Eng muhimi ishonchni yoʻqotmaylik!
Koronavirus tufayli mamlakatimizda eʼlon qilingan karantin holati xalqimiz xavfsiz hayoti uchun koʻrilgan chora, deb qarash kerak. Binobarin, zoʻrman, degan davlatlarda ham xavotirli tadbirlar allaqachon qoʻllandi.
Tarix shohid, odamzod boshiga bu kabi favqulodda tashvishlar qadimda ham, yaqin moziyda ham tushib turgan. Dunyo xalqlari eng xavfli oʻlat, vabo kabi qirgʻinbarotlarni yengib oʻtgan, chora topgan, sabr bilan yenggan. Uzoqqa bormaylik, oʻzimiz ham deyarli “rang-barang” nomda uchraydigan, hushyor boʻlinmasa, kulfat olib kelishi muqarrar gripplarni, tumov-puchqovlarni yengib oʻtyapmiz. Nailoj, yangi nomdagisiga duch keldik. Ahil, hamjihat boʻlsak, ishonch va qatʼiyat bilan milliy qadriyatlarimizga amal qilib, oilamizda, roʻzgʻorimizda sogʻlom turmush tarziga, rasmiy idoralarning tavsiyalariga amal qilsak, tozalik va pokizalikka hushyor qarasak, har qanday illatni muqarrar yenga olamiz.
Lekin baʼzi bir hamyurtlarimiz Bosh vazir oʻtkazgan brifingdan keyin vahimaga tushib, boshqalarning xotirjamligiga ham raxna solayotgani, tahlikani kuchaytirayotgani tashvishlidir. Bu bozorlarga yopirilib, kerak-nokerak tovarlarni zaxira qilishga kirishgani kishini hayron qoldiradi. Brifingda aniq-tiniq aytildi, koʻrilayotgan choralar kasallik tarqalishining oldini olishga qaratilmoqda. Shunday ekan, bu qadar xavotir va vahima nimaga kerak? Qani ishonch va qatʼiyatimiz?!
Birinchidan, vahima koʻtarishga hech bir asos yoʻq. Masala shaxsan Prezidentimiz nazoratida turibdi.
Ikkinchidan, Hukumat bor ahvol, yuzaga kelgan holatni roʻy-rost maʼlum qilmoqda. Jamiyatimizda ochiqlik va shaffoflik mezonga, aʼmolga aylanganini har birimiz anglab turibmiz. Endi sanoqli kasallangan bemorlar haqida gap boryapti, ehtiyot chorasini kuchaytirish uqtirilyapti, xolos.
Uchinchidan, bozorlarga oʻzimizni urib, bor mahsulotni sotib olishga urinib, vahimani kuchaytirishga ne hojat? Oʻzbekistonday Alloh yorlaqagan yurtda oziq-ovqat tugab qoladimi yoki zarurat tovarlar yoʻq boʻlib ketadimi?!
Biz bir haqiqatdan koʻz yummasligimiz kerak, nazarimda. Prezidentimiz rahnamoligida keyingi uch yilda davlat idoralari xalqimizni rozi-rizo qilish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini hamma oʻz koʻzi bilan koʻrib, idrokimiz bilan anglab turibmiz-ku. Shundoq boʻlgach, bugungiday sinov kunlarida kim xalqini tashlab qoʻyadi! Urush olovi ichida qolgan hamyurtlarini, onalari va bolalarini Suriyadek davlatdan eson-omon olib kelib, dunyo jamoatchiligining hayratiga musharraf boʻlgan Hukumat oʻz hududidagi bozorlar toʻxtab qolishiga yoʻl qoʻyadimi?! Koronavirus avjiga chiqqan Xitoydagi, Janubiy Koreyadagi vatandosh oʻgʻil-qizlarini samolyot yuborib, tahlikadagi ota-onalarini xotirjam qila olgan insonlar oʻz xalqining taqdiriga befarq boʻla oladimi?!
Agar aql tarozisiga solsak, oʻzga yurtlardagi mazkur holat qay tarzda hal etilayotgani yoki hal etilmayotganini solishtirsak, asl haqiqat, aniqrogʻi, bor hikmat koʻz oʻngimizda namoyon boʻladi.
Biz faollar, deputatlar, mulohazali tabarruklarimiz xalqimizni tahlikaga tushmaslikka chaqirishimiz kerak. Shunday kunlarda yolgʻon axborotlar tarqatish, mish-mishlar, uydirma aytdi-dedilar chiqarish jinoyat darajasida baholanishi kerak.
Shaxsiy gigiyenaga, berilayotgan tavsiyalarga ishonch bilan rioya qilish har qanday kasallikka, xavfga, xatarga qarshi kuchli irodamizga aylanishi esa hammasidan muhimdir.
Mahmudjon PARPIYEV,
Oliy Majlis Senatining
Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash
masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari
OʻzA, 2020-yil 16-mart
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
- Berlinda Navroʻz: Yangi Oʻzbekiston madaniyatining jahon sahnasidagi munosib taqdimoti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring