakil ham tayinlagan. Ammo uning mintaqadagi ishtiroki, asosan, qurilish, ishlab chiqarish va boshqa iqtisodiy loyihalar bilan cheklangan.
Mahmud Abbos Xitoy poytaxtidagi Xalq majlislari zalida toʻliq harbiy sharaf bilan kutib olindi. “Biz yaxshi doʻst va hamkormiz, — dedi XXR raisi Si Szinpin uchrashuv chogʻida. — Biz har doim Falastin xalqining qonuniy milliy huquqlarini tiklash boʻyicha adolatli ishini qatʼiy qoʻllab-quvvatlab kelganmiz. Xitoy Falastin masalasini imkon qadar tezroq, keng qamrovli, adolatli va davomiy hal etish uchun Falastin tomoni bilan muvofiqlashtirish va hamkorlikni kuchaytirishga tayyor”.
Mahmud Abbosning aytishicha, Falastin maʼmuriyati “Xitoy bilan hamkorlikni kuchaytirish” va sarmoyalar kelishini intiqlik bilan kutmoqda. “Biz Xitoy tomonining Falastin taqdim etgan bir qator rivojlanish loyihalarini moliyalashtirish majburiyatini, ayniqsa, qadrlaymiz”, — dedi Abbos.
Xitoy, shuningdek, diplomatik ishtirokini kengaytirish va yuqori texnologiyalardan foydalanish uchun Isroil bilan yaqin aloqalar oʻrnatishga intilmoqda. Abbosning tashrifi Xitoyning Eron va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi muzokaralarga mezbonlik qilishi ortidan yuz berdi. Yaqin Sharqdagi bu ikki raqib oʻrtasida diplomatik aloqalarning tiklanishi Xitoyning mintaqadagi nufuzi oshganidan dalolat beradi. Riyod va Tehron yaqinlashuvi Xitoyning diplomatik gʻalabasi sifatida koʻrilmoqda.
Abduvali Saybnazarov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring