Giyohfurushlarning qilmishiga chek qoʻyildi

17:20 19 Dekabr 2022 Jamiyat
612 0

Mamlakatimizda giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyatlarga chek qoʻyish maqsadida muntazam ravishda keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar oʻtkazib kelinadi.

Albatta bu tadbirlar natijasida giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq bir qancha jinoyatlar fosh etilib, jinoyatchilardan har xil turdagi giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ashyoviy dalil tariqasida olinmoqda.

Xususan, 2022-yil 9-dekabr kuni Xorazm viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati JQB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, shifoxonada hamshira boʻlib ishlovchi, 1982-yilda tugʻilgan, qoʻshkoʻpirlik D.N. (ayol) tanishiga jami vazni 0,0037 gramm “Morfin” giyohvandlik dori vositasini 400 000 soʻmga sotib oʻtkazgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, joriy yilning 6-dekabr kuni viloyat IIB Tezkor-qidiruv xizmati JQB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Urganch shahrining “Bobur” mahallasida istiqomat qiluvchi, 1992-yilda tugʻilgan, U.D. toʻxtatilib, yonlari xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida, uning yonida 7 ta konvalyutadagi 136 dona, jami vazni 40,8 gramm koʻp miqdordagi kuchli taʼsir qiluvchi «Peregabalik» moddasi borligi aniqlangan.

Bundan tashqari, joriy yilning 23-noyabr kuni, viloyat IIB Tezkor-qidiruv xizmati JQB tezkor xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, Urganch shahrida yashovchi, 1979-yilda tugʻilgan, Sh.Q. (ayol) oʻzi istiqomat qilib kelayotgan mahalla hududida 1 quti jami 10 dona «Zardeks» nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi hamda 2 ta oq qogʻozga oʻralgan “marixuana” giyohvandlik vositasini 1 300 000 soʻmga sotgan paytida jinoyat ustida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shundan soʻng, gumondorning yashash xonadoni koʻzdan kechirilganida yotoqxonasidagi javondan 2 quti jami 20 dona «Zardeks» nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi, 21 dona folga qogʻoziga oʻralgan «Tramadol» giyohvandlik vositasi hamda 2 boʻlak yaltiroq qogʻozga oʻralgan “marixuana” giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?