Fargʻona viloyati: chegaralarni oʻzgartirishdan maqsad nima?
Foto: Xalq so‘zi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-dekabrdagi “2020-2024-yillarda Fargʻona viloyatining Margʻilon va Qoʻqon shaharlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori hamda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil sentyabrda viloyatga tashrifi davomida berilgan qoʻshimcha topshiriqlar ijrosi boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Fargʻona viloyati hokimligi, Qurilish vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda Margʻilon, Qoʻqon va Fargʻona shaharlarida qurilishi rejalashtirilayotgan 9, 12, 16 qavatli arzon uy-joylar uchun “Oʻzshaharsozlik LITI” davlat unitar korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi turar joy dahalarining Bosh reja jadvallariga asosan viloyatning boshqa tuman va shaharlaridan tanlangan yer maydonlari belgilangan tartibda ajratilib, ushbu shaharlar hududiga oʻtkaziladi.
Viloyat shaharlari chegaralarining oʻzgarishi, toʻgʻrirogʻi, kengayishidan koʻzlangan maqsad nima? Buning fuqarolarga qanday nafi tegadi? Qoʻqon shahriga Dangʻara tumanining “Chodaklik”, “Katta Ganjiravon”, “Toʻlaboy” va “Mangʻit” mahalla fuqarolar yigʻinlari, Oʻzbekiston tumanining “Mingtut”, “Qum”, “Navbahor”, “Oʻrta qishloq”, “Farovon kelajak”, “Naymansoy”, “Qatagʻon” va “Ovchi” mahalla fuqarolar yigʻinlari, Uchkoʻprik tumanining “Farovon”, “Toshkentliguzar” va “Anhor boʻyi” mahalla fuqarolar yigʻinlari hududlaridan maʼlum yer maydonlari oʻtkazib beriladi. Bunda shaharning ishlab chiqarish salohiyati va mehnat resurslaridan oqilona foydalanish, sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish hamda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish koʻzda tutilgan. Boʻsh turgan va qurilishi tugallanmagan bino-inshootlar, yer maydonlaridan samarali foydalanish imkoniyati yaratiladi. Yoʻl boʻyi infratuzilmasini yaxshilash orqali servis va xizmat koʻrsatish boʻyicha istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi. Aholining kam taʼminlangan qatlami bandligini taʼminlash, fuqarolar daromadini koʻpaytirib, ularning turmush farovonligini, muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilmani yanada yaxshilash maqsad qilingan.
Margʻilon shahriga Fargʻona tumanining “Chekshoʻra”, “Mashrab”, “Bobur” dahasi, Qoʻshtepa tumanining “Sarmozor”, “Eshonguzar” dahasi, “Xumdon”, “Oʻqchi” va “Mumtoz” mahalla fuqarolar yigʻinlari, Toshloq tumanining “Oq oltin saxovati” dahasi, “Toshloq” va “Teraktagi” mahalla fuqarolar yigʻinlari hududidan, Fargʻona shahriga Fargʻona tumanining “Ilgʻor”, “Chekshoʻra” hamda “Oʻrtashoʻra” mahalla fuqarolar yigʻinlari hududidan yer maydonlari oʻtkazib berilmoqda.
Dangʻara, Oʻzbekiston va Uchkoʻprik tumanlaridan Qoʻqon shahriga tutash boʻlgan va shahar maʼmuriy hududiga qoʻshib berilayotgan yer maydonlarida joylashgan mahallalar fuqarolari davolanish uchun shahar markaziy shifoxonasiga borishadi, barcha kommunal yoʻnalishdagi xizmatlar shahar tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladi.
Qoʻqon shahrining tasdiqlangan Bosh rejasi boʻyicha aholi soni 253 ming kishi boʻlib, 2035-yilda 350 ming nafarga yetadi. Aholi oʻsishini hisobga olgan holda koʻp qavatli uylar, ijtimoiy soha, infratuzilma, servis obyektlari qurilishi rejalashtirilgan. Bunday obyektlarni aholiga zarar yetkazmagan va xarajatlarni kamaytirgan holda qoʻshiladigan yerlarda yangi turar joy massivlarini barpo etish va shu orqali ehtiyojni qondirish, qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yerlarda shaharliklarga oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish mumkin. Bu yer maydonlarida joylashgan aholi koʻrsatiladigan davlat xizmatlari uchun 10-20 kilometr masofaga qatnashmaydi.
Margʻilon shahriga qoʻshib berilayotgan “Xumdon”, “Oʻqchi” mahalla fuqarolar yigʻinlarida istiqomat qiluvchi oilalar farzandlari shahar maktablarida oʻqiydi, shuningdek, aholiga shahar tibbiyot muassasalari xizmat koʻrsatadi. Fargʻona tumanidan qoʻshiladigan yerlarda koʻp qavatli uylarni oʻz ichiga olgan massivlar, ijtimoiy soha obyektlari barpo etiladi. Aholi ehtiyoji uchun oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiriladi, sanoat korxonalari quriladi.
Viloyat markaziga Fargʻona tumanidan qoʻshib berilayotgan yer maydonlarida Ekoshahar qurilmoqda. Yakka tartibdagi uy-joylar, dala hovlilar hamda noturar, ijtimoiy soha obyektlari shahar kommunal va ijtimoiy xizmatlaridan foydalanadi. Aholi davlat xizmatlari uchun 25 kilometr uzoqlikdagi tuman markaziga qatnashdan xalos boʻladi.
Bir soʻz bilan aytganda, chegaralardagi oʻzgarishlar viloyat shaharlarini 2022-2030-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun zarur boʻlgan hududlarni belgilash, koʻplab investitsiya loyihalarini roʻyobga chiqarishga zamin yaratadi.
Shaharlarning rivojlanish konsepsiyasiga muvofiq, Dangʻara tumanidan 814,9, Oʻzbekiston tumanidan 1456 va Uchkoʻprik tumanidan 424,66 gektar yer maydonlari Qoʻqon shahri, Fargʻona tumanidan 951,5, Qoʻshtepa tumanidan 133,59 va Toshloq tumanidan 34,4 gektar yer maydonlari Margʻilon shahri, Fargʻona tumanidan 811,66 gektar yer maydonlari Fargʻona shahri tarkibiga oʻtkazib beriladi.
Fargʻona viloyati qurilish boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan shaharlarning Bosh rejasiga asosan chegaralar yoʻllar, kanal va soylar, koʻchmas mulk obyektlarining bir tomonida qoldirib, konturlar yaxlitligini inobatga olgan holda loyiha ishlari amalga oshirildi.
Nodirjon MASHRAPOV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi
Kadastr agentligi Fargʻona viloyati
boshqarmasi boshligʻi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
- Surxondaryoda 3 ming yillik shahar qoldiqlari topildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring