Yer yuzining sayqali

Yoki maqolaga sigʻmagan Samarqand
1
Otam oddiy kolxozchi, ammo gʻururi baland kishi edi. Qishloq va qishloqdoshlar shaʼni uchun qaygʻurishni oʻzi uchun sharafli burch deb hisoblar va mavridi kelganda boshqalarning havasini keltirish maqsadida ozgina lof ham qoʻshib yuborardi.
Qish kunlarining birida hamqishloqlar ot-eshaklar bilan tumanning narigi tomonidagi ovulga toʻyga borishadi.
— Qishlogʻimizda maktab qurildi! — deya maqtanadi suhbatlashib oʻtirishganida mezbonlarning “ogʻzi kattasi”. — Endi zoʻr “kulup” quramiz...
— E-e, keyinda qopketipsilar-ku! — darrov javob qaytaradi otam. — Ancha boʻldi bizni qishloqqa poyezd kelganiga!
Mezbonlar tugul, hamqishloqlarimiz ham yer ostidan bir-biriga maʼnoli qarab olishadi, ammo sir berishmaydi.
— Koʻchimboy, lof ham evi bilan-da, — deydi qaytishayotganda Mustafoqul bobo. — Koʻchangizda eshakarava zoʻrgʻa yuradi-yu, poyezd deysiz-a-a?
— Molxonadagi temir izlar poyezd yoʻli boʻlmay, nima? — boʻsh kelmaydi otam. — Dunyo bexabarsiz-da, Mustafoqul...
Bu javobdan rohatlangan hamqishloqlar kula-kula, eshakka xala bosadilar.
Darhaqiqat, choʻpon-choʻliqlarga oson boʻlsin uchun oʻsha paytda molxonadan chuqurgacha 25 — 30 metrcha uzunlikda temir izlar yotqizilgan edi...
Oʻtgan asrning 60-yillaridagi gaplar bu. Qancha suvlar oqib ketdi undan soʻng. Zamonlar oʻzgardi, sovetlar davri tugadi, mustaqil boʻldik. Ammo bundan atigi oʻn yil avval ham bu gaplarga hech kim ishonmas, tushingni suvga ayt deb masxara qilishardi. Qalovi topilsa, xalq qalqsa, asrlarga tatigulik ishlar boʻlishi mumkin ekan oʻn emas, ikki-uch yilda ham. Urgut temir yoʻli bunga yorqin misoldir. Yoʻl Oʻzbekiston Prezidenti 2023-yil 10-oktyabrda imzolagan qarordan keyin rejalashtirildi. 2025-yilning 27-may kuni oʻtkazilgan taqdimotda esa davlatimiz rahbariga mazkur yoʻlning 7 kilometriga temir izlar yotqizilgani toʻgʻrisida axborot berildi. Odamlarning koʻz oʻngida ertaklar chinga, afsonalar haqiqatga aylana boshladi.
Yurtimiz boʻylab 54,5 kilometr uzunlikdagi temir yoʻl ikki yilga yetar-yetmay tiklandi hisob.
54,5 kilometr! Ot-arava yoki mashina yoʻli emas — temir yoʻl. Yana qayerda? Mamlakatimizning Tojikiston bilan chegaradosh sarhadlarida!
Samarqand viloyatining Jomboy tumanidagi “MAN” zavodi yaqinidan boshlangan temir izlar “4R — 238” avtomobil yoʻlini kesib oʻtib, Zarafshon yoqalab, Jomboy, Samarqand, Toyloq tumanlari oralab, daryo koʻprigidan hatlab, Urgutga yetdi. Yoʻl oʻtgan ovullarda bekatlar tashkil etildi, 2 ta zamonaviy vokzal, Urgut shahri va “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida 2 ta yuk stansiyasi, ikkita temir-beton koʻprik barpo qilindi. Urgutning Tojikiston bilan chegaradosh “Jartepa” chegara bojxona posti yaqinida qurilayotgan bekat hademay tojikistonlik birodarlarimizga yurtimiz boʻylab temir yoʻl orqali sayohat qilish imkonini beradi.
Temir yoʻl ishga tushgach, uning logistik imkoniyatlari ham odamning havasini keltiradi. Birinchidan, mahsulot tashish xarajatlari arzonlashadi. Shu paytgacha mahsulotini mashinalarda olib kelib, Samarqanddan yuk poyezdlariga ortgan tadbirkorlar endi bu noqulaylikdan qutulib, mahsulotini dalaning oʻzida yoki korxona ostonasida turib vagonlarga joylayveradi. Ikkinchidan, har kuni olti ming yoʻlovchi, toʻrt ming tonnagacha yuk tashish imkoni paydo boʻladi. Uchinchidan, aholining uzogʻi yaqin boʻladi, sayyohlik darvozalari katta ochiladi.
Temir yoʻl atroflarini obod etishda tadbirkorlar ham faol ishtirok etmoqda. Birgina tadbirkor Anvar Temirovning oʻzi besh gektar maydonda goʻzal majmua qurayotir. Unda zamonaviy temir yoʻl va avtovokzal, IT-park, 200 oʻrinli mehmonxona, 300 oʻrinli xususiy maktab, 200 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasi, oilaviy poliklinika, bir nechta koʻp qavatli turarjoy binolari bor.
2
Bu Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlaridan bir shingil, xolos. Hammasini taʼriflash uchun esa, shoirona tilda aytganda, yuzta Firdavsiy kerak. Qutlugʻ bu zaminga qadam qoʻygan kishi, bir emas, oʻn emas, yuzlab muhtasham oʻzgarishlarning guvohi boʻladi: har qadamda ravon koʻchalar, uylar, korxonalar, bogʻlar, xiyobonlar... va... va hammasidan quvonchlisi, odamlarning yuz-koʻzlaridagi mahvash sevinchlar, shijoatlar, oʻziga, ertasiga mustahkam ishonch, yashash ishtiyoqi, hayotga muhabbatning porloq shuʼlalari...
Haqiqatan ham, soʻnggi yillarda Samarqandda yuz berayotgan katta evrilishlar har qanday odamning koʻksini Urgut togʻlari qadar yuksaltirib yuboradi.
“Har koʻkat oʻz suygan tuprogʻini, har toychoq oʻzi suv ichgan bulogʻini maqtaydi”, deydilar. Men esa samarqandlik boʻlganim uchungina ardoqli qoʻrgʻonimga ziyoda taʼrif berayotganim yoʻq. Qolaversa, Samarqand unday maqtovlarga muhtoj ham emas. Men, esi kirganidan buyon sodir boʻlayotgan yangiliklarni baholi qudrat kuzatib kelayotganlarning biri sifatida dilimdagilarni tilga olyapman, xolos. Esimni taniy boshlaganimga esa, mana, Xudoyimga shukrlar boʻlsinki, yetmish yildan oshdi. Shoʻro zamoni, mustaqillik, undan keyingi yillar — hammasi koʻp qismli kinodek tizilishib turibdi koʻzim oldida. Bu kinoga nigoh tashlaguday boʻlsam, birda etim uvishadi, birda munavvar quvonchlarga, muattar oʻylarga choʻmaman. Eslaganda, et uvishadigan bolalik, muzday suv-loyga botib, tamaki ekishlar, soʻfi azon aytmay koʻzlarni ishqalab dashtga joʻnashlar, tuxum pishadigan yoz jaziramasida eshaklarni motashtirib somon yanchishlar, tomchilar chakillab turgan zax sinfxonalarda yirtiq choponlarga burkanib darsda oʻtirishlar... Mayli, u zamonlar olislarda qoldi, oʻtgan ishga salovat. Lekin yaqinlarda ham shunday ayanchli koʻrinishlar bor ediki, eslasang, eting uvishib, varaja qoʻziydi vujudingda. Masalan, yoʻl azoblari.
Eʼtibor qiling, Toshkent — Termiz katta trassasidan Urgut shaharchasigacha 15 kilometr yo chiqadi, yo yoʻq. Ammo Toshkentdan Samarqandgacha bir azob boʻlsa, mana shu 15 chaqirim — oʻn emas, yuz emas, ming azob edi! Bir qarich tekis joy yoʻq, toʻrt taraf misoli shudgor, mashina tugul, traktorniyam “ichi tushib” ketardi “tuxum korobka” deyilmish oʻydim-chuqur koʻchadan oʻtguncha. 20 — 30 yil emas, 8-9 yil avvalgi ahvol bu.
Endi-chi? Endi avtoavariyalar, qoidabuzarliklar koʻpayib ketganidan, bir necha joyga yoʻlchiroq — svetoforlar oʻrnatilib, tezlikka cheklovlar belgilandi. Yoʻl oynadek boʻlgach, haydovchi deganning zavqi toshib, gazni bosgisi kelib ketar ekan-da!
Ha, 8-9 yil orasida necha zamonlar tizza boʻyi chang-loyga belanib yotgan ilon oʻtmas koʻchalar tekislandi, asfaltlandi, chiroy ochdi. Boʻsagʻaga qadam qoʻysang, boshing “taq” etib eshik peshtoqiga uriladigan yetim uylar oʻrnida serqavat, sersavlat imoratlar qurildi. Daydi shamol shuvoqlarni koptokday dumalatib yurgan dashtlarda 9 — 12 qavatli binolardan iborat yangi shahar paydo boʻldi. “Mahallada duv-duv gap” kinosidagi farishtachehra momolarga oʻxshash buvilarimiz baland uylar peshayvonida yelpinib oʻtirishibdi — surayyo xayollar ogʻushida hukumatga duolar aytib.
Gap Urgutdan boshlangani uchun, keling, tuman qiyofasiga doir ayrim chizgilarga nigoh tashlaylik. Bundan 15 — 20-yil burun bu makonda tamaki zavodidan boʻlak sanoatga doxil tilga olgulik korxonani uchratish anqoning urugʻi edi. Uyam nomiga tamakini chala-chulpa fermentatsiya qilardi, xolos. Tugma topsang, igna, igna topsang, tugma qidirarding.
Endi-chi? Aytsam, eldan uzoq ayrim “ogʻa”lar, “Eh-he, Urgut jannatga aylanib ketgan ekan-u, bexabar qolibmiz-da”, deya mugʻombirona merovsirashlari mumkin. Noshukr deymizmi, xudbinmi, ishqilib, mazkur toʻdaga mansublar hamisha, hamma zamonlarda boʻlgan, bundan keyin ham boʻladi. Qolaversa, nufuzi 40 millionga yaqinlashayotgan mamlakatda ikki-uchta hasadgoʻyning uchrab turishi ham tabiiy-da. Bundan fojia yasash yoxud tashvishga tushishga hojat yoʻq. Bobolarimiz aytganlar-ku, har insonning doʻst-u dushmani, har oʻlkaning gul-u tikani boʻladi, deb. Demak, yutuqlaringdan boshi osmonga yetguvchilar qatorida alamzadalarning boʻlishi, bogʻingda ungan har gul ularning badaniga tikanday qadalishi ham yangilik emas. Yomon baliq suv loyqalatadi, yomon moʻridan achchiq tutun chiqadi, vijdonsiz kimsa esa mahalla bulogʻini bulgʻamoqchi boʻladi. Ammo bilmaydiki, it vovullagani bilan togʻ qulamaydi, bir kesak bilan daryoni loyqalatish mumkin emas.
Xullas, tuzingni yeb, tuzlugʻingga tupurguvchilarga Xudoyimdan insof soʻrab, ularga bobolarimizning “Tikan boʻlib oyoqqa qadalguncha, gul boʻlib koʻkrakka sanchil” degan nasihatini eslatamiz-u, yana Urgutga qaytamiz.
Bittagina “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning oʻzi har qanday kishini hayratga soladi.
Uyogʻini soʻrasangiz, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi» degan gap bundan 7-8-yil avval bir odamning tushida ham yoʻq edi. Ilk bor Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan isteʼmolga kiritildi shukuhli bu ibora. 2017-yil 12-yanvarda davlatimiz rahbarining Urgut boʻyicha maxsus Farmoni qabul qilindi-yu tom maʼnoda yangi davr, yangi hayot boshlanib ketdi qadim zaminda. Shu oʻrinda, kimdir bilib, kimdir bilmaydigan bir raqamni eslatay: Urgut mamlakatimiz qishloq tumanlari ichida nufuzi balandligi jihatidan karvonboshi hisoblanadi — aholisi 600 mingga yaqin. 600 ming! Bu Tinch okeani janubidagi Tonga degan mamlakat aholisidan besh barobar koʻp, deganidir. Yer maydoni esa doʻppidaygina. Shuniyam yarmi togʻ-u, yarmi toshloq. Osonmi bunday sharoitda 600 ming jonning tirikchilik qilmogʻi? Ammo mehnat qancha ogʻir boʻlsa, noni shuncha shirin boʻladi; mehnat ham egiz-egiz, davlat ham egiz-egiz; “mehnat qilsang, yasharsan, katta-katta osharsan”, deyilmish sharqona hikmatlar qanchalar mukammal ekanini koʻrmoqchi boʻlsangiz, Urgutga boring. Ishning koʻzini topgan, mehnatda toblangan, mehnatda sinalgan, mehnat bilan toshda gul undirayotgan odamlarni koʻrasiz, koʻrib hayratlarga koʻmilasiz. Mehnatning tagi rohat, ekaniga imon keltirasiz. Mehnatsiz baxt kelmasligi-yu mehnat qilgan odamlarning togʻdek koʻkrak kerib yurishlariga dil-dildan havasingiz keladi.
Endi ayrim raqamlarga murojaat qilamiz. Toʻgʻri, raqamlar gohida zerikarli tuyuladi. Vaholanki, raqam — bu gʻarq pishgan shigʻil-shigʻil mevalari koʻzni qamashtirguvchi mevazor bogʻ. Raqamlar timsolidagi moʻl hosil lazzati dillarni yayratadi. Prezidentimizning yuqorida nomi tilga olingan Farmonidan keyin ikki-uch yil ichida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida qiymati 402 million dollardan ziyod 84 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilgani, 313 million dollarlik 55 ta loyiha boʻyicha ishlab chiqarish boshlangani, 4,5 mingdan ziyod kishi ish bilan taʼminlangani kabi shoyon voqealar shavqini raqamlarsiz ifodalab boʻladimi? Yoki bu yerda tashkil etilgan korxonalar tomonidan gaz plitalaridan yengil sanoat va charm-poyabzal tovarlarigacha, gilamlar, gigiyena vositalaridan elektr texnikasi buyumlari singari 220 turdagi mahsulotlargacha ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgani-yu, faqat 2020-yilning oʻzida 1,2 trillion soʻmlik mahsulot tayyorlanib, 30 million dollarlik qismi eksport qilingani-chi?
Bogʻ jamoli bogʻbondan, gʻozlar yoʻlboshchisiz uchmaydi, deganlari shu emasmi? El ogʻasi elni oʻylaydi, elga suyanadi, elim deydi. El kuchi esa sel kuchi. Tun-u kun elim, xalqim, Vatanim deb kuyungan Prezident Samarqandga qilgan tashrifi chogʻida qayta-qayta Urgutda boʻldi. Erkin iqtisodiy zonada bajarilayotgan ishlarni tahlil qildi, tavsiyalar berdi, yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatdi.
Shu kunlarda umumiy yer maydoni 1559,3 gektar boʻlgan mazkur manzilda umumiy qiymati 1540,6 million dollarlik 162 ta loyiha ustida ish olib borilmoqda. Rejaga koʻra, 12 617 ta yangi ish oʻrni yaratilishi kerak.
Loyihalarning 41 tasi yengil sanoat, 12 tasi charm-poyabzal, 22 tasi qurilish materiallari, 31 tasi oziq-ovqat, 16 tasi kimyo, 4 tasi farmatsevtika, 16 tasi elektrotexnika sanoati yoʻnalishidadir.
Hozirgacha 700 million dollarlik 84 ta loyiha ishga tushirilib, 6 618 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Yana 78 ta loyihada qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda. Qiymati 840,7 million dollarga teng boʻlgan mazkur loyihalar oxiriga yetkazilganidan keyin 5 934 ta yangi ish oʻrni paydo boʻladi.
Toʻgʻri, Urgut jannatga aylanib ketgani yoʻq. Yechimini kutib turgan masalalar, yillar davomida javobsiz qolgan savollar oz emas. Taʼmirtalab koʻchalar, maktablar, bogʻchalar, suv, gaz, elektr toki bilan bogʻliq muammolar, katta yoʻldagi sunʼiy toʻsiqlar, baʼzilarning “mendan ketguncha...” qabilidagi ish yoʻsinlari. Masalan, erkin iqtisodiy zonada qurilgan koʻp qavatli uylarning kanalizatsiya tizimidagi nosozliklar qancha odamlarning dilini xufton qildi. Hali asfalt tugul, shagʻal yotqizilmagan ichki yoʻllar ham oz emas. Ammo yuz yillar davomida soʻlib-soʻlimay, quvrab-quvrolmay arosatda qolgan bogʻlarning gullarga burkanayotgani, rayhonlar hidiga koʻmilib borayotgani bor gap. Bor haqiqatlarning yana biri shuki, jinday lofi bilan aytganda, Urgutda odamning jonidan boʻlak hamma narsa ishlab chiqarilyapti. 8-9-yil ichida erishildi shularning hammasiga. “Poyezd keldimi — keldi. Endi aeroport quriladi!” degan shov-shuvlar yuribdi Urgutda. Chunki mana bunday bir latifa ham bor-da.
Allaqaysi uzoq-yaqin zamonda toʻrt urgutlik Oyga boribdi. Mayiz-yongʻogʻini sotib, bozor-oʻcharini bitirib, aeroportga kelib, Moskvaga chipta soʻrabdi, bahona-yu sabab Maskovniyam bir koʻrib ketaylik, deb. Chipta yoʻq. Leningradga soʻrashibdi. Yoʻq. Kiyev, Minsk, Toshkent, xullas, sobiq shoʻro hududidagi katta shaharlarning hech biriga chipta topilmabdi. Samarqandga bormi, deyishgan ekan, “Samarkand, o, Amir Temur!” hayajonlanib ketibdi kassir opa. “No-no, Samarqandga samolyot uchmaydi”, debdi keyin. Unday boʻlsa, Urgutga toʻrtta bilet bering, debdi yigitlarning biri. Shunda kassir opa, Verxniy Chinargami, Nijniy Chinargami, dermish... Vaholanki, oydagi kassir opa tilga olgan Verxniy Chinar bilan Nijniy Chinar deyilguvchi manzil orasi aslida 4-5 kilometrdan oshmaydi. Shugina joyda desangiz, bir emas, ikkita aeroport bor emish-da!..
Lekin koʻrasiz, hademay bu latifayam haqiqatga aylanadi!
3
Gap aeroportga yetgani bois, Samarqandning havo darvozasi — Samarqand aeroportining qayta tugʻilishi haqida gapirmaslik mumkin emas. 1967-yilda qurilgan aeroport zamonadan juda orqada qolib ketgani ayon haqiqat edi.
Davlatimiz rahbari 2019-yilgi tashrifi chogʻida bu manzilni tamomila boshqatdan qurish haqida koʻrsatma berdi.
Yangi aeroport alloma bobomiz Mirzo Ulugʻbekning “Ziji jadidi Koʻragoniy” kitobi shaklida barpo etildi. Binoning balandligi 25, eni 175 metr. U zamonaviy terminal, uchish-qoʻnish yoʻlagi, turargoh va boshqa obyektlarga ega.
Avvallari kuniga 400 yoʻlovchiga xizmat koʻrsatgan aeroport endilikda 800 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatmoqda. Aeroportda kargo xizmatlari yoʻlga qoʻyilib, turli kattalikdagi samolyotlar uchun 24 ta turargoh ham barpo etilgan.
Mazkur aeroport 2024-yilning oʻzida 1,38 milliondan ortiq yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatdi, bu 2023-yildagi koʻrsatkichdan 37 foiz koʻpdir.
Bugun Samarqand zaminining hamma qishlogʻ-u kentlarida bir-biridan obod manzillar koʻpaygandan-koʻpayib bormoqda. Suluv manzaralarni koʻrmoq uchun Zarafshon daryosining Ravotxoʻja koʻprigi orqali Urgutdan shundoq Bulungʻur yoki Jomboyga oʻtib, atrofga bir tavajjuh etmoq kifoya. Jomboy zavodidan chiqayotgan avtomobillar, Bulungʻur tumanida yetishtirilayotgan meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash yoʻlga qoʻyilgani yoki Samarqand tumanining “Qorasuv” massivida yangi shaharcha paydo boʻlgani kimni sevintirmaydi, deysiz. Yangi shaharchaning birinchi gʻishti 2018-yili qoʻyildi. Tumanning 50 gektar yer maydoni Samarqand shahriga oʻtkazilib, koʻp qavatli uy-joylar va ijtimoiy soha obyektlari bunyod etish rejasi tuzildi. Va hademay bu yerda 184 ta 7, 12, 14, 15, 16 qavatli va 2 ta 25 qavatli uy qad rostladi.
Mazkur turarjoylarning fasadi uch qavatli qoplamadan iborat boʻlib, bu xonadonlarning qishda issiq, yozda salqin boʻlishini taʼminlaydi.
Massivda 2340 oʻrinli 2 ta maktab faoliyat koʻrsatmoqda. 1600 oʻrinli yana bitta maktab yaqinda ishga tushadi. 800 oʻrinli 22 ta oilaviy bogʻcha, 450 oʻrinli 2 ta davlat bogʻchasi, 1 ta oilaviy poliklinika, 1 ta tugʻuruqxona, 2 ta xususiy klinika, 2 ta bank shoxobchasi, 1 ta futbol akademiyasi aholiga xizmat koʻrsatmoqda.
Yana 1500 oʻrinli 5 ta bogʻcha, 32 gektar maydonda istirohat bogʻi, 6 ta sogʻlomlashtirish markazi, 2 ta oʻyingoh, 14 ta koʻngilochar maskan quriladi.
Keyingi yillarda dunyoga kelgan shohona qoʻrgʻonlarning yana biri “Shirin” massividir. Bu manzilning muallifi ham hurmatli Prezidentimiz boʻldi, deyishadi shirinliklar.
Darhaqiqat, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 6-iyun kuni Samarqandga tashrifi paytida Zarafshon daryosi boʻyida quriladigan “Shirin” massivining master-reja taqdimoti bilan tanishdi va shu kundan eʼtiboran obodlik ishlari qizib ketdi bu manzilda ham.
Qoʻrgʻonda 60 000 xonadonli 254 ta uy-joy, 15 ta maktab, 17 ta bogʻcha, 5 ta tibbiyot muassasasi, 5 ta mehmonxona tashkil etilmoqda.
Shuningdek, 19 ta ishbilarmonlik va biznes markazi, 36 — 52 qavatli imoratlar koʻkka boʻy choʻzadi.
Yana bir manzil uzoq yillar eʼtibordan chetda qolgan Koʻksaroy tarixiy shaharchasi edi. Bugun tanib boʻlmas darajada chiroy ochib borayotgan shaharchada 50 dan ortiq uylar, 16 ta multifunksional bino, sohil boʻyida 30 ming oʻrinli 2 ta masjid, vertikal zoopark, akvapark, savdo markazi, ekopark, ochiq va yopiq suv havzalari, sport majmuasi, yoshlar markazi, Mirzo Ulugʻbek ilmiy markazi, universitet, monorels, yaʼni yer usti metrosi bunyod etilayotir.
Bor-yoʻgʻi uch yilda qad rostlagan “Boqiy shahar” esa qadim Registon yoxud Amir Temur majmualari kabi tarix sahifalarini mangu bezab turgusidir. Boqib toʻymaysiz, boqib yayraysiz, taʼzimlar qilgingiz keladi bunday mahobatli majmua yaratuvchisi boʻlgan isteʼdod sohibi-yu, qoʻli gul bunyodkorlarga.
Qiyosi yoʻq bu majmua ijodkori ham davlatimiz rahbari ekani barchaga maʼlum. 2019-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqand tumaniga qarashli eshkak eshish kanali boʻyidagi 212 gektar maydonda majmua qurishga kirishildi. Avvalo, tajribali meʼmor va muhandislardan iborat xalqaro jamoa jalb etilib, puxta loyiha ishlab chiqildi. Davlatimiz rahbari bu yerga bir necha marta kelib, qurilishni milliy meʼmorchilik anʼanalari va odamlarga qulaylik jihatidan takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Bunyodkorlik ishlarida malakali quruvchilarimiz bilan birga Turkiya, Buyuk Britaniya, Italiya kabi davlatlarning yetuk mutaxassislari ham ishtirok etdilar.
Pandemiya davridagi qiyinchiliklarga qaramay, qisqa vaqtda qurib bitkazilgan majmuaning har qarichida olis tarix, Buyuk Ipak yoʻli va turli davrlarga oid tarixiy manzaralar aks ettirilgan. Bezaklarda qadimiy Afrosiyob devorlarida saqlanib qolgan Sugʻd davlati hukmdorining Koreya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakat elchilarini qabul qilish marosimi tasvirlaridan foydalanilgan. Majmuaning qadimiy bozor qismida mamlakatimizning barcha hududiga xos 40 ta hunarmandchilik ustaxonasi qurilgan. Bu ustaxonalarga kelgan sayyohlar butun Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilgandek boʻladi. Yogʻoch oʻymakorlik ustalari, kulollar, zargarlar, gilam toʻquvchilarning ish jarayonlarini koʻrib hayratga tushadi.
Markaz tarkibida 8 ta zamonaviy mehmonxona, Kongress xoll, “Boqiy shahar”, amfiteatr va yana koʻplab boshqa inshootlar mavjud. U yiliga 2 million turistga xizmat koʻrsatishi mumkin.
Majmuadagi zamonaviy mehmonxonalar va Kongress xoll allaqachon yirik anjumanlar oʻtkaziladigan manzilga aylandi. 2022-yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti, Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar rahbarlari uchrashuvi oʻtkazildi.
2023-yilda Butunjahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi sammiti, YTTB boshqaruvchilarining yillik yigʻilishiga ham Samarqand mezbonlik qildi. Bundan tashqari, BMT va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar forum va anjumanlari ushbu majmuada oʻtkazildi.
2025-yilda YUNESKO Bosh Assambleyasining 43-sessiyasi ilk bor Parijdan tashqarida Samarqandda oʻtkaziladi.
4
Samarqand! Yer yuzining sayqali boʻlgan avliyo shahar.
Antik mualliflar asarida Marokanda, Abu Rayhon Beruniy va Mahmud Koshgʻariy kitoblarida “Semizkent” deyilgan bu qadim shahar oʻtmishda ne-ne voqealarni boshidan oʻtkazmagan, deysiz. Miloddan avvalgi IV asrda Sugʻd davlatining, keyin somoniylar davlatining, undan soʻng Amir Temur, shayboniylar, 1925 — 1930-yillarda Oʻzbekistonimizning poytaxti boʻlgan shahri azim. Iskandar Maqdunli, Qutayba ibn Muslim, Chingizxon tomonidan istilo qilingan, soʻngra bir yarim asr davomida chor Rossiyasi va shoʻrolar bosqini...
Necha bor yakson boʻlib, necha bor tiklangan qahramon shahar, qaddi togʻ shahar, moʻtabar shahar — bugun aholisi 4,5 millionga yetay deb qolgan yirik viloyatning maʼmuriy markazi. 14 ta tuman, 2 ta shahar, 1901 ta qishloq, 1126 ta mahalla, 88 ta shaharcha mavjud uning keng quchogʻida.
Tarixiy manbashunoslar Samarqandni miloddan avvalgi VI asrda tashkil topgan desalar, moziyshunoslar uni Vavilon, Fiva, Afina, Rim kabi ulugʻ shaharlar bilan tengdosh, deydilar.
Sohibqiron Amir Temur 1370-yili Samarqandni oʻz saltanatining poytaxti qilib tanlaganda, moʻgʻullar talonidan keyingi aftodahol kentni qayta tiklashdan koʻra, yangi shahar bunyod etishni maʼqul topadi va Afrosiyob xarobalarining janubiy tomonida yangi shahar barpo etadi.
Samarqandda birin-ketin bir-biridan goʻzal, betakror obidalar — jome masjidlari, Koʻksaroy, Boʻstonsaroy, Amir Temur, Shohizinda kabi maqbaralar bunyod etiladi, shahar atrofida bahavo, xushmanzara 12 ta bogʻ-saroy barpo qilinadi.
Garchand 2007-yilda Samarqandning 2750-yilligi keng nishonlangan boʻlsa-da, shaharning chin tarixi bu emasligi koʻpchilikka maʼlum edi. Shu bois tarixni oʻrganish davom etdi va yaqinda Samarqand arxeologiya instituti direktori Moʻminxon Saidov, Oʻzbekiston — Fransiya qoʻshma ekspeditsiyasi aʼzolari M. Isomiddinov, Klod Rapen hamda M. Hasanov tomonidan aniqlangan yangi maʼlumotlar eʼlon qilindi. Olimlar Koʻktepa va Afrosiyobda topilgan materiallarni qayta tahlil qilish orqali bundan uch ming yillar oldin ham bu yerda yirik shahar boʻlganini aniqladilar. Oʻrganishlar oʻsha paytlari bu manzil shahar hokimining qarorgohi, ibodatxona va boshqa koʻplab mahobatli inshootlarni oʻz ichiga olgan yirik shahar boʻlganini tasdiqladi. Bu holat “Avesto”da tilga olingan “Gava Sugʻuda” va “Sugʻd” tushunchalari bilan uygʻunlashib ketadiki, buyam hozircha hammasi emas. 2001-yili YUNESKOning Butunjahon merosi obyektlari roʻyxatiga “Samarqand — madaniyatlar chorrahasi” nomi bilan kiritilib, muhofazaga olingan. Qadim kentning oʻtmishiga oid ochilmagan sirlar qanchaligi hozircha yolgʻiz Yaratganning oʻziga ayon...
5
Yer yuzining sayqali — Samarqand uzoq tarixi, goʻzal koʻrk-u tarovati barobarida ajib anʼanalarni oʻz bagʻrida avaylab asrayotgani bilan ham hurmatga sazovor. Misol uchun, tramvay ham bugun mamlakatimizning faqatgina mana shu kentida mavjud. Tramvay yoʻli davlat rahbarining 2017-yilda Samarqandga qilgan tashrifidan soʻng amalga oshirildi. Oʻsha yili shaharning Temir yoʻl vokzali — Sartepa massivi yoʻnalishida tramvay qatnovi yoʻlga qoʻyildi. Koʻp oʻtmay Temir yoʻl vokzali — Siyob dehqon bozori orasida 2-yoʻnalish ochildi. Kelgusida shahar markazidan Kimyogarlar qoʻrgʻonigacha tramvaylar qatnaydigan boʻladi.
Ayni paytda shaharda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki loyihasi asosida olingan 100 ta elektrobus aholiga xizmat koʻrsatmoqda. 2025-2026-yillarda yana 250 ta shunday transport vositasi keltiriladi va shahar toʻliq ekologik toza jamoat transportiga ega boʻladi.
2022-yili shaharning Boʻstonsaroy va Rudakiy koʻchalari kesishmasida tunnel qurilishi katta-yu kichik hammaning dunyo-dunyo quvonchiga sabab boʻldi. Chunki Boʻstonsaroy koʻchasining Siyob kanali ustidan oʻtgan qismi ancha past boʻlib, yogʻingarchilik paytida transport va piyodalar uchun noqulaylik tugʻdirardi. Shu bois yoʻl 23 metrgacha koʻtarilib, eni 31 metr kengaytirildi. Yoʻlning ikki chetiga himoya vositasi, shovqin kamaytiruvchi toʻsiqlar oʻrnatildi. Piyodalar va velosiped yoʻlaklari barpo etildi.
2024-yilda Abu-Dabi taraqqiyot jamgʻarmasining 300 million dollarlik kredit mablagʻi hisobidan Amir Temur va Gagarin koʻchalarida 10 kilometrdan ortiq yoʻl rekonstruksiya qilinib kengaytirildi, piyodalar yoʻlaklari qurildi.
Gagarin va Mirzo Ulugʻbek koʻchalari kesishmasida umumiy uzunligi 440 metr, inshoot uzunligi 44 metr boʻlgan tunnel qurildi.
Ayni paytda Gagarin va Rudakiy koʻchalari kesishmasida yana bir tunnel qurilishi davom etmoqda.
6
Ha, shoirona tashbeh bilan ifodalasak, bugun Samarqandda “chappar urib gullagan bogʻlar” kun sayin, soat sayin koʻpayib bormoqda.
Hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy majmuasining tamomila yangidan bunyod etilayotgani, bu yerda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Hadis ilmi maktabining tashkil etilgani, maqbara maydoni 600 kvadrat metr, balandligi 28 metr etib kengaytirilgani, 10 ming kishiga moʻljallangan masjid bunyod etilgani, majmuaning toʻrt burchagidagi 75 metrlik minoralar unga ilohiy ulugʻvorlik bagʻishlab turgani kimni quvontirmaydi, deysiz.
“Yaqinda Madina shahrida boʻlganimizda paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning siyratlari va islom sivilizatsiyasi muzeyini koʻrdik. Bu yerda ham shunga oʻxshash muzey tashkil etsak, yaxshi boʻlar edi. Unda Imom Buxoriy bobomizning hayoti, ilm yoʻli, oʻsha davr tarixi axborot texnologiyalari orqali koʻrsatiladi. Bular yoshlar, chet ellik sayyohlarning yaqqol tasavvurida qoladi. Muzey xalqimizga yana bir maʼnaviy xazina boʻladi”, degan edi davlatimiz rahbari.
Imom Buxoriy majmuasi chin maʼnoda buyuk maʼnaviyatimizning muazzam ustunlaridan biriga aylanib borayotir.
Bundan tashqari, Hazrati Xizr majmuasida qurilgan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov maqbarasi, Universitet xiyobonidagi Konfutsiy maydoni, shahar koʻchalarini obod qilib turgan koʻpriklar, tunnellar, mehmonxonalar, biznes markazlari, tumanlarda Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya, Indoneziya, Germaniya va boshqa davlatlar bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan qoʻshma korxonalar...
Samarqand jamolini mufassal idrok etmoq uchun, yana ayrim raqamlarga murojaat qilishga toʻgʻri keladi. Diqqat qiling, oʻtgan yili viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 99,9 trillion soʻmga yetdi va avvalgi yildagiga nisbatan 6,9 foizga oʻsib, 52,9 trillion soʻmga koʻpaydi. Aholi jon boshiga hisoblaganda, bu koʻrsatkich 1,9 million soʻmga oshdi.
Sanoat mahsulotlari hajmi — 7,6, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari — 2,7, xizmatlar 14,1, qurilish-pudrat ishlari 11,7 foiz oʻsdi.
Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari hajmi 2023-yilda 7,7 million soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2024-yilda 10,8 million soʻmga yetdi.
Shuningdek, 25,2 mingta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi. 350,4 ming nafar aholining bandligi taʼminlandi.
Ishsizlik 6,6 foizdan 5,4 foizga kamaydi.
Oʻtgan yili 264 ming fuqaro mehnat migratsiyasidan Samarqandga — aziz xonadoniga qaytib keldi.
373,8 kilometr umumfoydalanuvdagi, 2343,1 kilometr ichki, jami 2716,9 kilometr avtomobil yoʻllari taʼmirlandi.
Bular — 2024-yilga mansub raqamlardan parchalar. Raqamlar esa oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi. Yuzlab, minglab mehnatkash odamlarning peshona teri, qalb qoʻri bor ularning jismi-jonida. Hatto, millatning, mamlakatning quvva-yu hofizasini — buguni-yu ertasini raqamlarsiz tasavvur qilish qiyin. “Oʻylab-oʻylab joʻyak olsang, oʻynab-oʻynab sugʻorasan”, “ot minsang, olisni koʻzla”, deyishadi shuning uchun ham mashoyixlar. Viloyat mehnatkashlarining bu yilgi marralari, ayniqsa, baland. Ular yalpi hududiy mahsulot hajmini 112,8 trillion soʻmga, aholi jon boshiga esa 25,9 million soʻmga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 52,7 trillion soʻmga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini 61,6 trillion soʻmga, bozor xizmatlarini 66,7 trillion soʻmga, qurilish-pudrat ishlarini 16,6 trillion soʻmga koʻpaytirishga bel bogʻlaganlar.
Yil oxirigacha ishsizlik darajasi 4,8 foizga kamayishi, “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida kambagʻallik darajasini 3,5 foizga tushirish koʻzda tutilgan.
7
Ajabo, maqola hajmi kattagina boʻlib ketibdi-yu, viloyatda amalga oshirilayotgan katta ishlarning birontasi haqida yolchitib yozolmagandayman, hammasi qolib ketayotganday.
Vaholanki, faqat Nurobod tumanida boshlangan yumushlarning oʻzi har qanday odamning aqlini shoshiradi. 115 gektar maydonda 472 million dollarlik maxsus sanoat zonasi tashkil etilishini bir tasavvur qilib koʻring! Mazkur investitsiya loyihasi amalga oshgach, 1200 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Yoki Qoʻshrabot tumanida xitoylik investorning 40 million dollarlik sarmoyasi hisobidan granit toshi qazib olinib, qayta ishlanishi, bulungʻurlik tadbirkor “in vitro” laboratoriya tashkil etib, kartoshka urugʻi boʻyicha brend yaratishga kirishgani va shu tumanda 100 million dollarlik biofarmatsevtika korxonasi bunyod etish harakati boshlanib ketgani kabilar hazilakam ishlar emas-da, axir!
Kattaqoʻrgʻonda, Narpayda, Paxtachida, Payariqda, Nurobodda qilinayotgan ishlarning ham birontasini tilga ololmadim. Sigʻmadi. Sigʻmas ekan bitta maqolaga. Kichkina irmoqqa sigʻdirib boʻlmas ekan azim daryoni.
Hali koʻplab maqolalar yoziladi, kitoblar bitiladi, kinolar yaratiladi bu daryoi azim Yer yuzining sayqali — Samarqand va samarqandliklar haqida.
Quyidagi misralar yozilajak asarlarning ibtidosi boʻlsa ne ajab:
Qadimdan Yer yuzining sayqalidir Samarqand,
Ulugʻ Turkning muhtasham haykalidir Samarqand.
Vavilon, Afina, Rumoga teng, deydilar,
Bu shohona kentlarning sarvaridir Samarqand.
Muqanna, Sarbadorlar shiddati bor shonida,
Temurbek saltanatin afsaridir Samarqand.
Iskandar, Qutayba-yu Chingizdan shoʻrogacha,
Alplarimning qasoskor xanjaridir Samarqand.
Hurriyat quyoshida nurli choʻgʻlandi yana,
Bugun Evrilishlarning mehvaridir Samarqand.
Hazrat Sohibqirondek bordir aziz siymosi,
Aziz siymo qalbining javharidir Samarqand.
Rom etgaydir kunma-kun yulduz nihon samoni,
Illo, Yer-u samoning gavharidir Samarqand:
Qadimdan Yer yuzining sayqalidir Samarqand…
Abdusaid KOʻCHIMOV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati aʼzosi,
Oʻzbekiston Respublikasida
xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring