Fargʻonada jinsi shimlari tikiladi

19:42 20 Mart 2021 Iqtisodiyot
1278 0

Navroʻz bayrami shukuhi kezayotgan shu kunlarda Fargʻona shahrida jinsi matosidan erkaklar shimlarini ishlab chiqaruvchi “CONSTANT TRADING” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻz faoliyatini boshladi.

Loyihaning umumiy qiymati 4,1 million AQSH dollari boʻlib, shundan 1,64 million dollari tadbirkorning oʻz mablagʻlari hamda 2,64 million dollari xorijiy hamkorlarning mablagʻlari hisobidan amalga oshirildi. Korxonaga barcha uskuna va dastgohlar Turkiya va Xitoy davlatidan olib kelindi. Korxonaning ochilish marosimida ishtirok etgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mamlakatimizda tadbirkorlarga berilayotgan eʼtibor va ragʻbat shu kabi korxonalar ishga tushirilishida muhim omil boʻlayotganini taʼkidladi.

— Yaqin istiqbolda faoliyat koʻlamini kengaytirib, nafaqat ichki bozor, balki xorijga ham keng assortimentdagi mahsulotlarni eksport qilmoqchimiz, — deydi korxona rahbari Alisher Xoʻjayev. – Ayni paytda korxonada 207 ta yangi ish oʻrni yaratilib, asosan Fargʻona shahridagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan ishsiz xotin-qizlar jalb etildi.

Korxonada ish boshlagan ayollarga viloyat hokimi bayram sovgʻalarini topshirdi.

Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?