Gibrid shaxmat boʻyicha Osiyo chempioni taqdirlandi, vazir chempionga qarshi dona surdi

00:26 04 Iyun 2021 Sport
387 0

3-iyun kuni Turizm va sport vazirligida gibrid shaxmat boʻyicha Osiyo chempionligini qoʻlga kiritgan Shamsiddin Vohidovni taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Bosh vazir oʻrinbosari –Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov chempionga esdalik sovgʻalarini topshirdi va u bilan dona surdi.

Kuni kecha gibrid shaxmat boʻyicha oʻtkazilgan onlayn musobaqada hamyurtimiz Shamsiddin Vohidov eng yaxshi natijani qayd etib, Osiyo chempioni degan yuksak nomga sazovor boʻlgani haqida xabar bergan edik.

Shaxmatchimiz ushbu gʻalabasi evaziga bir vaqtning oʻzida Jahon kubogi yoʻllanmasini ham qoʻlga kiritdi. Natijada dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ishtirokida oʻtadigan Jahon kubogida Vatanimiz sharafini naqd 5 (!) nafar grossmeysterimiz himoya qiladigan boʻldi. Bular – jahonning eng yosh va iqtidorli shaxmatchilari boʻlmish Javohir Sindarov, Nodirbek Abdusattarov, shuningdek, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Vohidov hamda Shamsiddin Vohidov.

Aziz Abduhakimov avvalo yosh shaxmatchimizni bunday ajoyib gʻalabaga erishganligi bilan samimiy muborakbod etdi hamda Shamsiddin kabi isteʼdodli yoshlar ertamiz egalari uchun namuna boʻlib xizmat qilishi, qanchadan-qancha yoshlar ularga oʻxshashga intilishini taʼkidladi.

“Shu sababli, sizdan tez-tez viloyatlarga, chekka-chekka hududlarga chiqib, shaxmatga qiziquvchi yoshlarga mahorat darslari oʻtishingizni, joylarda oʻzingiz kabi iqtidorli yoshlarni kashf etishga hissa qoʻshishingizni soʻrayman”, - dedi vazir.

Shundan soʻng Shamsiddin Vohidovga Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimovning tabriknomasi oʻqib eshittirildi. Unda jumladan shunday soʻzlar bor edi:

“Bugungi kunda hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahnamoligida sportni yana-da rivojlantirish, yosh avlodni har jihatdan yetuk va barkamol etib tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur jarayonda aql gimnastikasi – shaxmatni rivojlantirish ham ustuvor yoʻnalishlardan biriga aylandi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-yanvardagi «Shaxmatni yana-da rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori Oʻzbekistonda shaxmatni yana-da keng targʻib qilish, yosh shaxmatchilarni tayyorlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Shaxmat azaldan ota-bobolarimizning sevimli intellektual mashgʻuloti boʻlgan. Buyuk Abu Rayhon Beruniy, Amir Temur, Alisher Navoiy kabi ajdodlarimiz shatranj oʻynaganliklari tarixiy hujjatlarda muhrlangan. Shu ikki muhim omil sabab aynan Oʻzbekiston yoshlari shaxmat chempionlari boʻlishga haqli, deyish mumkin.

Xalqaro arenalarda Vatanimiz bayrogʻini baland koʻtarib, oʻzbek shaxmati shuhratini jahon miqyosida keng tarannum etgan holda, sportning boshqa turlari qatori shaxmatni ham yoshlarimiz oʻrtasida yana-da ommalashtirishda Sizning alohida oʻrningiz bor.

Sizning ushbu yorqin gʻalabangiz yangi Oʻzbekistonda sport sohasini rivojlantirishga alohida eʼtibor berilayotganligining yorqin ifodasi, deb ayta olaman. Ushbu gʻalabangiz mamlakatimiz mustaqilligining oʻttiz yillik toʻyiga munosib sovgʻa boʻldi. Keyingi marra – yurtimiz bayrogʻini jahon chempionatida ham yuqori koʻtarasiz, deb niyat qilamiz!»

Tadbirda Aziz Abduhakimov tomonidan Osiyo chempioniga zamonaviy shaxmat dasturlari jamlangan kompyuter sovgʻa qilindi.

Shuningdek, mana shunday iqtidorli shaxmatchini tarbiya qilgan ota-onasiga ham minnatdorlik izhor qilindi.

Oʻz navbatida, Sh.Vohidov mana shunday yuksak eʼtibor uchun tashakkur bildirib, bundan yana-da ruhlangan holda yangidan-yangi gʻalabalar bilan Vatanimiz shaʼnini ulugʻlashga astoydil harakat qilishini taʼkidladi.

Tadbir yakunida esa Turizm va sport vaziri, Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov Osiyo chempioniga qarshi dona surdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?