Samarqand viloyat sobiq DSB boshligʻi qariyb 20 yildan soʻng oqlandi

16:54 30 Mart 2021 Jamiyat
3898 0

Bundan bir necha yil avval “Xalq soʻzi” gazetasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot markazining «Davlat soliq qoʻmitasining Samarqand viloyati boshqarmasmi boshligʻi B.M.Ibragimov mansab vakolatini suisteʼmol qilib, juda katta miqdorda pora olganlikda gumon qilinib, qamoqqa olindi», degan xabari bosilgan edi.

Aniqrogʻi, 1997 – 2000 – yillarda Samarqand viloyati Davlat soliq boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlagan Baxtiyor Ibragimov 2000 – yilning 25 – mart kuni Toshkent shahriga taklif qilinib, oʻsha yerda Respublika prokuraturasi xodimlari tomonidan qamoqqa olinadi. Sababi unga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 210 – moddasi, 3 – qismi yaʼni, mansab vakolatini suisteʼmol qilib, juda katta miqdorda pora olganlikda gumon qilinib, nohaq jinoyat ishi qoʻzgʻatiladi. B.Ibragimov tergov davrida ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlanadi.

Gap shundaki, bu voqea “hatto simyogʻochni qamatish mumkin boʻlgan” davrlarda yuz bergan.

Mazkur jinoyat ishi yuzasidan B.Ibragimovga Jinoyat Kodeksining 210 – moddasi, 3 – qismi va boshqa bir qancha moddalar bilan ayb eʼlon qilinib, Toshkent viloyat sudi tomonidan 13 yil qamoq jazosi belgilangan. Shu tariqa B.Ibragimov jazoni ozodlikdan mahrum qilingan holda qamoqda oʻtkazadi. Faqatgina 2004 – yil 3 – yanvar kuniga kelib, amnistiya aktiga asosan qamoqdan ozod qilinib, oilasi bagʻriga qaytdi. Ammo, oqlov boʻyicha qilgan murojaatlari yillar davomida eʼtiborsiz qolib kelaveradi.

Voqelik hamma vaqt ham bir xil boʻlavermaydi. Zamonlar oʻzgaradi. Darhaqiqat, 2016-yil oxirida jamiyatimiz yangi davrga qadam qoʻydi, barcha sohalar qatorida sud-huquq tizimini ham isloh qilishga kirishildi. Va, bu islohotlarning samarasi oʻlaroq ilgari nohaq jinoiy javobgarlikka tortilganlarning ishlari qayta koʻrilib, adolat qaror topa boshladi.

Bunday oʻzgarishlarni his qilgan Baxtiyor Ibragimov oʻz ishini nazorat tartibida koʻrib chiqish, oʻsha tagi puch ayblovga tayangan sud hukmini bekor qildirish va haqiqatni yuzaga chiqarish uchun shikoyat arizasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga murojaat qiladi. Shu asosda unga boʻlgan jinoyat ishi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan koʻrib chiqilib, 2019 – yilning 9 – avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Protsessual Kodeksining 83 – moddasi, 1 va 2 bandlariga asosan B.Ibragimovning qilmishida jinoiy hodisa yuz bermaganligi hamda jinoyat tarkibi boʻlmaganligi sababli NOHAQ AYBLOV bekor qilinadi va jinoyat ishi tugatilib, u toʻliq oqlanadi.

Ha, Baxtiyor Ibragimov qamoqqa olinganidan soʻng oʻz umrining 4 yilini temir panjara ortida oʻtkazgan boʻlsada, haqiqiy adolat qariyb 20 yil oʻtgandan soʻng tiklandi. Yaʼni, u toʻlaligicha oqlandi. Ammo, bu orada u juda koʻp huquqlaridan mahrum boʻldi, turmush oʻrtogʻi va 4 nafar farzandi boquvchisiz qolib, maʼnan va ruhan azob chekib keldi. Qolaversa uning ozodlikdan mahrum qilinib, 1355 kun davomida chekkan jismoniy va ruhiy azoblari oʻrnini nima bilan toʻldirish mumkin?

Bularning oʻrnini qoplash maqsadida Fuqarolik ishlari boʻyicha Jomboy tumanlararo sudining hal qiluv qarori bilan Baxtiyor Ibragimovning foydasiga 50 million soʻm miqdorida maʼnaviy zarar hamda Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyat sudi kassatsiya instansiyasining ajrimi bilan 170 million soʻmdan ziyod miqdorda kompensatsiya undirib berildi. Ammo, bu insonning toʻrt devor ichida, panjara ortida oʻtgan umri, nohaq chekkan azoblari, qadr – qimmatini shu bilan tiklab boʻladimi?

Yaxshiyamki zamon oʻzgarib, jamiyatda adolat qaror topdi. Sud-huquq tizimidagi bugungi islohotlar Baxtiyor Ibragimov singari nohaqlik, adolatsizlik qurboni boʻlgan koʻplab begunoh insonlarning bukilgan qaddini tiklab, qadr-qimmatini joyiga qoʻydi.

Baxtiyor Ibragimov inson shaʼni – qadri hamma narsadan ustun qoʻyilgan mana shunday zamonda yashayotganligidan va jamiyatda adolatni taʼminlab berayotganligi uchun Prezidentimizdan minnatdor.

Qolaversa, Oliy sudning joylarda adolatni, haqiqatni qaror toptirish yoʻlidagi islohotlaridan ham mamnun.

Darvoqe, Baxtiyor Ibragimov oqlanganidan soʻng oʻz sohasiga ishga tiklanish maqsadida Davlat soliq qoʻmitasiga murojaat qilgan edi. Uning ushbu murojaati ham shu kunlarda ijobiy hal qilinishi arafasida.

Demak, uning ogʻir, ogʻriqli kunlari ortda qoldi. Hayot esa oʻz iziga tushmoqda. Endi uni oldinda yorugʻ kunlar kutmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?