“Yil jinoyati”
Qonunchiligimizda arzimagan harakatlar uchun ham shartta jinoiy javobgarlikka tortib yuborish holatlari afsuski haliyam bor.
Toʻgʻrisi Andijon shahridagi “Registon” saylgohida drondan ruxsatnomasiz foydalanib, klip olmoqchi boʻlgan operatorning salkam “yil jinoyatchisi”ga aylanib qolgani haqida oʻqib na kulishni na yigʻlashni bilmaysan.
Sababi har qanday harakatning huquqiy oqibatiga qarab javobgarlik belgilanishi kerak. Va men shu kunga qadar drondan foydalanishning jamiyat va davlat uchun qanday ogʻir oqibat olib kelishi mumkinligini tushunmaganman. Ruxsat olsa xavfsiz, ruxsat olmasa xavfli. Xuddiki avtomobillar “tonirovka”si kabi: pulini toʻlasang xavfsiz haydovchisan, toʻlamasang xavfli haydovchi.
Bunda tengsizlik tugab, tenglik boʻlishining mohiyati shundaki, yangi yil kechasida Toshkentda odamlar ustida uchgan “dronlar shousi” davlat va jamiyat uchun hech qanday xavf tugʻdirmadi, deb qaralgani kabi klip olish uchun drondan foydalanishning oqibati ham oʻsha “dronlar shousi” kabi baholanishi kerak. Chunki mohiyatan bitta holatga ikkita koʻz bilan qoʻshstandart uslubida qarash adolatsizlik, deb tushuniladi.
Oddiy aytganda hatto jarima solishga ham tortmaydigan bu kabi jazolarni jinoyat qonunchiligidan butunlay chiqarish va nari borsa maʼmuriy tartibdagi javobgarlikka oʻtkazish vaqti allaqachon yetib kelgan. Bu gapim mantiqsiz “tonirovka” chekloviga tegishlimas, uni butunlay bekor qilish kerak.
Tan olaman: dron masalasida javobgarlikni jinoyat darajasida belgilashda biz deputatlarning hissasi katta, chunki istab-istamay bunga qachonlardir oʻzimiz ovoz berganmiz. Biroq oʻsha vaqtning talabi va zarurati nima bilan bogʻliq boʻlganini hozir bilmayman. Bugun esa bu – bugun.
P/S: Aybimni topishni poylab yurganlarga eslatib oʻtmoqchi edimki, bu bilan islohotlarga, davlat siyosatiga qarshiman, deganim yoʻq. Bu Konstitutsiyada kafolatlab qoʻyilgan fikr bildirish huquqim, xoʻpmi.
Rasul KUSHERBAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring