Fidoyi kasb sohiblariga ehtirom
Davlatimiz rahbarining nodavlat va notijorat tashkilotlarga, shu jumladan, mamlakatimizdagi eng yirik jamoat birlashmasi boʻlgan kasaba uyushmalari faoliyati rivojiga koʻrsatayotgan eʼtibori natijasida mana uch yildirki mamlakatimizda 11-noyabr – Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni sifatida keng nishonlab kelinmoqda.
Ayni kunlarda ushbu sana oldidan respublikamizning barcha hududlaridagi korxona, tashkilot va muassasalarning mehnat jamoalarida mehnatkashlar bilan ochiq muloqot va uchrashuvlar, davra suhbatlari, seminar va konferensiyalar, ilgʻor va faol mehnatkashlarni ragʻbatlantirish, madaniy-maʼrifiy hamda sport tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Oʻzbekiston Taʼlim va fan xodimlari kasaba uyushmasining Toshkent shahar boʻlinmasi Kengashi tomonidan poytaxtimizdagi Muqimiy nomli musiqali drama teatrida “Yurt taraqqiyoti yoʻlida birlashaylik” shiori ostida oʻtkazildi.
Bayram tadbiriga xalq taʼlimi va oliy taʼlim tizimida mehnat qilayotgan oʻqituvchi va murabbiylar, professorlar va ilm-fan sohasi fidoiylari, yosh mutaxassislar, kasaba uyushma faollari va faxriylar taklif etildi.
Tadbirda oxirgi 7 yil ichida Prezidentimiz tashabbuslari bilan barcha sohalarda boʻlgani kabi, ijtimoiy-mehnat munosabatlari sohasida ham amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va ularning mehnatkashlar turmush farovonligini oshirishdagi muhim ahamiyati, oʻqituvchilarga koʻrsatilayotgan yuksak ehtirom va ular uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar alohida taʼkidlandi. Mehnat qonunchiligining tobora takomil topib borayotgani, mamlakatimizda davlat, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan samarali ijtimoiy sheriklik va uning natijalari xususida soʻz bordi. Mazkur jarayonlarda Oʻzbekiston Taʼlim va fan xodimlari kasaba uyushmasi ham oʻz faoliyatini takomillashtirish bilan birga ishchi-xodimlar manfaatlari yuzasidan tizimli ishlarni amalga oshirayotgani, ish beruvchilar bilan jamoa shartnomalarini imzolab, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlari himoyasini taʼminlash, ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida tizimli ishlar olib borayotgani qayd etildi.
Bayram tadbirida maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim maktablarida faoliyat koʻrsatayotgan 35 nafar ustoz va murabbiylar hamda oliy oʻquv yurtlarining professor-oʻqituvchilari, ishchi-xodimlariga Oʻzbekiston taʼlim va fan xodimlari kasaba uyushmasi tomonidan sanatoriylarga bepul yoʻllanmalar tantanali ravishda topshirildi.
Shundan soʻng umumtaʼlim maktablari va oliy taʼlim muassasalarida oʻqituvchilik faoliyatini yuritish bilan birga jamoat ishlarida faollik koʻrsatib kelayotgan, oʻz sohasida qator yutuqlarni qoʻlga kiritgan, yosh avlod kamolotiga va yigit-qizlarning yetuk mutaxassislar boʻlib yetishishlariga munosib hissa qoʻshayotgan ustoz va murabbiylar “Xalq taʼlimi aʼlochisi”, “Oliy taʼlim aʼlochisi” va “Xalq taʼlimi fidoiysi” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandilar.
Shuningdek, bir guruh faxriy oʻqituvchilar va kasaba uyushma faxriylariga Oʻzbekiston taʼlim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamda uning Toshkent shahar boʻlinmasi Kengashining Faxriy yorliqlari va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Tadbirda soʻzga chiqqan oʻqituvchilar va mehnat faxriylari Prezidentimiz tomonidan oʻqituvchilar va faxriylarga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va yaratilayotgan keng imkoniyatlar uchun oʻz minnatdorchiliklarini bildirdilar.
Tadbir soʻngida bayram ishtirokchilari uchun Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan “Bizga maktab kerak... yohud Zamon Avloniysi” nomli spektakl namoyish etildi.
Muhabbat OʻRMONBEKOVA,
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
- Berlinda Navroʻz: Yangi Oʻzbekiston madaniyatining jahon sahnasidagi munosib taqdimoti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring