Eʼtibordan el koʻkaradi

10:05 12 Oktyabr 2021 Jamiyat
802 0

Foto: Saminjon Husanov / Xalq so'zi

Andijon viloyati Xoʻjaobod tumani “Beshkaram” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Odinaxon Toshtemirova “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Ehtiyojmand bu ayol doimiy yoʻqlab keladigan saxovatpesha insonlardan mamnun, minnatdor.

– Holingdan xabar olib, koʻngil soʻrab turishsa, yolgʻizlikni unutasan kishi, - deydi Odinaxon. – Gap mahalladan doimiy berib turiladigan oziq-ovqat mahsulotlariyu yordam pullarida ham emas. Muhimi, inson ekaningni, seni ham kimlardir eslab, yoʻqlashi yashash uchun umid beradi.

Shu tumanda yashovchi 2-guruh nogironi Moʻminjon Ablakimovning qaramogʻida ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bor. Oʻzining dori-darmonidan ortib ularning taʼminotini yoʻlga qoʻyish oson emas. Ana shunday paytda holidan xabar oladigan masʼullar joniga oro kiradi.

– Men kabi ehtiyojmandlarni moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlayotganlarga rahmat, - deydi u. – Bir chimdim mehr va bir hovuch eʼtibor bilan el koʻkaradi, deyishlari bejiz emas. Buni oʻz hayotim misolida koʻrib, his qilib turibman.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Andijon viloyat boʻlimi xodimi Sirojiddin Ahmadjonovning aytishicha, joriy yilning oʻtgan davrida 668 oilaga salkam 200 mln. soʻm miqdorida moddiy yordam koʻrsatildi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?