Islandiyada “olovli devor” paydo boʻldi (+video)
Islandiyaning Reykyanes yarimorolida yana bir vulqon uygʻondi. Mahalliy vaqt bilan tonggi soat 4:00 da boshlangan navbatdagi otilish oqibatida yer yuzasida “olovli devor” vujudga keldi. Bu haqda “EuroNews” xabar bermoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, vulqon krateridan kuchli lava favvorasi otilib, osmonni qora tutun qoplagan. Bu 2023-yil oxiridan buyon ushbu hududda qayd etilgan toʻqqizinchi otilish boʻlib, mutaxassislar bu jarayonni vulqon faolligining yangi geologik bosqichi deb baholamoqda.
Xavfsizlik nuqtayi nazaridan, Grindavik shahrining qolgan aholisi va yaqin atrofdagi sayyohlar evakuatsiya qilindi. Jumladan, mashhur “Moviy Lagun” termal kurortida dam olayotgan mehmonlar ham zudlik bilan xavfsiz joyga koʻchirildi.
Shuningdek, Grindavikda yashovchi toʻrt mingga yaqin aholining katta qismi ilgari sodir boʻlgan otilishlardan soʻng hududni tark etgan edi. Ayni paytda hukumat ulardan mulklarni sotib olish ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirmoqda.
Islandiya Meteorologiya xizmati xabariga koʻra, ushbu hududdagi soʻnggi faollik joriy yilning aprel oyida kuzatilgan edi. Eʼtiborga molik jihati shundaki, 2021-yilgacha Reykyanesda soʻnggi 800-yil davomida birorta ham vulqon otilishi roʻy bermagan. Bugungi kunga kelib esa mintaqa geologik uygʻonish davriga kirgani ayon boʻlmoqda. Olimlar fikricha, bu turkumdagi otilishlar kelgusi oʻn yilliklar, hattoki asrlar davomida davom etishi mumkin.
Hozircha mazkur vulqon faolligi xalqaro aviaqatnovlarga taʼsir koʻrsatgani yoʻq. Reykyavik yaqinidagi Keblavik aeroporti odatdagidek ishlamoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bu otilishlar “Eyyafyadlayyokyudl” vulqonining 2010-yildagi kuchli portlashiga oʻxshamaydi — havoga katta hajmda kul purkalmagan, bu esa havo qatnovi uchun hozircha xavf tugʻdirmaydi.
Reykyanesdagi soʻnggi hodisa yana bir bor Islandiyaning “muz va olov oʻlkasi” degan nomini oqladi. Otilayotgan lavaning yorqin manzarasi koʻplab sayyohlar va geologlar eʼtiborini tortmoqda, biroq mutasaddilar xavfsizlikni birinchi oʻringa qoʻyib, hududga kirishni vaqtincha cheklashdi. Holatni kuzatish ishlari davom etmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- “Soxta tetiklikning haqiqiy halokati”: energetik ichimliklarning sekin, ammo muqarrar yiqitish jarayoni haqida
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring