Goʻsht arzon boʻladi, ammo...

Abdunabi ALIQULOV/“Xalq soʻzi”.
Muammo va yechim
BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning kuzatishlaridan maʼlum boʻlishicha, jahonda goʻsht narxining oshishi global miqyosda kuzatilmoqda. Buning sababi aniq: aholi koʻpaymoqda, yirik import qiluvchi davlatlarda goʻshtga boʻlgan ichki talab oshib boryapti. Chorvachilikka ilmiy-innovatsion yondashilayotgan boʻlsa-da, chorva ozuqasi taʼminoti, parvarishlash va transport xarajatlarining ortishi narxga salbiy taʼsirini koʻrsatmay qolmayapti. Birgina tovuq goʻshti misolida aytganda, uning narxi oxirgi bir yil ichida qoʻshni Qozogʻistonda 4,7 foiz, Rossiyada 9,7 foiz oshgan.
Yurtimizda ham keyingi paytda goʻsht narxining qimmatlab borayotgani aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlyapti. Negaki, achchiq boʻlsa-da, aytish kerak, goʻsht bahosi aholi daromadiga nisbatan olganda birmuncha baland.
Yangi mexanizm – barqaror narx
Shu yil 16-iyun kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari goʻsht narxi masalasiga alohida toʻxtalar ekan, mutasaddilar oldiga goʻsht, sut, parranda goʻshti va tuxum narxining keskin oshib ketmasligi, yangi mexanizm asosida narx-navo barqarorligini taʼminlash boʻyicha qatʼiy vazifa qoʻydi. Shubhasiz, bu yurtdoshlarimizning ayni dilidagi gap boʻldi.
Amaliyotga joriy qilinayotgan yangi mexanizmga koʻra, endilikda korxonalarga QQSning yarmi bir kunga ham kechiktirilmasdan keshbek sifatida qaytariladi. Bu esa ular “soya”dan chiqib ishlashi, goʻsht, sut, parranda goʻshti, tuxum singari kundalik oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshib ketmasligida ragʻbatlantiruvchi omil boʻladi, albatta.
Xoʻsh, xalq manfaati, aholi xarid qobiliyatini yaxshilash yoʻlida koʻrilayotgan bunday hayotiy chora-tadbirlar joylarda qanday kutib olindi? Buning samaralari amalda sezilyaptimi?
– Prezident topshirigʻi oʻsha kuniyoq bizga yetkazilgandi, – deydi Xorazm viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Sherzod Abilov. – Viloyatimiz hokimi hamda qoʻmitamiz raisi yigʻilish oʻtkazib, chorvador tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash orqali goʻsht narxi oshib ketishining oldini olishga qaratilgan yangi mexanizm mazmun-mohiyatini tushuntirdi. Shu asosda kundalik ish rejamizni yanada takomillashtirdik. Oʻsha kuni keshbek berilishini boshqarmaning Telegram kanalida yozgandik, birpasda 650 nafardan ziyod chorvadoru parrandaboqarlar “zoʻr-ku”, deya munosabat bildiribdi. Hatto ayrimlar “Nahotki, rostdanmi?!” deya izoh qoldirgan.
Albatta, moʻl-koʻlchilikka erishmoq, dasturxonimiz toʻkinligi joylardagi mutaxassislarning shijoatiga bogʻliq. Negaki, oʻtgan yil viloyatimizda 191 ming tonna goʻsht ishlab chiqarilgan, joriy yil yakuniga borib bu raqam 207 ming tonnadan oshadi. Bunda parranda goʻshtining salmogʻi 30 ming tonnani, baliq 35 ming tonnani tashkil etadi. Agar kelgusida har bir tumanda 10 tadan yirik chorvachilik, boʻrdoqichilik fermalarini yoʻlga qoʻya olsak, tadbirkorlarimiz parrandachilikka jiddiy eʼtibor qaratishsa, baliqchilik yoʻnalishidagi loyihalarimiz natija bersa, goʻsht qimmatlashuvi bilan bogʻliq muammo Xorazmni butkul tark etadi. Bugun ana shu niyat bilan Prezidentimizning daʼvatkor soʻzlaridan ruhlanib, halovatdan kechganmiz.
Chorvadorning dardi nimada?
Endi chorvachilik mahsulotlarining oʻzagi sanalgan goʻsht va uning narxi, ishlab chiqarish xarajatlari, bu neʼmatni koʻpaytirishga toʻsiq boʻlayotgan holatlarga eʼtibor qaratsak. Avvalo, mana bu raqamlarni bir tahlil qilaylik.
Toʻgʻri, keyingi yillarda Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan chorvachilik sohasiga oid qator Farmon va qarorlar eʼlon qilindi, qoramollar bosh sonini koʻpaytirish, naslini yaxshilashga, parrandachilik, baliqchilik va boshqa tarmoqlarni izchillik bilan rivojlantirishga jiddiy kirishildi ham. Bu borada xorijiy davlatlar bilan hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Masalan, Jahon banki, xalqaro moliyaviy tashkilotlar koʻmagida chorvachilik sohasini qoʻllab-quvvatlash uchun xalqaro kredit liniyalari ochildi. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi bu borada asosiy ijrochi vazifasini bajarmoqda va yaqinda Yaponiya davlati bilan 152 mln. dollarlik yangi loyiha boshlab yuborildi.
Naslchilik borasida yangiliklar koʻp, qoʻmitaga qarashli naslchilik markazi chuqur muzlatilgan va zamonaviy tarzda qadoqlangan zotdor buqa urugʻlarini respublikamiz boʻyicha uzluksiz yetkazib bermoqda. Sohaga ilmiy asoslangan innovatsiyalarni joriy etish borasida Janubiy Koreya mutaxassislari bilan hamkorlik natijalari ham koʻzga tashlanmoqda. Eng muhimi, Moʻgʻuliston davlati bilan 2025 – 2027-yillarga moʻljallangan harakatlar dasturining imzolanishi, yuz ming boshdan ortiq mayda shoxli hayvonlaru yaylov ekinlari urugʻlarini import qilishga kelishilgani eʼtiborga molik. Bu saʼy-harakatlar joriy yil yakuniga qadar jami goʻsht ishlab chiqarish hajmini oʻtgan yildagi 2,9 mln. tonna emas, balki 3,1 mln. tonnadan oshirish imkonini yaratadi.
– Respublikamizning janubiy viloyatlarida goʻsht koʻp isteʼmol qilinsa-da, bu mahsulotning asosiy savdo oʻchogʻi poytaxt bozorlaridir, – deydi poytaxtning “Chorsu” bozorida goʻsht biznesi bilan shugʻullanayotgan tadbirkor Lazizbek Hakimov. – Kuzatishimcha, kuniga “Chorsu” bozoriga kamida oʻnta maxsus muzlatkichli avtomashinalarda goʻsht kiradi va hammasi sotilib ketadi. Bu – kam emas, koʻp emas 200 tonna goʻsht, degani. Uning asosiy qismi aholi ixtiyoridagi qoramolu qoʻy-echkiniki, ammo yashiradigan joyi yoʻq, keyingi paytlarda qishloqda odamlarning tomorqasiga beda ektirmay qoʻyishdi.
Lazizbek Hakimov shu mamlakat fuqarosi, jonkuyar inson sifatida Konimexning Boymurod degan joyida toʻrt ming bosh qoʻyni koʻpaytirishga kirishganini ham taʼkidladi.
– Chorvadorning dardiyu muammosi nimada, hammasini bilaman, – deydi Lazizbek. – Shu yil boshida Moʻgʻulistonga bordim, holatni oʻrgandim, naslli qoʻylardan ham olib keldim. Aslida, bu davlat rahbarining tashabbusi edi va bugun Konimex ikkinchi Moʻgʻulistonga aylanish arafasida, ammo oʻshanda har bosh qoʻyning importi 200 – 250 dollardan tushgan, ayrimlar buni ancha qimmat, degandi. Bugun-chi? Bozorda zotdor molu qoʻyning narxi choʻntakni “kuydiradi”.
Hajm ham oshdi, tannarx ham
Maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi besh yilda yurtimizda chorvachilik sohasida olib borilgan islohotlar natijasida mulkchilikning turli shakliga tegishli fermalarda qoramollar bosh soni ikki barobar, ishlab chiqarilayotgan chorvachilik mahsulotlari hajmi esa uch barobar oshgan. Shu yil boshiga kelib yirik shoxli qoramollar soni 14,3 mln. boshdan koʻpaygan. Naslchilik korxonalari soni 400 tadan 1900 taga yetkazilgan boʻlsa, zoti yaxshilangan qoramollar ulushi 30 – 35 foizdan 70 – 75 foizga koʻtarilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda bu masalada turli fikrlar, takliflar bayon etilmoqda.
– Agar dunyo mamlakatlaridagi goʻsht narxiga razm solsak, bir kilo goʻsht bahosi Shvetsiyada 46,2 dollar, Islandiyada – 38,86, Janubiy Koreyada – 28, Belarusda – 6 – 8, Qozogʻistonda – 7 – 11 va Tojikistonda 8 – 10 dollar, – deydi taniqli olim, chorvachilikda oziqlantirish masalalari boʻyicha xalqaro ekspert Dilshod Yoʻldoshev. – Koʻrib turganingizdek, raqamlar orasidagi farq juda katta, bu oʻz-oʻzidan aholi daromadining har xil ekani bilan ham izohlanadi. Qayerda goʻsht qimmat ekan, oʻsha joyda aholi daromadi besh – oʻn karra yuqori, narx bilan bogʻliq oʻzgaruvchanlik ham kuzatilmaydi.
Aslida goʻsht narxini boshqa joylardagi narxlar bilan emas, oʻsha mamlakatdagi aholi daromadi bilan solishtirish kerak. Shvetsiyada odamlar 1 kg. mol goʻshti uchun 46 dollar toʻlaydi, lekin bu ularning oylik daromadining atigi 1 foizi. Oʻzbekistonda esa oʻrtacha toʻrt kishidan iborat oila bir haftada 1 kg. goʻsht isteʼmol qilsa, bu – 3-4 million soʻmlik oylik maoshning taxminan 10 – 13 foiz qismini goʻshtga sarflaydi, deganidir. Shu tariqa “arzon” degan gap tilimizga chiqmay “boʻgʻiladi”.
Oʻz-oʻzidan ayonki, aholi daromadini birdaniga Shvetsiya yo Janubiy Koreya darajasiga chiqarib boʻlmaydi, bu imkonsiz. Shunday ekan, goʻsht narxini aholi choʻntagi koʻtaradigan darajaga tushirish, juda boʻlmaganda moʻtadil boʻlishiga erishmoq zarur.
Eng katta muammo – ozuqa
Olimlaru mutaxassislar eʼtirof etganidek, asosiy masala ozuqa taʼminotining pastligida, chorvaga yem-xashak yetishtiradigan yerlar kam, borlarining ham unumdorligi yuqori emas. Va yana kimdadir yer boru mol yoʻq, boshqalarda mol boʻlsa, yer yoʻq. Bu masala tumanlarda oʻrganilgan, hammasi kunday ravshan, ammo muammo yechilmay muallaq qolmoqda. Axir mol tirik jon, uning koʻpayishi, sogʻlom oʻsishi doimiy oziqlantirishga, ilmiy asosda naslchilikni yoʻlga qoʻyishga bogʻliq. Sunʼiy urugʻlantirish kerak, ammo bu borada ham ozuqa yetishmasa, soxtalik roʻy beradi.
– Hovlim 21 sotix, yarmida uy-joyim, qolgan qismida molxonam bor, – deydi Oʻzbekiston tumanida yashovchi chorvador Nizomjon Abdullayev. – Hid chiqmasin, deya devorlarni baland koʻtarganmiz. 20 bosh sigirni buzogʻi bilan boqyapman. Fermerlar “ilik uzildi” payti, yaʼni fevralning oxirlarida pulga muhtoj boʻladi, soʻrab kelishadi, oldindan pul beraman xashak, beda pichani uchun. Kuchli ozuqalarni qoʻqonlik tadbirkor yigitlar “Aka, pulini keyinroq, molingizni sotganda bersangiz ham mayli”, deb tashlab ketishadi. Chorvadan chiqqan goʻng ham pul, bu mablagʻ ham oziqlantirishga sarflanadi. Shu sababli, ozuqa taʼminoti menda yaxshi, ammo qoʻshnilarim ozuqa qimmat, yer yoʻq, deya mol boqmay qoʻydi.
Fikrimizcha, bugun boʻrdoqichilik asosida goʻsht yetishtirishga, ilmiy asoslarda zotdor chorvachilik bilan shugʻullanish masalasiga tadbirkorlaru amaldorlar ham jiddiy eʼtibor berishi kerak. Toki, bu muammo kambagʻallikni qisqartirish borasidagi davlat siyosatining ildiziga bolta urmasin. Axir, bozorning arzon boʻlishi barchaning roʻzgʻoriga baraka kiritadi-da.
– Tumanimizdagi “Siyob Shavkat Orzu” fermer xoʻjaligining 3340 bosh zotdor qoramoli, 3 ta parrandachilik fabrikasi bor. Hazilakam gap emas bu. Oʻzingiz oʻylang, 3 340 bosh zotdor qoramolni boqish tugul, saqlashning oʻzi mushkul. Fermer oʻtgan yil isteʼmolchilarga 11,5 ming tonna sut, 24 100 tonna goʻsht yetkazib berdi. Otasiga rahmat! Shuncha chorvani qanday eplayapti, bilmadimu, ammo fermer ozuqa uchun ajratilgan 620 gektarning har qarichidan unumli foydalanadi. Qani endi mana shunday chorvadorlaru ishlab chiqaruvchilar har bir tumanda kamida oʻn nafardan boʻlsa, – deydi Toyloq tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Rustam Haydarov. – Afsuski, bu niyatlar orzuligicha qolmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Qoraqalpogʻistonda 4 ta tuman chorvachilik tumaniga aylantirildi va mamlakatimizda bu sohada minglab loyihalar amalga oshirilmoqda. Nurobod, Ohangaron, Qoʻshrabot singari tumanlar ham chorvachilik hududlariga aylantirilgan, ammo oʻsha manzillarda chorvachilik bilan bogʻliq katta oʻzgarishlar roʻy berdimi? Ushbu chorvador tumanlarning respublikamizda yalpi goʻsht ishlab chiqarish koʻrsatkichlaridagi ulushi qoniqarlimi? Afsuski, yoʻq. Nega shunday deng, “Kuchli ozuqalar qimmat, elektr energiyasi va yonilgʻi-moylash materiallari narxlari keskin oshgan, mol boqish, goʻsht ishlab chiqarish qiyinlashib ketyapti”, deydi chorvadorlar.
Ishonchli manbalarga koʻra, respublikamizda kuchli ozuqaga boʻlgan talab yuqoriligi, ozuqa yetishtirish uchun yer maydonlarining yetishmasligi tufayli chorva mollarining ozuqa bilan taʼminlanish darajasi bor-yoʻgʻi 35 – 40 foizni tashkil etmoqda. Mana, sizga eng katta qusur. Qolaversa, keyingi toʻqqiz oy ichida eng kerakli ozuqa sanalgan shrot 3 ming soʻmdan 7 ming soʻmga, shulxa 2 800 soʻmdan 4 ming soʻmga, omixta yem 2 900 soʻmdan 3 700 soʻmga, bugʻdoy 2 200 soʻmdan 3 000 – 3500 soʻmga, makkajoʻxori silosi 500 soʻmdan 900 – 1000 soʻmga, presslangan somon 15 ming soʻmdan 25 ming soʻmga, beda bogʻlami esa 25 ming soʻmdan 45 ming soʻmga oshgan. Bu narx viloyatlar boʻyicha turlicha, ammo ozuqalarga boʻlgan talab ham, narx ham oshayotgani aniq.
Ulovidan tushovi qimmat
Goʻsht deganda, koʻpchilik faqat mol va qoʻy goʻshtini tushunadi. Parrandayu quyon, baliq mahsulotlari ham inson salomatligi uchun juda-juda kerak. Bu tarmoqlar ham goʻshtga boʻlgan umumiy talabga sezilarli darajada ijobiy taʼsir koʻrsata oladi. Ammo bu tarmoqlardagi muammolar ham ozuqa bilan bogʻliq, natijalar ham maqtaydigan darajada emas. “Ulovidan tushovi qimmat” deganidek, odamlarning hovlisidagi tovuqlar ham kamayib ketyapti.
– Yodingizda boʻlsa, bundan besh-olti yil ilgari kambagʻallikni kamaytirish niyatida joylarda odamlarga parranda tarqatildi, qoramol berildi, endi bu oila nochorlikdan xalos boʻladi, deyildi. Qani, oʻsha xayrli ishlar natijasi? Ozuqa yetishtirish, uni topishni bilmagan, chorvaga mehri uygʻonmagan nochor oila boshligʻi ozuqasiz qantarilgan jonivorni soʻydiyu qozonga tashladi. Bir emas, oʻn emas, yuz minglab holatda shunday boʻldi. Bugun barchasi oshkor boʻldi, dard yuzaga chiqdi, isitmasi oshkor qildi, – deydi Qarshi tumanilik fermer Arziqul Togʻayev. – Buyogʻini soʻrasangiz, bizda ham ozuqa muammo. Oʻn yildirki, chorva boqay, menga oʻz xoʻjaligimdagi paykalda beda, makka ekish uchun ruxsat beringlar, deya idorama-idora yuribman. Natija yoʻq hozircha.
– Goʻshtga boʻlgan talabni baliq mahsulotlari, quyon goʻshti yetishtirish orqali kamaytirsa boʻladimi? Albatta. Menimcha, baliq isteʼmoli va uning foydasi haqidagi tibbiy targʻibotni yanada kuchaytirish kerak, – deydi taniqli tibbiyot olimi, pediatr, xususiy klinika asoschisi Shavqiddin Joʻraqulov. – Bu mahsulot tarkibida inson organizmi uchun, ayniqsa, bosh miya uchun eng zarur boʻlgan elementlar koʻp. Bogʻchalarda, maktablarda baliq mahsulotlari isteʼmolini tashkil eta olsak, aholining salomatligi bugungiga nisbatan ikki-uch karra oshadi, muhimi, bolalar immuniteti yuqori boʻladi. Baliqdan tayyorlangan neʼmatlarga mehr qoʻygan bolalar orasidan zukko odamlar, daholar yetishib chiqishi ham ilm-fanda oʻz isbotini topgan. Bundan tashqari, baliq goʻshti yurak-qon tomir kasalliklarida, qonda xolesterin darajasi koʻtarilganda, kamqonlik, behollik va jismoniy zoʻriqishda, nevroz, teri kasalliklari, podagra va revmatizmda, koʻrish qobiliyati sustlashganda koni foydadir. Bolalar baliqdan tayyorlangan taomlarni isteʼmol qilishi natijasida raxit, soch toʻkilishi, boʻqoq dardlaridan forigʻ boʻladi. Shu bois ham bugungi kunda dunyoning koʻplab davlatlarida baliq mahsulotlariga nafaqat oziq-ovqat, balki shifobaxsh mahsulot sifatida ham qaraladi va aholining yillik baliq isteʼmoli oʻrtacha 18 – 20 kilogrammni tashkil etadi. Ammo bizda bu koʻrsatkich juda past, kishi boshiga yiliga oʻrtacha 6 kilogrammga toʻgʻri kelmoqda, xolos.
Parranda biznesi orqali iqtisodini oʻnglab olgan tadbirkor Umid Bozorboyevning soʻzlariga qaraganda, qishloqda yashasangu hovlingda besh – oʻnta tovugʻing boʻlmasa uyat. Ozuqa qimmat mahali bu oson emas, ammo oʻrganib qolganmizda. Qolaversa, uyga mehmon kelib qolsayu uyda goʻsht boʻlmasa, bitta tovuqni soʻyasiz, dasturxon obod. Bu tadbirkor bundan oʻn yillar avval samarqandlik tadbirkorlar bilan hamkorlikka kirishib, broyler joʻjalar savdosi bilan shugʻullangan. Ming boshdan ortiq bir kunlik broyler joʻjalar birpasda sotilib ketardi. Oʻshanda Umidjon bu biznesga qishloqdagi koʻpchilikni jalb etgan, foydasi aniq edi, mittigina joʻja bir oydayoq ikki yarim kilo tosh bosadigan tovuqqa aylanardi. Oradan vaqt oʻtib ozuqa narxi koʻtarilgach, xaridor yoʻqoldi.
Import masalaga yechim boʻlolmaydi
– Bugun ayrim tadbirkorlar tirik mol emas, asosan, goʻsht import qilishga astoydil intilmoqda. Bu muammoning yechimi emas. Oʻzimizda chorva bosh sonini koʻpaytirish, zotini yaxshilashni maqsadga aylantirishimiz kerak, – deydi Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot institutining Ohangaron boʻlimi rahbari, qishloq xoʻjalik fanlari doktori, professor Nuriddin Roʻziboyev. – Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ikki-uch yildirki, chetdan zotdor qoʻylar, echkilar va boshqa jonivorlarni olib kirishga jiddiy kirishildi. Zotni yaxshilang, besh – oʻnta jaydari mol boqquncha, bitta boʻlsayam nasllisidan parvarishlang, ana shunda sohada sut ham, goʻsht ishlab chiqarish ham koʻpayadi, degan takliflar yuqori minbarlarda aytilyapti. Bu fikrni aholi oʻrtasida ham targʻib etyapmiz. Ayni chogʻda esa institutga qarashli 350 boshdan ortiq goʻshtdor-serjun zotdor qoʻylar Ohangaron yaylovlarida boqilyapti. Maqsad goʻsht-dor, mahalliy sharoitga moslashgan yangi qoʻy zotini yaratishdan iborat. Bu boradagi ilmiy ishlarimiz ham hademay oʻz natijasini namoyon etadi, biroq baribir achchiq boʻlsa-da aytish kerak, aholini chorvachilik bilan keng shugʻullanishga, jonivorlar bosh sonini koʻpaytirishga ragʻbatlantirmasdan turib kutilgan natijaga erishib boʻlmaydi.
Endi mana bu taklifga eʼtibor bering-a.
– Gʻalla oʻrim-yigʻimida ishtirok etib koʻrdimki, hosildorlik yuqori, gektaridan 70 sentnergacha don chiqyapti. Ayrim fermerlar 60 tonnadan ortiq gʻallani hovlisiga tushirib olyapti, – deydi Jomboy tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Botir Dushanov. – Qoyil, dedim, mehnat qilibdimi, haloli boʻlsin. Kuzatsak, odamlar don qatori somonga ham oʻch, fermerning dalasiga koʻz tikkan. Chunki hovlisida ozmi, koʻpmi chorvasi bor-da. Yem qimmat, degan odamlarga esa gidroponika usulida yem tayyorlab jonivorga beringlar, deymiz. Bir kilo don paykalning boshida 2500 soʻm tursa, uni maxsus joyda oʻstirib maysaga aylantirsangiz 6 karra koʻpayadi. Maxsus uskunada yarim bogʻ somon, topolsangiz yarim bogʻ bedani bir togʻora maysa bilan aralashtirib yanching, buqa tugul sigiru buzoqni ham semirtirib yuboradigan ozuqaga aylanadi. Eʼtibor beryapsizmi, bir kilo bugʻdoy qariyb olti karra koʻpaydi, somon ham yem tarkibiga kirdi. Tannarxni ayting, bir kilo toʻyimli yem – besh yuz soʻm. Agar buni ommaviy surʼatda tashkil eta olsak edi...
Botir Dushanovning taʼkidlashicha, bundan 15-yillar ilgari har bir tumanda respublika chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uyushmasining oʻnlab yem sotish shoxobchalari uzluksiz ishlar, aholi bu shoxobchalar orqali chorva mollariyu parrandasiga kerakli boʻlgan kuchli ozuqalarni bozordagidan ancha arzon narxda sotib olardi va bu, oʻz navbatida, odamlarni chorvani koʻpaytirishga ragʻbatlantirardi. Ushbu tamoyilni yana qoʻllasak boʻlmaydimi?
– Aytaylik, respublikamizda chorva ozuqasi taʼminoti bilan shugʻullanadigan alohida idora tashkil etilsayu uning zimmasiga gidroponika usulida yem tayyorlash, aholiga bu mahsulotni yetkazib berish, kerak boʻlsa, chorvaning ilmiyu amaliyotidan saboq ulashish vazifasi yuklatilsa, – deydi Botir Dushanov. – Agar bu idora oʻzini oʻzi boqadigan tashkilotga aylansa, har bir tumanda 20 – 30 tadan shoxobchasi ishlab tursa, natija yaqqol koʻrinadi. Ustiga-ustak, yuz minglab qishloq yoshlari yangi ish oʻrniga ega boʻladi. Shoxobcha tomonidan tayyorlanib, aholi yo tadbirkorning eshigiga qadar yetkazib beriladigan yemning har kilosi (gidroponika xizmati bilan) 500 soʻm emas, ikki karra oshib ming soʻmga borganda ham yomon boʻlmaydi. Bunday qulaylikni, tashabbusni hovlisida qoramolu qoʻy-echki, parranda boqayotgan odam qarsak chalib kutib oladi. Bu taklifdan maqsad, arzonchilik boʻlsin deyman, goʻsht qimmatlasa, kambagʻallik balosi bizdan nari ketmay qoladi, ana shu meni choʻchitadi...
Mana, goʻsht bahosi atrofidagi muammolaru takliflar. Bundan aslo soha rivojiga masʼul idoralar ishlamayapti, vaziyatni oʻnglashga kirishmayapti, degan xulosa chiqmasligi kerak. Aksincha, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi tizimida oʻzgarishlar katta. Deputatlaru joylardagi amaldorlar ham aholining moli koʻpaysin, moddiy ahvoli oʻnglasin, deya jonsarak. Nazarimizda, bu muammo yechimida ham xuddi Xitoy va shunga oʻxshash taraqqiyot sari dadil odimlayotgan mamlakatlardagi kabi biznes ahlining, tavakkal qilishdan choʻchimaydigan yuragi uygʻoq kishilarning gʻayratu shijoati zarur.
Bir gal “Korzinka” supermarketlar tarmogʻi asoschisi muxbirning “Doʻkonlaringiz viloyatu tumanlarda ham paydo boʻlyapti, bunga qanday erishyapsiz?” degan savoliga “Tomoshabin boʻlishni yoqtirmayman, bozorda talab bormi, olgʻa intilaveramiz,” degandi. Bugun goʻshtga ehtiyojimiz katta, chorvaga mehri tushgan aholining esa ozuqaga. Nega bu sohada oʻzgarishlar boʻlmasligi, qoʻli uzun tadbirkorlarimiz muammo yechimiga kirishmasligi kerak? Yo bu borada ham xitoylik “biznesmen”larga yukinamizmi?..
Sizda qanday fikr bor, aziz mushtariy? Bu haqda yozing, befarq boʻlmang. Maqsad bitta – chorva boqish sifatiyu koʻlamini yangi bosqichga koʻtarish, shu tariqa goʻsht narxini arzon qilishdir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring