Yetmish yettinchi yilning navroʻzi
Oʻsha davrlarda Navroʻz bayrami nishonlanmasdi. Milliy bayram sifatida qoralangan boʻlib, u haqida eslaganlar ham qattiq siquvga olinardi. Biz – Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakultetining 2-yotoqxonasida yashovchi talabalari Navroʻz bayramini nishonlamoqchi boʻldik. Surxondaryolik Safarali ismli yigitning Sariosiyodan onasi pishirgan sumalakni olib kelib, yotoqxonaga tarqatgani bunga turtki boʻldi.
Yotoqxonadagi faollar zali bayramona bezatildi. Yigitlar osh taraddudini koʻrsalar, qizlar atlas koʻylaklarini dazmollab, sochlarini oʻrib, ayrimlari mayda oʻrdirib, qoshlariga oʻsma qoʻyish koʻyiga tushdilar. Qosh qoraymay faollar zali yoshlar bilan toʻlib-toshib, hech bir ssenariysiz tantana boshlandi. Oʻsha kezlari yosh shoir hisoblangan endilikda oʻzbegimning eng taniqli shoirlariga aylangan koʻpgina talabalar bahor va yoshlik, muhabbat haqidagi goʻzal sheʼrlar oʻqidilar. Avjga chiqqan bahri bayt aytishuvining sira nihoyasi yoʻqdek edi. Lekin shu payt fakultetimiz dekani qovoqlari solingan koʻyi yonida uch nafar oʻqituvchi bilan davraga kirib keldi.
– Bu yerda nima boʻlyapti? – dedi dekanimiz.
– Navroʻz bayramini nishonlayapmiz, – javob qildi yosh shoirlardan biri.
– Bu bayram milliy bayram sifatida qoralanganini bilmaysizlarmi?
– Qoʻrqinchli holat-ku, agar tegishli organlarga bu gap yetgudek boʻlsa, hammamizning boshimiz ketadi, – qoʻshildi fakultet oʻqituvchilaridan biri.
– Qani, hamma zudlik bilan tarqalsin, – dedi ikkinchi bir oʻqituvchimiz. – Agar surishtiruv boʻlib qolsa, yotoqxonada “Bilimdonlar bellashuvi” oʻtkazildi, deb rasmiylashtiramiz.
Xuddi shu paytda yana bir kursdoshimiz qoʻlida oʻzbekcha-ruscha taqvim bilan dekan yonida hozir boʻldi.
– Domla, qarang, taqvimda “21-mart – Navroʻz”, yaʼni bahor bayrami deb belgilangan. Biz bahorni qarshilayapmiz, sheʼriyat kechasi oʻtkazyapmiz.
Dekan taqvimdagi yozuvlarni oʻqib koʻrib, koʻngli sal taskin topdi shekilli, “ Baribir tadbirdan oldin bizga xabar berishlaring kerak edi”, — deya bosh irgʻab qoʻydi.
Talabalar kengashi raisi va bir guruh faol talabalar yigʻilganlarni tarqatish koʻyiga tushdilar. Faollar zali chirogʻi oʻchirildi. Hamma xona-xonasiga quvildi. Yotoqxonada yashamaydiganlar qorovul nazoratida kuzatib qoʻyildi. Oʻqituvchilarimiz shu kuni yotoqxonada navbatchilik qildilar. Keyin maʼlum boʻlishicha, bir oʻrtogʻimiz dekanimizning uyiga qoʻngʻiroq qilib, talabalar milliy bayramni yashirincha nishonlamoqdalar, deb xabar bergan ekan. Oʻsha davrlarda “millat”, »milliy» soʻzlari ham choʻchibroq tilga olinardi.
Sotqinlar, xushomadgoʻylar hamma davrlarda ham boʻlgan. Lekin ular hech murodga yetmaganlar. Milliy bayram deb qoralangan Navroʻz elimizning yuragidan sira oʻchmadi. Baribir bu sanada momolarimiz sumalak qozonlarini osaverdilar, bahorni sogʻingan xalq qir-adirlarga chiqib sayillarni davom ettiraverdi. Bu bayramni yoʻq qilmoqchi boʻlganlar sal xavotirga tushdilar shekilli, koʻp oʻtmay, Navroʻzga “Navbahor” deb ism berdilar. Bu ism Navroʻzga yopishmadi. Axir, faslning necha ming yillik ismini oʻchirib, xalq anʼanalarini yoʻq qilib boʻlarmidi? Oʻshanda bayramni qoʻrqa-qoʻrqa nishonlaganimiz sira xotiramdan oʻchmaydi.
Mustaqillik sharofati bilan bayram oʻz tusini oldi, eʼzozlandi, mavqeiga mos ravishda – umumxalq bayrami maqomiga ega boʻldi.
... Hech mushohada qilib koʻrganmisiz, nega odam yozni, qishni, kuzni emas, faqat bahor faslini sogʻinadi? Qora qishdan soʻng yangilanish fasli, haqiqiy yangi yil kelgani uchunmikin? Olam goʻzal ranglarga burkanib, borliq yashargani uchundir... Kishilar koʻnglida yangi orzu–umidlar joʻsh uradi, atrof goʻzalligi qalblarga koʻchadi, barchaning chehrasida bahoriy kayfiyat ufuradi... Yoshlarni, qiz-juvonlarni aytmang, chol-u kampirlar ham ruhan yosharadi bu faslda. Bobodehqonlarning shashti oshib, el rizq-u roʻzini bunyod qilish maqsadida gʻayrat bilan bellariga qoʻsh belbogʻlarini bogʻlab, dalalari tomon shoshadilar. Hammaning harakatida yaratish, bahor goʻzalligiga mehnatlari ila goʻzallik qoʻshish zavqi mujassam. Elimizga yarashgan hasharlar tufayli yurtimizdagi barcha goʻshalar obod boʻldi. Endi yurtimizning har burchida qadimiy va navqiron suyukli Navroʻz bayrami shodiyona qilinadi. Xalq sayillarida dillari yayragan hamyurtlarimiz yaratganga shukronalar aytib, shahar va qishloqlarimizdagi obodchilikdan, yangilanishdan, bunyodkorlik ishlaridan faxr bilan “Keldi navbahor fasli, sayr eting gulistonlar”, – deya alyorlar aytsalar, xoʻp yarashadi.
Dilorom ISMADIYOROVA,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring