Yengilliklarning ayni mavridi

14:21 20 May 2020 Jamiyat
1644 0

Koronavirus pandemiyasi butun xalqlar va millatlar boshiga murakkab bir sinovlar davri boʻlib kirdi. 20-may holatiga koʻra, uni yuqtirganlar soni jahonda qariyb 5 million kishiga yetdi. Vafot etganlar 325 ming nafardan, tuzalganlar esa salkam 2 million kishidan oshdi. Albatta, bu vaziyatda kattami-kichikmi, rivojlanganmi yoki taraqqiy etmaganmi – barcha davlatlariga ham oson boʻlayotgani yoʻq.

Ammo davlatimiz tomonidan karantin choralarini bosqichma-bosqich yumshatish, iqtisodiyotni qayta tiklash harakatlari xalqaro tajribani chuqur oʻrgangan holda, puxta tahlillarga tayanib olib borilayotgani eʼtiborga molikdir.

Ayrim shaxslar ijtimoiy tarmoqlarda kasallik toʻliq tugamadi, bunday yengillashtirish pandemiyaning yangi toʻlqinini hosil qilmaydimi, degan haqli tashvishlar ham bildirmoqda. Javobni ayrim davlatlar misolida qisqacha toʻxtalib oʻtgan holda berish maqsadga muvofiq deb hisoblayman.

Masalan, qoʻshni davlatlarni olib qaraydigan boʻlsak, Qozogʻistonda hozirga qadar kasallik yuqtirgan soni 7 ming kishidan oshdi, qariyb 40 kishi olamdan oʻtdi. Shunga qaramay, Atiray viloyati 20-maydan maktabgacha taʼlim tashkilotlarida navbatchilik guruhlarini tashkil etishga kirishmoqda. Bolani bogʻchaga qabul qilish uchun ota-onasining har ikkisi ishlaydigan boʻlsa, ish joyidan maʼlumotnoma taqdim etiladi. 25-maydan Olmotada 3,1 ming umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi kutilmoqda.

Afgʻonistonda infeksiyaga chalinganlar soni 7500 ga yetib, ularning 180 ga yaqini bu yorugʻ olamni tark etdi. Shunga qaramay, poytaxt Kobulda cheklov choralari yumshatilmoqda.

Tojikistonda bemorlar ikki mingga yaqinlashgan boʻlsa, kunlik oʻsish 200dan ortiqni tashkil etyapti, 43 kishi nobud boʻldi. Hukumat vaziyat ogʻirligini hisobga olib cheklov choralarini yengillashtirish boʻyicha qandaydir qaror qabul qilishga hali erta, deb hisoblamoqda.

Qirgʻiziston Respublikasida kasallikka 1300 ga yaqin fuqaro chalingan boʻlsa, 14 kishi olamdan oʻtdi. Shu kunlarda Oʻshda barcha savdo nuqtalarini 8.00 dan 21.00 gacha ishlashiga ruxsat etildi.

Rossiya Federatsiyasida esa bemorlar soni 300 ming kishiga yetdi, tuzalganlar sakson ming nafardan, afsuski, vafot etganlar 2800 kishidan oshdi. Biroq hozirda butun davlat miqyosida favqulodda holat yoki karantinning yagona tartibi yoʻq. Kecha davlat biznes uchun 75,3 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratdi.

“Rospotrebnadzor” tashkiloti barcha doʻkonlarni ishchilar haroratini nazorat qilgan holda, qoʻlqop va niqoblardan foydalanib, ishlashi mumkinligi boʻyicha aniq tavsiyalar bermoqda. Bunda xaridorlarning ham niqoblardan foydalanishi maqsadga muvofiqligi alohida taʼkidlanmoqda. Prezident V.Putin esa sanitar vrachlar bilan hamkorlikda subyektlar gubernatorlarining oʻzlari cheklov choralarini yengillashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishda masʼullikni zimmasiga olishi kerakligini taʼkidladi.

Belarusda salkam 32 ming kishi kasallandi, 180 nafarga yaqin kishi nobud boʻldi. Kunlik yuqtirishlar soni mingtani tashkil etayotgan boʻlsa-da, biror bir jiddiy cheklov choralari joriy etilmadi. Hukumat kasallik iqtisodiy rivojlanish surʼatlariga taʼsir etmasligi kerak, degan prinsipial tamoyil bilan yashamoqda.

Janubiy Osiyo mintaqasidan Hindistonda kasallanganlar yuz ming nafardan oshib ketdi. Qurbon boʻlganlar esa 3 200 nafarga yetdi. Garchi har kuni 5 mingdan ortiq kishi virusga chalinayotganiga va karantin rejimi 31-mayga qadar uzaytirilgan boʻlsa-da, 18-maydan shtatlararo avtobuslar harakatiga va fuqarolar kirish-chiqishlariga izn berildi. Poytaxt Dehlida avtobus va taksilar faoliyati qayta yoʻlga qoʻyildi. Biroq 1 ta avtobusda 20 dan ortiq kishi, 1 ta taksiga ikki kishidan koʻp odam chiqmasligi belgilandi.

Afrika qitʼasidagi Misr davlatida esa bemorlar 13 ming nafarga yaqinlashgan boʻlsa, olamdan oʻtganlar 650 kishiga yetdi. Hukumat shu vaqtgacha biroz erkin qoʻygan savdo majmualari, jamoat joylari, parklar, muzofotlar oʻrtasidagi harakatlanishni toʻliq yopishga qaror qildi.

Yevropa qitʼasidan Germaniyada 177 ming kishi kasallikni yuqtirib olgan. Ularning 8 ming nafari olamdan oʻtdi. Shunga qaramay, tuzalish koʻrsatkichi nihoyatda yuqori boʻlib, 160 mingga yaqin odam shifo topgan. Hukumat soliq tushumlari yoʻqotishlari oʻrnini qoplash uchun mahalliy organlarga 57 milliard yevro mablagʻ ajratgan.

Hukumat iqtisodiy yoʻqotishlarning oldini olish maqsadida yoz mavsumida barcha ishchilarga mamlakat boʻylab sayyohlik taʼtillarini berishni rejalashtirmoqda. Shu yilning 15-iyunidan esa chegaralarda kirish nazorati yengillashtiriladi.

Kuni-kecha kansler Angela Merkel Butunjahon sogʻliqni saqlash assambleyasi 73-sessiyasida “Koronavirus pandemiyasi YEI tarixidagi eng ogʻir inqiroz hisoblanadi. Bu inqirozni hech bir mamlakat yakka holda hal qila olmasligini, biz hamjihatlikda harakat qilishimiz zarurligi” haqida bayonot berdi. Shu bilan birga Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron bilan suhbat asnosida 500 milliard yevroga teng Yevropa iqtisodiyotini tiklash jamgʻarmasini tuzishni taklif etdi.

Amerika Qoʻshma Shtatlarida kasallanganlar soni 1 million 550 ming kishidan oshdi. Har kuni yigirma mingdan ortiq yangi holat aniqlanmoqda. Qariyb 92 ming kishi olamdan koʻz yumdi. Shunga qaramay, koʻplab shtatlarda endilikda aholi gavjum boʻladigan plyajlar, cherkov va restoranlarni ochmoqda. Ayrim sport turlari boʻyicha musobaqalar ham oʻtkazilmoqda.

Sanitar nazorat boʻyicha boshqarma oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar sifatini qattiq tartibda nazorat qilib bormoqda.

Ushbu faktlardan xulosa qilib aytish mumkinki, Oʻzbekistonda karantin davridagi choralar iqtisodiyotni barqaror rivojlanishini taʼminlashga qaratilgandir. Jumladan, kuni-kecha eʼlon qilingan Prezidentimizning “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bu saʼy-harakatlarning bir qismi boʻlib, juda dolzarb va ayni muddao boʻldi. Hujjatga muvofiq, 500 mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti va 100 mingga yaqin aholiga qoʻshimcha 1,7 trillion soʻmlik koʻmak beriladi.

Kichik tadbirkorlik subyektlari, bozorlar va savdo komplekslari, kinoteatrlar, umumiy ovqatlanish, jamoat transport korxonalari, sport-sogʻlomlashtirish muassasalari, yoʻlovchi tashish, maishiy xizmat koʻrsatish, banketlar oʻtkazish uchun ijaraga berish faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslar joriy yilning 1-iyunidan 1-sentyabrigacha mol-mulk soligʻi va yer soligʻini toʻlashdan ozod etildi.

Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlariga tovarlar, ishlar va xizmatlarni import qilishda qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlash boʻyicha qator imtiyozlar taqdim etilmoqda. Mikrofirma va kichik korxonalarga ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizgacha kamaytirilyapti, qarzdorlikni undirish boʻyicha ham yengilliklar berilmoqda. Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan esa foiz xarajatlarini qoplashga kompensatsiya berish tarzida tadbirkorlikni davlat tomonidan qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash choralari joriy etilmoqda.

Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, endilikda tadbirkorlar faoliyati har bir tuman va shahar kesimida oyma-oy tahlil qilib boriladi. Shuningdek, Biznes-ombudsman tadbirkorlar huquqi va mulk daxlsizligini buzgan tuman va shahar hokimlari toʻgʻrisida hukumatga maʼlumot kiritib boradi. Vazirlar Mahkamasi tadbirkorlar muammosini hal qilmagan, ular bilan yetarli darajada ishlamagan shahar va tuman hokimlarining lavozimga loyiqligi masalasini koʻrib chiqadi.

Albatta, buning mohiyatini tushungan odam tushunadi. Chunki bu imtiyoz va imkoniyatlarning barchasi oxir-oqibat isteʼmolchi yaʼni aholining choʻntagini uylab qilingandir. Toki, soliqlar yuki orqali korxonalar oʻz mahsulot va xizmatlari narxlarini kamaytirsa, hech boʻlmaganda oshib ketishiga yoʻl qoʻymasa,barchamiz uchun koni foyda boʻladi.

Federatsiya tomonidan ayni maqsadda ichki isteʼmol bozorida oziq-ovqat va kundalik ehtiyoj mollari narxlarining asossiz ravishda oshib ketmasligi uchun vakolatli davlat organlariga koʻmaklashish uchun joylarda “Jamoatchilik nazorati” ishchi guruhlari tashkil etildi va unga 600 nafar tajribali mutaxassisi jalb qilindi. Bozor va savdo shoxobchalaridagi narx-navoga oid kunlik maʼlumotlar umumlashtirilgan holda maxsus komissiyaga taqdim etib borilmoqda.

Shuningdek, Federatsiyaning “Mehr ulashamiz” aksiyasi doirasida aholiga 300 ming dona tibbiy niqob, 7000 dona antiseptik vosita, ijtimoiy himoyaga muhtoj 674 oilaga esa oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 200 qop un yetkazib berildi.Federatsiya tizimi xodimlari tashabbusi bilan ularning bir kunlik ish haqi “Mehr-shafqat va salomatlik jamoat fondi”ga oʻtkazildi.

Hurmatli isteʼmolchilar savdo chogʻida ham niqoblar va imkon qadar qoʻlqoplardan foydalanishni, oraliq masofa saqlashni unutmang. Huquqlaringiz buzilganini sezsangiz Federatsiyaning 1091 ishonch telefonlariga qoʻngʻiroq qiling.

Jahongir Sarimsoqov,

Oʻzbekiston istemolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?