Fargʻona tomonlarda...
Yiliga 120 tonna forel baligʻi
Fargʻona shahridagi “Soy boʻyi” MFY hududida 20 sotix yerda tashkil etilgan “Status Soft” oilaviy korxonasida intensiv usulda forel – xonbaliq yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan.
Shu maqsadda 26 ta sunʼiy suv havzalarida barpo etilib, yiliga 120 tonnagacha baliq yetishtirish imkoniyati yaratildi. Mahsulot yetishtirish xarajatini qisqartirish uchun 40 kVtli quyosh panellari oʻrnatildi. Mamlakatimiz boʻylab xaridorlarga yil mobaynida baliq yetkazib berish maqsadida muzlatgichli omborxona qurib bitkazildi. Oilaviy tadbirkorlar yaqin istiqbolda baliq mahsulotlarini qayta ishlash va xorijga eksport qilish boʻyicha biznes-reja ishlab chiqmoqda.

—Ayni paytda baliqchilik maktabi va laboratoriyasini tashkil etish rejalashtirilgan,—deydi korxona rahbari Umidjon Madaminov.—Bu yerda qisqa muddatli oʻquv kurslari orqali viloyatda forel baligʻi boqish boʻyicha ilmiy-amaliy tajribalarni oʻzaro uygʻunlashtirish harakatidamiz.
Beshariqning turizm mahallasi
Beshariq tumanining qoʻshni Tojikiston bilan chegara hududida joylashgan “Yangi hayot” MFY keyingi yillarda obod va farovon manzil – turizm mahallasiga aylanmoqda.
Ezgu tashabbuslar doirasida mahallada yaqin yillargacha chiqindi hududi boʻlib, qarovsiz yotgan koʻchalar obod boʻldi. Ayni jarayonda 1,1 km dan ortiq zax qochirish zovuri yopiq drenaj tizimiga oʻtkazilib, salomatlik yoʻlagi, piyodalar va veloyoʻlaklar tashkil etildi. Tunda ham yorugʻ boʻlishi uchun koʻcha chiroqlari oʻrnatildi. 1,5 ming tupdan ziyod manzarali daraxtlar ekilib, yashil hududlar barpo etildi.

—“Tashabbusli byudjet” loyihasi asosida 3,5 milliard soʻmlik ishlar amalga oshirilgani tufayli tadbirkorlarga ham qulay sharoitlar yaratildi,—deydi mahalla raisi Gulbahor Azimova.—Natijada xizmat koʻrsatish va servis tarmoqlari faoliyati jadal rivojlanib, 3,5 ming nafardan koʻproq aholi yashaydigan mahallaning turizm salohiyati ortib bormoqda.
Yaqin istiqbolda esa havosi toza, hamisha mayin shabboda esib turadigan mahallada ekoturizm hamda gastronomik turizm obyektlarini yanada koʻpaytirish maqsadida oʻnlab biznes-loyihalarni hayotga tatbiq etish rejalashtirilgan.

Xonadonda noyob gullar parvarishi
Quvasoy shahrining “Valik” MFYda istiqomat qiluvchi Shahboz Erkinov tomorqasidagi moʻjazgina issiqxonadan yaxshi daromad olayotgani eʼtiborga molik.
Ayni paytda issiqxonada xorijdan olib kelingan 100 turdan ortiq koʻp yillik anvoyi gullar parvarishlanadi. Yosh tadbirkor bir necha yil mehnat migranti sifatida xorijda ishladi. Yurtimizda yaratilgan sharoitlardan foydalanib, yaqinda oilasi bagʻriga qaytdi va oʻz biznesini boshladi. Shu maqsadda ijtimoiy tarmoqda yangi sahifa ochib, gulchilikda jahon tajribasi va ilgʻor usullarni oʻrganib bormoqda.

—Issiqxonadagi alohida laboratoriyada doimiy ravishda ushbu gullarni mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish boʻyicha ilmiy-amaliy tajribalar olib boraman,—deydi u.—Bundan koʻzlangan maqsad xonadon tomorqasida bir va koʻp yillik gul navlari yetishtirishni koʻpaytirishga qaratilgan.
Aytish joiz, zamonaviy mezonlar asosida barpo etilgan intensiv issiqxonada yil davomida jahon bozorida xaridorgir gullar mahalliy sharoitda yaxshi oʻstirilib, buyurtma asosida mamlakatimiz boʻylab xaridorlarga yetkazib berilmoqda.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Toshkent viloyatida Abdulla Oripov uy-muzeyi ochildi
- Senatorlar va Senat devoni xodimlari umumxalq hashari doirasida hududlarni obodonlashtirish ishlariga munosib hissalarini qoʻshdi
- Abdulaziz Komilov Boku forumida Yevroosiyoning yangi transport-logistika xaritasi va mintaqaviy xavfsizlik masalalarini ilgari surdi
- Qatardan oʻzbekistonliklarni evakuatsiya qilish jarayoni yakunlandi
- Loyihaoldi va xarid hujjatlarini kompleks ekspertiza qilish tizimi samaradorligi oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring