Hech kim eʼtibordan chetda qolmaydi

13:27 02 Aprel 2026 Jamiyat
214 0

2021-yilda Sirdaryo viloyatida tajriba tariqasida yoʻlga qoʻyilgan Davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi 2027-yil yanvar holatida yurtimizning barcha hududlariga joriy etilishi rejalashtirilgan. Oʻtgan yillar davomida davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri, Sirdaryo, Navoiy, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida joriy etildi. Joriy yilda Fargʻona, Andijon, Namangan, Surxondaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlarida bosqichma-bosqich joriy etish ishlari olib borilmoqda. Bunda esa Davlatimiz rahbarining 2024-yil 5-sentyabrda qabul qilingan “Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini joriy etish jarayonida tibbiy xizmatlarni moliyalashtirishning yangi tizimi qoʻllanilib, imtiyozli toifadagi shaxslarda oʻtkazilgan yuqori texnologik operatsiyalarning sarf xarajatlarini Jamgʻarma qoplab bermoqda. Jumladan, 2025-yilda imtiyozli yoʻllanma asosida 101 ming nafardan ziyod bemor ana shunday yordamni oldi. Bularning qariyb 8 ming nafari Samarqand viloyatiga toʻgʻri keladi. Jumladan, 2025-yilda viloyatda 7 ming 600 nafardan koʻproq bemor davlat tibbiyot muassasalarida, qariyb 200 nafari xususiy klinikalarda davolandi va buning uchun Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi 127 milliard soʻmni tibbiyot muassasalariga yoʻnaltirdi. Joriy yilning 1-mart holatiga koʻra, 875 nafar bemor imtiyozli yoʻllanma asosida davolandi va buning uchun sarflangan 11 milliard soʻm qoplab berildi.

Amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar bilan OAV vakillarini yaqindan tanishtirish maqsadida Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi matbuot xizmati tomonidan Samarqand viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi hamda viloyat kardiologiya markazida press-tur tashkil etildi.

– Men Jizzax viloyati Arnasoy tumanidan yoʻllanma asosida Samarqand viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markaziga keldim, – deydi 26 yoshli Xudoynazar Olishov. – Bir necha yildan buyon buyrak yetishmovchiligidan qiynalaman. Ammo, operatsiya uchun yetarlicha mablagʻimiz yoʻqligi sababli, dializ olib kelayotgandim. Yaqinda oilaviy shifokorimiz davlat tibbiy sugʻurtasi haqida, nogironligim borligi uchun bepul operatsiya qilinishim haqida tushuntirib berdi. Opam bitta buyragini berdi. Operatsiya boʻlganimga bir hafta boʻldi, ahvolim juda yaxshi. Eng xursand boʻlganimiz buyrak koʻchirib oʻtkazish operatsiyasi va davolanish uchun sarflangan xarajatlarni Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi toʻlab beradi. Bizga yaratilgan bunday qulayliklar uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.

– Samarqand viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida oʻtgan yil davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi doirasida 50 ga yaqin buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyoti bajarildi, – deydi boʻlim boshligʻi, tibbiyot fanlari nomzodi Sherali Norqoʻziyev. – Joriy yilda esa bunday operatsiyalar soni 60 dan ortiq boʻlishi rejalashtirilgan. Bemorlarga yengillik yaratish maqsadida qimmat turadigan immunologik hamda genetik tekshiruvlarga ketadigan xarajatlar ham Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlab berilmoqda. Xorij davlatlarda bunday operatsiyalar uchun oʻrtacha 25-30 ming dollar talab etiladi.

Press-tur davomida jurnalist va blogerlar Samarqand viloyat Kardiologiya markazida ham boʻlib, bemorlar va shifokorlarning fikr-mulohazalarini oʻrgandik. Ushbu tibbiyot maskanida oʻtgan yil 1600 ta yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari amalga oshirildi.

– Oilaviy shifokorning yoʻllanmasi asosida Samarqand viloyat Kardiologiya markaziga keldim, – deydi Navoiylik Salima Karimova. – Yoshim 64 da. Bir necha yil avval shifokorlar yuragimni operatsiya qildirish zarurligini aytishgan boʻlsada, mablagʻ yetishmasligi sabab, davolanib yurgan edim. Imtiyozli yoʻllanma asosida bepul operatsiya qilib, yuragimga stent qoʻyishdi. Hozir ahvolim yaxshi. Mazkur tizim biz kabi “qoʻli kalta”larni sogʻligini saqlashda juda kerak ekan. Minnatdorman.

Alohida qayd etish joizki, davlat tibbiy sugʻurtasi tizimida “Kafolatlagan paket” doirasida har bir fuqaro quyidagi xizmatlardan bepul foydalanishi mumkin – oilaviy shifokor va hamshira xizmati, tez tibbiy yordam, profilaktik koʻrik va skrininglar, tor soha mutaxassislari maslahati, qon tahlillari va zarur dori vositalari. Bu xizmatlar hamma uchun teng darajada taqdim etiladi.

Tizimning asosiy maqsadi – kasalliklarni erta aniqlash, umr davomiligini uzaytirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgani bilan juda muhim hisoblanadi. Asosiy eʼtibor sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, kasalliklarni oldini olish va profilaktikasiga qaratilgan.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?