Imtiyoz imkoniyat yaratmoqda
Samarqand viloyatida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining tashkil etilishi koʻplab tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Ayniqsa, “Urgut sanoat servis” korxonasiga asos solgan Majidxon Islomov xorij brendlariga havas qilib, milliy brendni yaratishga muvaffaq boʻldi. Toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi mazkur korxonada “URGUTINI” brendi ostida erkaklar koʻylaklari tayyorlanmoqda.
—Dastlab Urgut tumanida ikkita korxonamiz faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, endilikda Qoraqalpogʻiston Respublikasida, Oqdaryo va Bulungʻur tumanlarida ham filiallarimiz bor, — deydi “Urgut sanoat servis” korxonasi bosh direktori Majidxon Islomov. — Korxonalarimizda qishloq aholisi ayniqsa, ayollar va yoshlar uchun yangi ish oʻrinlari ochyapmiz. Shuningdek, nogironligi bor, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun ham munosib mehnat sharoitlari yaratib, ularning doimiy bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratyapmiz.
Yosh tadbirkorning kelgusi yilgi rejalari katta. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Samarqand viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda toʻqimachilik yoʻnalishida korxonalar tashkil etishni rejalashtirgan.
—Texnikumlarning oʻquv bazasida tikuvchilik sexlari ochish uchun zarur jihozlar borligini koʻrdim, — deydi Majidxon Islomov. — Hozirgi kunda bir texnikum bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz. Kelgusida bu yoʻnalishdagi faoliyatimizni yanada kengaytiramiz.
Ahamiyatlisi, korxonada dastlab import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilgan boʻlsa, bugun eksport uchun mahsulotlar tayyorlanyapti. Xitoy, Turkiya, Yaponiya, Germaniya davlatlaridan keltirilgan texnologiyalar asosida tayyorlanayotgan mahsulotlar sifati va eksportbopligi bilan jahon bozoriga kirib bormoqda. Tadbirkor bugun oʻz mahsulotlarini “Made in Uzbekistan” yorligʻi bilan Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va Tojikistondan tashqari Yevropa davlatlariga ham eksport qilishga muvaffaq boʻlyapti.
Bir soʻz bilan aytganda yosh tadbirkor Majidxon Islomovning kechagi orzulari bugun kundalik hayotiga aylanib ulgurdi desak, mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Yurtimizda yosh tadbirkorlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar ularning ana shunday yuksak natijalarga erishishiga xizmat qilmoqda.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- “Doha — Qatarning yuragi, tungi ritmda urib turgan shahar”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring